O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sun Litsze: "O‘zbekiston–ulkan imkoniyatlar mamlakati"

2017-08-24

Xitoy O‘zbekistonning ishonchli va faol sheriklaridan. Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda mamlakatimizda elektr va gidroenergetika, neft-gaz, kimyo sanoati, havo va temir yo‘l transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda 60 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq kompaniya va korxonalar faoliyat yuritmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi arafasida O‘zA muxbiri Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbatlashdi. 

– Joriy yilning 12-13-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar bugun qanday amalga oshirilmoqda? 

– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim davlat, Xitoyning mintaqadagi yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari hamisha barqaror va jadal rivojlanib kelgan. 

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga ilk davlat tashrifi bilan bordi va "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etdi. Tashrif katta muvaffaqiyat bilan yakunlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yangi tarixiy bosqichga olib chiqdi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, neft-gaz, transport-kommunikatsiya, turizm, gumanitar va boshqa ko‘p sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi, ko‘plab hujjatlar imzolandi. Xitoy bilan imzolangan hujjatlar soni va salmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro forumda ishtirok etgan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. 

Ushbu tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi boshlab yuborilgan. Xususan, infratuzilmani takomillashtirish, paxtani chuqur qayta ishlash, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda dori-darmon ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi. Iqtisodiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va turizmni rivojlantirish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Xitoy Eksport-import banki va Xitoy davlat taraqqiyot banki energetika, kimyo, irrigatsiya va melioratsiya, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalaridagi istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etmoqda. 

Xitoy O‘zbekistonda erkin va kichik sanoat zonalari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlab, ularda qo‘shma korxonalarni tashkil etishni rag‘batlantiradi. 

Bundan tashqari, Qorako‘l investitsiya blokida gaz konlari infratuzilma obyektlarini jihozlash ishlari boshlab yuborilgan. Angren shina zavodi, PVC ishlab chiqarish majmui, "Do‘stlik" 1, 2 va 3 nasos stansiyalari, Sharg‘un ko‘mir shaxtasi qurilishi bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Shuni alohida qayd etish lozimki, davlatlarimiz rahbarlari uchrashuvida erishilgan kelishuvlar, rejalashtirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz va o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollariga to‘la ishonch bildiramiz. 

– Joriy yilning 14-15-may kunlari Pekinda "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bilan Xitoyning ushbu loyiha doirasidagi hamkorligi istiqbollari haqida o‘z fikringizni bildirsangiz. 

– «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi ikki yo‘nalishda – quruqlik orqali «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» hamda dengiz yo‘llari orqali «XXI asrning dengiz ipak yo‘li» transport koridorlarini tashkil etishga qaratilgan. Bundan asosiy maqsad qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini qayta tiklash asnosida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarning transport infratuzilmalarini birlashtirish, tovar ayirboshlash uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, madaniy aloqalar, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdir. 

Transport kommunikatsiyalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar jalb etish, transport infratuzilmalarini rivojlantirish ishlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pekinda bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» forumidagi ishtiroki barcha sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Bu bizni quvontiradi, albatta. 

O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti va qulay geografik joylashuvi mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli serqirra hamkorlikning yorqin namunasidir. Bu strategik jihatdan muhim obyektlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa, xususan, Xitoy rivojida alohida ahamiyat kasb etadi. 

O‘zbekistonning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasidagi ishtiroki nafaqat ikki tomonlama, balki har tomonlama hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi. Biz o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. 

– 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi haqida fikringiz qanday? 

– Ushbu Strategiya O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. U xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. 

Harakatlar strategiyasi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyat yaratdi. Uning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni asrash, barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Xitoy mamlakatingizda barcha sohalardagi keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishga tayyor. Mamlakatlarimiz bundan keyin ham rivojlanish strategiyasi ruhidagi aloqalarni mustahkamlashda davom etadi, muhim, bir-birini to‘ldiruvchi va ulkan salohiyat mavjud bo‘lgan sohalarda hamkorlikni kuchaytiradi. Shuningdek, tomonlar mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan birgalikda butun mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lidagi sheriklikni kengaytirishga tayyor. 

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘z saytida (www.uza.uz) materiallarni sakkiz tilda, jumladan, xitoy tilida ham joylashtiradi. Berilayotgan axborotlarni kuzatib borasizmi? Xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda OAVning o‘rni qanday? 

– www.uza.uz sayti tezkor va ishonchli rasmiy axborot manbasi hisoblanadi. Unda materiallar sakkiz tilda, jumladan, xitoy tilida ham chop etilishi meni quvontiradi. Xitoy va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida o‘zaro axborot hamda tajriba almashishni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari yuksak darajada ekanligidan dalolatdir. 

Ommaviy axborot vositalari xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda jamiyat hayotida OAV rolini kuchaytirish, jurnalistlar kasb mahoratini oshirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuvda milliy madaniyat, adabiyot va san’atni rivojlantirishning dolzarb masalalari, shuningdek, jamiyat hayotining barcha jabhalarida OAV rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlatingiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zbek xalqining havas qilsa arziydigan buyuk tarixi bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlari bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklari bor. Havas qilsa arziydigan buyuk kelajagi, buyuk adabiyoti va san’ati ham albatta bo‘ladi. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman. Ulkan muvaffaqiyatlar, tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman!

 

Nodira Manzurova, O‘zA

Поделиться