O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kitob ko‘rgazmasi
2017-06-20
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2761-son qaroriga asosan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z vaqtida kitob shaklida ijrochilarga yetkazilishini ta’minlash maqsadida ixtisoslashtirilgan “Adolat nashriyoti” davlat korxonasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joriy yilning 7-30 iyun kunlari kitob ko‘rgazma savdolarini o‘tkazish tashkillashtirilmoqda. Aynan shunday ko‘rgazmalardan biri Urganch shahrida tashkil etildi.
Tadbir Urganch shahrida joylashgan “Ogahiy” teatri binosidabo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, barcha ta’lim muassasalari xodimlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad qabul qilinayotgan yangi qonunlar, ularga kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini aholiga va ijrochilarga tezkorlik bilan yetkazish, mehnat faoliyatida qonunchilik sohasidagi ushbu o‘zgarishlardan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, kodekslari, kodekslarga sharhlar, Oliy sud Plenumi qarorlari to‘plami, normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamlari, shuningdek “Yuridik adabiyotlar” kitob savdo majmuasida mavjud ijtimoiy-siyosiy, badiiy-publitsistik adabiyotlar, jaxon adabiyoti durdonalari, turli mavzulardagi kitoblar va bolalar adabiyoti o‘rin oldi.
Ushbu yarmarka savdolari davomida davlat tashkilotlari xodimlari bilan bir qatorda fuqarolarning ham faol ishtirok etayotganligini alohida qayd etish zarur.
Yarmarka davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi Farmonining hamda O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarining kitob shaklidagi nusxalari eng qiziqish bilan xarid qilingan yuridik adabiyotlar qatoridan joy oldi. Ushbu adabiyotlar davlat organlari xodimlaridan tashqari yuzlab fuqarolar tomonidan xarid qilinganligi aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyati o‘sayotganligining hamda fuqarolar tomonidan qonunlarga hurmat ruhi kuchayganligining isboti sifatida namoyon bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.