O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

2022-07-02

1992-yil 2-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.

Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon O‘zbekistonimizning tom ma’nodagi asl tasvirini ko‘radi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi. Purviqor tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Bu esa o‘xshashi yo‘q diyorimiz maftunkorligiga o‘ziga xos ishoradir. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Ramz markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston», deb yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida Humo qushi va daryolar – kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi – oltin rangida, g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda, lenta – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan.  

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan.

Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat mamlakatimizda maktabgacha ta’lim maskanlari, maktablardanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il-qizlarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan uchun cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Manba: O'zA

Поделиться