O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi

2021-02-09

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi.

Ulug‘ shoir o‘zining she'riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
 
So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Jumladan, shoir tug‘ilgan qutlug‘ 9 fevral' sanasini har yili adabiyot va ma'rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an'anasi qaror topdi. Ulug‘ so‘z san'atkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
 
Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari o‘rnatilgani, asarlar to‘plami to‘liq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulug‘ bobomizning muazzam me'moriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.
 
Jonajon Vatanimiz «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri — Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
 
Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etish maqsadida: “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. 
Qarorga muvofiq, 2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi.
 
Qarorga ko‘ra:
 
— A.Navoiyning ijodiy merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordeni ta'sis etiladi;
 
— xorijiy davlatlarda saqlanayotgan A.Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralari ko‘riladi;
 
— 2020-2021 yillar davomida A.Navoiyning qo‘lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashri yaratiladi;
 
— A.Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovi e'lon qilinadi;
 
— 2021-yil oxiriga qadar O‘zbekiston Milliy kutubxonasida A.Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi;
 
— Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o‘qitish konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 o‘quv yilidan barcha ta'lim muassasalarida shu asosda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi;
 
— 2021-yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi;
 
— 2021-yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi;
 
— “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Manba: O'zA

Поделиться