O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy hamda janubiy osiyolik murabbiy va hakamlar uchun xalqaro seminar
2022-11-03
Qitʼamiz sportining nigohi yana poytaxtimizga qaratiladi. Toshkent yana bir muhim tadbirni qabul qilishga hozirlanmoqda. 3-7-noyabr kunlari mamlakatimizda markaziy hamda janubiy osiyolik murabbiy va hakamlar uchun xalqaro seminar tashkil etiladi.
Dzyudo, sport kurashlari, ogʻir atletika, boks va suzish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirda har ikki hududning 14 mamlakatidan 2 nafardan tajribali murabbiy va hakamlari ishtirok etishadi. 300 nafarga yaqin mutaxassisga xalqaro federatsiyalardan jalb etilgan Oʻzbekiston, Kanada, Irlandiya, AQSh, Tailand, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlardan tajribali ekspertlar saboq berishadi. Nazariy darslardan soʻng mutaxassislar olgan bilimlarini amaliy mashgʻulotlarda namoyish etishadi.
Shuningdek, tadbir doirasida Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari targʻibotiga bagʻishlangan “Fun Run” ommaviy yugurish musobaqasi ham boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. 500 nafardan ortiq yoshlar ishtirokida tashkil etiladigan ommaviy sport tadbiriga “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi mezbonlik qiladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi