O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energetika Vazirligi: past uglerodli rivojlanish bo‘yicha konferensiya o‘tkaziladi
2022-09-23
2022-yilning 23-24-sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Jahonda va O‘zbekistonda past uglerodli rivojlanishning yangi ufqlari” xalqaro ilmiy-texnik konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va uning huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Forumning ochilishida ishtirokchilarni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi rahbariyati nomidan qutlash rejalashtirilgan.
Konferensiya majlisida BMTTD va YETTBning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlari rahbariyati tomonidan kam uglerodli rivojlanish masalalari bo‘yicha maʼruzalar tinglanadi.
Forum dasturidan, shuningdek, investorlar va dunyoning yetakchi kompaniyalari taqdimotlari, qayta tiklanuvchi energiya sohasida global va mintaqaviy tajriba almashish ko‘zda tutilgan. Xususan, Texas universiteti (AQSH) Nanotexnologiya instituti vakili yangi avlod quyosh kollektorlarini ishlab chiqarish uchun nanotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ana shunday tajribalar bilan o‘rtoqlashadi.
Ikki kun davom etadigan konferensiya qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi yetakchi mutaxassislarning ilg‘or bilimlarini almashish, kam uglerodli iqtisodiyotda erishilgan yutuqlarni jadallashtirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarning boshlanishi bo‘lishi mumkin bo‘lgan dastlabki kelishuvlarga erishish imkonini beradi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi