O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlar Afinada muhokama etildi
2017-08-25
Mamlakatimizning Afinadagi bosh konsulligida O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi, mustaqil rivojlanish yillari davomida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Gretsiyaning siyosiy, ijtimoiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekistonda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar, mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish va biznes yuritish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, shuningdek, respublikamizdagi hozirgi iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar. Shu o‘rinda yurtimizda xorij sarmoyadorlari uchun yaratilgan sarmoyaviy muhitga alohida urg‘u berildi.
Mamlakatimiz sayyohlik imkoniyatlari xususida so‘z yuritilar ekan, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati tobora ortib borayotgani, sohaning me’yoriy-huquqiy zamini takomillashayotgani hamda dam olish industriyasining infratuzilmasi rivoj topayotgani alohida ta’kidlandi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Gretsiya parlamenti deputati D.Kammenos 2015 yildagi mamlakatimiz bo‘ylab safari haqida to‘xtalar ekan, quyidagi fikrlarini bayon etdi.
- O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlar o‘nligiga kiradi, - dedi u. - Mustaqil rivojlanish yillari mobaynida respublika tarixan qisqa muddat ichida yuz yilga teng bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, deb aytsam sira mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston bugungi kunda jadal rivojlanayotgan davlat hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyoti mustaqillik yillari davomida qariyb 6 barobarga, aholi jon boshiga aniq daromadlar 9 barobarga o‘sgani ham bu fikrning tasdig‘idir.
- O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni gretsiyaliklar katta qiziqish bilan kuzatib borishadi, - dedi “Athens Press” axborot agentligi jurnalisti K.Karamesinis. - Mamlakat erishgan muvaffaqiyatlar, shubhasiz, yuqori bahoga loyiq. Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlaboq mamlakat iqtisodiyotini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash yuzasidan muhim islohotlar amalga oshirib kelmoqda. Yuzaga kelgan jozibali muhit hamda sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar kapital yotqizish hajmlarining o‘sishiga ko‘maklashdi.
O‘z navbatida, gretsiyalik jurnalist K.Saruxas O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida olib borayotgan faol hamkorligiga e’tibor qaratdi.
- Bunday hamkorlik mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi oshishiga ko‘maklashmoqda, - dedi u. – Hozirgi paytda xalqaro institutlar umumbashariy ahamiyatga molik dolzarb masalalarning hal qilinishida respublikaga muhim va ishonchli sherik sifatida qarashmoqda.
Gretsiya Xalqaro munosabatlar instituti direktori A.Andrianopulos fikr bildirganidek, bugungi kunda O‘zbekiston tashqi kreditlar asiri bo‘lmagan kam sonli mamlakatlar sirasiga kiradi. “Bu uning mustaqilligini mustahkamlamoqda. Respublika siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda bosqichma-bosqich islohotlarni hayotga tadbiq etish asnosida to‘g‘ri yo‘lni tanlab oldi”, dedi gretsiyalik ekspert.
Muxtasar qilib aytganda, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida erishgan muvaffaqiyatlari nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa barqarorligining kafolati ekanligi yuzasidan yakdil fikr bildirdilar.