O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekiston davlat mustaqilligining 26 yilligini nishonlamoqda”
2017-07-28
Ana shunday sarlavha ostida Misrning “Al-Ahram” (“Ehrom”) ijtimoiy-siyosiy gazetasi saytida yaqinlashib kelayotgan mamlakatimiz hayotidagi muhim sanaga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Nashr sharhlovchisi Mahmud Saad Diab bu galgi tantanalarning ahamiyatli jihati sifatida bayramning yangi Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida nishonlanishiga e’tibor qaratadi.
Jurnalistning fikriga ko‘ra, o‘tgan 8 oy ichida O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lining yangi bosqichini boshladi: hukumat qarorlarida, mamlakat Konstitutsiyasida belgilangan qoidalarga asosan, demokratiya tamoyillariga amal qilish ko‘rsatkichi o‘sdi, o‘zida mutlaqo yangicha yondashuvni ifoda etgan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Maqolada shuningdek, bugun erishilayotgan muvaffaqiyatlar O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan beshta tamoyilning hayotga tatbiq etilishi natijasi ekani ta’kidlanadi. “Ular mamlakat xalqi sonining ikki baravar ko‘payganiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga nisbatan bir necha bor oshirish imkonini berdi, - deb yozadi M.A.Diab. – Hatto dunyoda kechgan so‘nggi moliyaviy-iqtisodiy inqirozning murakkab paytlarida ham O‘zbekiston na xorijiy, na xalqaro banklarga yordam so‘rab murojaat qilgani yo‘q, aksincha, o‘z ichki imkoniyatlariga tayangan holda iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi, ichki siyosatning kuchli ijtimoiy yo‘nalishini susaytirmaslik imkonini bergan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda davom etdi”.
Misrlik jurnalistning ta’kidlashicha, O‘zbekiston suveren rivojlanishning tarixiy jihatdan juda qisqa bo‘lgan davrida g‘alla mustaqilligiga erisha oldi. “Mamlakatda avtomobilsozlik, qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat va kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va turizm sohalari jadal rivojlanmoqda, - deyiladi maqola yakunida. -Shuningdek, O‘zbekistonda boy madaniy meros – insoniyatga o‘z asarlari bilan dunyo ilm-fani va madaniyatini boyitgan mashhur olimlarni yetkazib bergan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz va boshqa shaharlarda 7 mingga yaqin tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan”.