O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyot xodimlari kuni
2015-11-08
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2006-yil 12-sentabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 7-noyabr kuni ushbu sanaga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi O.Go‘zalov va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, aholining sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashda yuksak samaralarga erishilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 1-avgustdagi «2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mamlakatimizda aholiga jahon andozalari darajasida, yuqori tibbiy texnologiyalar vositasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan tortib ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishgacha bo‘lgan bo‘g‘inni qamrab oluvchi mukammal tizim yaratilgan. Natijada aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi uzaydi. Onalar va bolalar o‘limi keskin kamaydi.
Sog‘liqni saqlash tizimida erishilayotgan ulkan yutuqlar xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning "Sog‘lom ona – sog‘lom bola" milliy modeli boshqa mamlakatlarga namuna sifatida tavsiya etilgani bunga yorqin misoldir.
Shifokorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlarining kasb malaka va mahoratini oshirish, sohada erishilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish borasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Qishloq vrachlik punktlari, onalik va bolalikni muhofazalashga ixtisoslashgan shifoxonalar, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, shifokorlar va hamshiralar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli tanlovlar shular jumlasidan.
Tadbirda ushbu tanlovlarning 2015-yildagi g‘oliblari e’lon qilindi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi "Qumqishloq", Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi "Uchtut", Namangan viloyatining Uychi tumanidagi "Xizirobod" qishloq vrachlik punktlari eng namunali birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari, deb topildi.
Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi "Ogohiy" qishloq vrachlik punkti shifokori Feruza Yusupova "Yilning eng faol umumiy amaliyot shifokori", Buxoro tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaci hamshirasi Shahnoza Sattorova "Yilning eng yaxshi patronaj hamshirasi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 4-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Dildora Ahmadjonova "Onalik va bolalikni muhofazalash borasida eng faol tibbiyot xodimi", Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim mudiri Abduhakim Sarimsoqov "Sanitariya-epidemiologiya xizmatining eng faol mutaxassisi", deb topildi.
O‘n to‘rtta tibbiyot muassasasi onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha eng yaxshi shifoxona nominatsiyasi sovrindori bo‘ldi.Jizzax viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ulardan biri.
– Ikki yuz o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot markazimizda bolalarga yuksak texnologiyalar vositasida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, – deydi Jizzax viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Xolida Alimova. – Diagnostika va davolash amaliyotiga jahon tibbiyotining ilg‘or texnologiyalari izchil joriy etilayotgani sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda. Tanlovda bizga bildirilgan ushbu ishonch butun jamoamiz a’zolariga quvonch baxsh etish bilan birga, zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbirida taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova so‘zga chiqdi.