O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namangan Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumiga taraddud ko‘rmoqda

2019-09-13

2019-yil 13-14-sentabr kunlari Namangan viloyatida yana bir yirik anjuman – “XXI asrda tibbiyot va farmatsevtikani rivojlantirishda investitsiya va innovatsiyalarning roli” mavzuidagi Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi o‘tkaziladi.

Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etilayotgan xalqaro forumda viloyat tibbiyoti va farmatsevtika sanoatining salohiyati namoyon etiladi hamda ishlab chiqaruvchilarning ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.

Forumda jahonning 30 dan ortiq davlatidan, xususan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, YAponiya, Ummon, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Hindiston, Misr, Isroil, Singapur, Malayziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Belarus, Bolgariya, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston va Ukrainadan 150 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari va tibbiyot sohasining etuk olimlari qatnashadi.

- O‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli biznes rejalari bo‘yicha viloyatimizga investitsiya kiritish, yangidan-yangi innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiyotda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, farmatsevtika sanoatini taraqqiy ettirish forumning bosh maqsadidir, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Oliy Majlis Senati a’zosi Solijon Mo‘minov.

2019-yil 6-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Namanganda “XXI asrda tibbiyot va farmatsevtikani rivojlantirishda investitsiya va innovatsiyalarning roli” mavzuidagi Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumini o‘tkazish bo‘yicha 721-F-sonli Farmoyishi qabul qilindi.

Forumning tantanali ochilish marosimi 13-sentabr kuni ertalab To‘raqo‘rg‘on shahridagi yangi rekonstruksiya qilingan Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tadi. Forum ochilishida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher SHadmonov hamda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov nutq so‘zlaydi. Qator davlatlarning taniqli olimlari, sarmoyadorlari va mutaxassislari ma’ruzalar bilan chiqadilar.

Kunning ikkinchi yarmida beshta yo‘nalish - endokrinologiya, kardiologiya, jarrohlik, onalik va bolalik muhofazasi hamda farmatsevtika bo‘yicha seksiya yig‘ilishlari boshlanadi. “Qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari: davolash va diagnostikasining zamonaviy usullari”, “Kardiologiya muammolari va yurak – qon tomir kasalliklarining rentgenendovaskulyar jarrohlik va kardiojarrohlik yo‘li bilan davolash”, “Xirurgik xastaliklarning yuqori texnologik davolash va tashxislash usullari”, “Onalik va bolalik sohasida tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati va istiqbollari. Onalik va bolalikda innovatsiyalarning ahamiyati” va “Farmatsevtika tarmog‘i rivojiga innovatsiyalarni tatbiq etish” mavzularida kechadigan seksiya muhokamalarida xorijlik va o‘zbekistonlik taniqli olimlar hamda mutaxassislarning ilmiy ma’ruzalari tinglanadi.

Forum doirasida xorijiy tadbirkorlar bilan farmatsevtikaga oid memorandumlar imzolash tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. SHuningdek, 14-sentabr kuni ertalabdan tibbiyot sohasining taniqli namoyandalari ishtirokida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat perinatal markazida va viloyat kardiologiya markazida hamda “Anamed” va “Oydin shifo” xususiy klinikalarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

14-sentabr kuni soat 9.00 da Rossiya Federatsiyasi Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda Namangan davlat universitetida tashkil etilgan qo‘shma tibbiyot fakultetining ochilish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.

 Mehmonlar viloyatning tarixiy obidalari, yangi barpo etilgan inshootlar va muqaddas qadamjolarni borib ko‘radilar.

Поделиться