O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi

2022-03-29

29-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi boshlanadi.

Ikki tomonlama munosabatlardagi ushbu muhim siyosiy voqea munosabati bilan O‘zbekistonning qardosh Turkiya bilan strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarining eʼtiborga molik bo‘lgan ayrim jihatlariga “Dunyo” AA muxbiri nazar tashladi.

 Uzoq o‘tmishimizdan maʼlumki, O‘zbekiston bilan Turkiyani til va tarix, madaniyat va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan yaqin do‘stlik va qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi.

Mamlakatimizning mustaqil rivojlanishi solnomasiga nazar tashlansa, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlat sifatida tarixda qolganini ko‘rish mumkin. Bu, shubhasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin qardoshlikning yorqin tasdig‘i bo‘lgan edi.

1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya aloqalari 1992-yil 4-mart kuni o‘rnatilib, o‘sha yilning aprel oyida Turkiyaning Toshkentda elchixonasi ochilgan. 1993-yil may oyidan boshlab esa Anqarada O‘zbekiston elchixonasi, 1996-yil oktabr oyidan eʼtiboran Istanbulda bosh konsulxona, 2021-yil mart oyidan Samarqandda Turkiyaning bosh konsulxonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu paytga qadar mamlakatimizdan Turkiyaga, va aksincha, Turkiyada mamlakatimizga ko‘plab oliy darajadagi tashriflar bo‘lib o‘tdi.

2017-yil oktabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko‘taradigan Qo‘shma bayonot imzolangan edi. O‘zbekiston rahbarining 2020-yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga buyurgan tashrifi doirasida esa Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazilishi asnosida o‘zaro aloqalarimiz yana bir yuqori darajani kasb etgan edi.

Yuqoridagilardan tashqari, «Bir makon – bir yo‘l» xalqaro anjumani (2017-yil 14-may, Pekin shahri), Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti (2017-yil 10-sentabr, Ostona shahri), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning 5-sammiti (2019-yil 15-iyun, Dushanbe shahri) va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7- (2019-yil 15-oktabr, Boku shahri) va 8-sammitlari (2021-yil 12-noyabr, Istanbul shahri) doirasida ham ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Shu paytga qadar mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari  o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o‘n davrasi o‘tkazildi. Bundan tashqari, tashqi ishlar vazirlari raisligida Strategiyani rejalashtirish guruhining ikki yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Yana bir muhim jihat. 2019-yil sentabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli aʼzo bo‘ldi. O‘zbekistonning mazkur tashkilotga qo‘shilishini barcha turkiy mamlakatlar, avvalo, Turkiya Respublikasi qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa mamlakatlarimiz uchun yana bir xalqaro tuzilma doirasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

O‘zbek-turk hamkorligining shartnoma-huquqiy asosini O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida doimiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”gi Shartnoma hamda savdo, iqtisodiyot, transport, turizm, madaniyat, shuningdek, terrorizm hamda giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha 123 ta hujjat tashkil etadi. Ulardan 12 tasi davlatlararo, 56 tasi hukumatlararo, 21 tasi idoralararo va 34 tasi esa boshqa yo‘nalishda hamkorlikka doir hujjatlardir.

Turkiya O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadigan yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2021-yili ikki mamlakatning tovar aylanmasi 3,4 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakatimizda Turkiya investitsiyalari ishtirokida 1912 korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 772 tasi qo‘shma korxona bo‘lsa, 1140 tasi 100 foizlik turk kapitali ishtirokida barpo etilgan korxonalardir.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turk hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishi 2021-yil 28-iyunda Toshkent shahrida (hamraislar – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay) o‘tkazildi.

Xuddi shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham tobora ravnaq topmoqda.

Darhaqiqat, oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda muntazam ravishda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etilgani natijalari ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun qulay sharoitlarni yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, qo‘shma kooperatsiya loyihalari va boshqa dasturlarni amalga oshirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda o‘z aksini topmoqda.

Shu o‘rinda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik haqida ham alohida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

Turkiya O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy boy madaniy merosiga katta hurmatni namoyon etadi. Masalan, turk sanʼatkorlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etishadi. 2021-yil 29-oktabrda Istanbulda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Otaturk madaniyat markazining yangi binosi va Beyo‘g‘li madaniyat yo‘lining ochilish marosimida, 12-noyabr kuni esa Kinematografiya agentligi direktori F.Abduholiqov bilan birga “Qo‘rqut ota Turk dunyosi filmlari festivali”da qatnashdi.

Bundan tashqari, «Xiva - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida 2021-yil 3-mart kuni Anqara shahrining Kechio‘ren tumanidagi «Jo‘ka vodiysi» hududida Muhammad al-Xorazmiy haykali, 11 avgustda esa  Nevshehir viloyatining O‘rtahisor tumanida “Xiva bobo” (“Hibe Dede”) yodgorligi majmuasi ochildi.

Xuddi shuningdek, Toshkentda 1997-yilda “Axisxa” turk milliy madaniy markazi, 2003-yilda esa “O‘zbekiston – Turkiya” do‘stlik jamiyati tashkil etilgan.

1993-yildan O‘zbekistonda Turkiya xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) vakolatxonasi faoliyat olib bormoqda. TIKA respublikamizda sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi tizimlarini isloh etish, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 60,15 million AQSH dollaridan ortiq  qiymatga ega bo‘lgan loyihalarni hayotga tadbiq etmoqda. Shuningdek, TIKA ishtirokida Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida suyak iligi transplantatsiyasi Markazi hamda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti huzurida chaqaloqlarni davolashga ixtisoslashgan “Neontologiya palatasi” barpo etilgan.

Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetida “Lingvistika (turk tili)” va “Turizm” mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlari tashkil etilgan bo‘lib, Turkiyadan 4 nafar volontyor o‘qituvchi jalb qilingan. Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi diplomatlari turkshunos talabalar uchun turkum maʼruzalar o‘qishlari anʼanaga aylanib qolgan.

Darhaqiqat, oliy taʼlim sohasidagi o‘zaro hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. 2019-yili Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet, 2020-yili esa Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali tashkil etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yuqorida bayon etilganlar dalil va fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda ishonch bilan qayd etish mumkinki, Turkiya yetakchisining mamlakatimizga ushbu rasmiy tashrifi ham o‘zaro aloqalar ravnaqiga salmoqli turtki bag‘ishlashi asnosida ikki qardosh xalqlarning o‘zaro manfaatli va bardavom hamkorligi solnomasida yangi sahifa ochadi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться