O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Registonda yana dunyo taronalari yangraydi

2019-08-26

Samarqand bu yil yana nufuzli sanʼat anjumaniga mezbonlik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-fevraldagi qaroriga koʻra, joriy yilning 26-30-avgust kunlari qadimiy va hamisha navqiron shaharda oʻn ikkinchi bor “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oʻtkaziladi.

Dunyo xalqlari oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, musiqa sanʼati anʼanalarini asrash va rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirishga xizmat qilayotgan ushbu festival nufuzi yil sayin oshib, jahon miqyosidagi yirik madaniy tadbirga aylanmoqda. Shuning uchun ham “Sharq taronalari” YUNESKO shafeligida oʻtkazilib, dunyo xalqlarini sanʼat vositasida yaqinlashtirish, doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, milliy musiqa anʼanalarini asrab-avaylashga yordam bermoqda.
 
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi ijrochi direktori Farhod Joʻrayevning taʼkidlashicha, davlatimiz rahbarining hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga koʻra, bu yilgi festivalga har qachongidan ham yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrilmoqda. Avvalo, festivalni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bir qator yangilik va oʻzgarishlar kiritilib, yangidan qabul qilindi. Nizomga koʻra, “Eng yaxshi ijro uchun” xalqaro koʻrik-tanlov, “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiya, Samarqand shahri va uning atrofidagi tuman, shaharlarda ishtirokchilarning konsert dasturlari, viloyat boʻylab sayohatlar, ijodiy uchrashuvlar va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi. Bu yil tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yoʻnalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda anʼanaviy yoʻlda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qoʻshiq yoʻnalishlarida baholanadi.
 
Ishtirokchilarning chiqishlarini yetti kishidan kam boʻlmagan xalqaro hayʼat baholab boradi. Xalqaro hayʼatga xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, kompozitorlar va bastakorlar, xorijiy davlatlardagi xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlari vakillari taklif etiladi. Yorqin anʼanaviy xususiyatlar, mazmundorlik, yuksak ijro mahorati va sahna madaniyati baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.
 
Festival Gran-pri sohibiga 10 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkita 1-oʻrin, ikkita 2-oʻrin va uchta 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar ham 5 mingdan 2 ming dollargacha pul mukofotini qoʻlga kiritadi. Shuningdek, bu yil “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham gʻoliblar maxsus diplom hamda 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
 
– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yil sentyabr oyida Shahrisabzda xalqaro maqom sanʼati anjumani, joriy yil aprel oyida esa Termiz shahrida xalqaro baxshichilik sanʼati festivali yuksak saviyada oʻtkazildi va bu tadbirlarni har ikki yilda muntazam oʻtkazishga qaror qilindi, – dedi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov. – Mazkur tadbirlarni shu paytgacha yurtimizda tashkil etilgan madaniyat, sanʼat anjumanlaridan mutlaqo farqli tarzda, xalqaro festivallar talablari darajasida, shu bilan birga, xalqimizning boy milliy anʼana va qadriyatlari, madaniyatini namoyon etgan holda oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Ikkala xalqaro festivalda ham yurtimizdagi har bir hududning oʻziga xos qadriyatlari, madaniyati, milliy hunarmandchilik anʼanalarini koʻrsatishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Samarqand viloyati vakillari ham tadbirlarda faol ishtirok etdi va bu biz uchun “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivali oldidan katta maktab boʻldi. Shahrisabz va Termizdagi festivallar jarayonlari, koʻrgazmalar, badiiy jamoalarning chiqishlarini kuzatib, oʻzimizga tegishli xulosalar chiqardik.
 
“Sharq taronalari” festivalining takrorlanmas, oʻziga xos jihatlaridan biri Registon maydonida amfiteatr yaratilishi va ishtirokchilarga shu yerdagi sahnada oʻz dasturlarini namoyish etish imkoniyatining berilishidir. Buni festival qatnashchilarining har biri oʻzgacha hayrat va havas bilan eʼtirof etganini koʻp eshitganmiz. Ayni paytda Registonda sahna oʻrnatilib, tomoshabinlar uchun joy hozirlanmoqda. 15-iyuldan bu yerda festivalning ochilishi marosimi dasturini tayyorlashga kirishiladi. Majmua va uning atrofida obodonlashtirish, Tillakori madrasasining gumbazini restavratsiya qilish ishlari davom etmoqda.
 
Bu yil Registon maydoni atrofida respublikamiz viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakillariga ham oʻz sanʼati, madaniyati va anʼanalarini koʻrsatishlari uchun joy ajratiladi. Ular bu joylarda kichik sahnalar oʻrnatishadi, milliy cholgʻu asboblari, hunarmandlik buyumlari koʻrgazmasini tashkil etadi.
 
Har doimgidek, bu yil ham festivalga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, badiiy jamoalar tanlovda qatnashish bilan birga viloyatning tuman va shaharlaridagi istirohat bogʻlari, amfiteatrlarda oʻz konsert dasturlarini namoyish etadi. Asosiy sahnadagi tanlov jarayonlarini esa viloyat teleradiokompaniyasi orqali, shuningdek, Samarqand shahri koʻchalarida oʻrnatilgan katta monitorlarda toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etish rejalashtirilmoqda.
 
Umuman, ayni paytda festivalga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy ishlar belgilanib, har bir yoʻnalish boʻyicha masʼullar belgilangan. Mehmonlarni kutib olish va mehmonxonalarga joylashtirish, ularga tarjimon, gid-ekskursovod ajratish, sayohatlar tashkil etish, transport xizmati koʻrsatish va boshqa xizmatlar bilan bogʻliq har bir masalaga jiddiy eʼtibor qaratilgan holda tayyorgarlik koʻrilmoqda. “Sharq taronalari” oʻn ikkinchi xalqaro musiqa festivalining har qachongidan oʻzgacha, yuqori saviyada va koʻtarinki ruhda oʻtishi uchun barcha imkoniyat va salohiyat safarbar etilmoqda.
 

 

Gʻ.HASANOV

Поделиться