O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjuman

2020-03-03

Joriy yilning 3-5 mart kunlari Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjuman o‘tkaziladi.

Bu yil buyuk vatandoshimiz, hadis va fiqh ilmining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan yirik alloma Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1150 yil to‘ladi.
 
Tarixiy manbalarda Markaziy Osiyoda kalom ilmining rivojlanishida Abu Mansur Moturidiyning o‘rni nihoyatda katta bo‘lgani qayd etiladi. Chunki, alloma yashagan davrda, ya'ni IX asrning oxiri va X asrning birinchi yarmida islom dinida turli guruh va firqalar soni ko‘payib ketgan. Natijada imon-e'tiqod masalalarida ko‘plab ixtiloflar kelib chiqqan. Ana shunday vaziyatda Imom Moturidiy dinning asl mohiyatini ochib berish, sof islomiy aqidani saqlab qolish borasida beqiyos ishlarni amalga oshirgan. Hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanafaning ta'limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratgan. Bu maktab tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar islom dinining mohiyatini to‘g‘rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan mo‘min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra 2000-yilda yurtimizda Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlanib, Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida alloma maqbarasi bunyod etildi. Uning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish borasida sa'y-harakatlar boshlandi.
 
Keyingi yillarda yurtimizda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va faoliyatini, ulardan meros qolgan asarlarni o‘rganishga qaratilgan alohida e'tibor tufayli Imom Moturidiy va uning Moturidiya ta'limoti ham keng tadqiq etilmoqda.
 
Bu ishlarning amaliy ifodasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizasiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrning al-Ahzar majmuasi hamkorligida “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etilmoqda.
 
Mazkur nufuzli anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ham zarur chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
 
Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va mazkur majmua atrofida ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Anjumanning asosiy majlisi o‘tkaziladigan Samarqand shahridagi “Forumlar majmuasi” hamda sho‘'ba yig‘ilishlari tashkil etiladigan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi ham konferensiyaga tayyorlanmoqda.
 
Bundan tashqari, dunyoning turli mamlakatlari va xalqaro tashkilotlardan keladigan mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish uchun mehmonxonalar, transport vositalari tanlandi. Mehmonlarga hamrohlik qilish uchun gid-tarjimonlar saralanmoqda.
 
– Mazkur konferensiya Moturidiya ta'limotining tub mazmun-mohiyatini ochib berish, Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish va uning islom sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish kabi ishlar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. – Anjumanda dunyodagi yirik islomshunos olimlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, bizning markazimiz bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan chet eldagi muassasalar xodimlari ishtirok etish istagini bildirgan. Ular bilan birgalikda Moturidiya ta'limotining asosi va uning bugungi kun uchun ahamiyati, alloma asarlarini o‘rganishning holati va oldimizda turgan vazifalar haqida fikrlashib olishni rejalashtirganmiz. Bu yil alloma tavalludiga 1150 yil to‘lishi tufayli ushbu konferensiya bilan cheklanmay, Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarida, markazimiz va Hadis ilmiy maktabida ham bir qator tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazmoqchimiz. Xususan, Imom Abu Mansur Moturidiyning turli yillarda nashr etilgan va qo‘lyozma nusxalari taqdimotlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Yaqinda Turkiyada xizmat safarida bo‘lgan markazimiz xodimlaridan biri Imom Moturidiyning turk olimlari tomonidan turk tiliga tarjima qilingan 18 tomlik “Ta'vilotul Qur'on” asarini olib keldi.
 
G‘.HASANOV

Поделиться