O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“OGU – 2019” va "Power Uzbekistan – 2019” koʻrgazmalari

2019-05-15

Joriy yilning 15-17 may kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU 2019” yigirma uchinchi va "Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2019” oʻn toʻrtinchi xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtadi.

“Oʻzatom” agentligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida mazkur xalqaro koʻrgazmalarning ahamiyati va uning doirasida tashkil etiladigan konferensiyalar haqida soʻz yuritildi.
 
“Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan va uning “ITE” kompaniyalari guruhidagi hamkorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Oʻzatom” agentligi, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rasmiy koʻmagida tashkil etilayotgan tadbirdan koʻzlangan maqsad energetika, neft-gaz sohalarini rivojlantirish va bu borada xalqaro tajribalar bilan tanishish hamda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
 
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʻrinbosari – “Oʻzatom” agentligi bosh direktori Joʻrabek Mirzamahmudov, “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova va boshqalar bugungi kunda mamlakatimizda yoqilgʻi-energetika sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu tarmoqqa xorij tajribasi va investitsiyalarni jalb qilgan holda yirik loyihalarni amalga tatbiq etishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi. 
 
Bu yilgi anʼanaviy koʻrgazmalar faoliyatining muhim jihati shundaki, unda mamlakatning yoqilgʻi-energetika tarmogʻini jadal innovatsion rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashkil etilgani, oʻz navbatida, vazirlik sohaga doir tashkil etilayotgan tadbirlarni qoʻllab-quvvatlayotgani, xususan, bu yilgi koʻrgazmalar doirasida xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusi bilan chiqmoqda. Demak, bu koʻrgazmalar jahonning eng yirik neft va energetika kompaniyalarining yetakchi mutaxassislari va rahbarlari, davlat muassasalari, xalqaro banklar, uyushmalar, savdo palatalari, xalqaro moliyaviy korporatsiyalar, xususiy kompaniyalar vakillari uchun fikr-munozaralar, taklif va tajribalar maydonini yaratib beradi.
 
– Koʻrgazmalar va konferensiyalar ishida 31 mamlakatning 300 dan ortiq kompaniyasi va 1000 nafar delegat ishtirok etishi kutilmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Oyimxon Bobojonova. – Jumladan, unda Oʻzbekiston, Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Belgiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Vyetnam, Germaniya, Daniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Ispaniya, Qozogʻiston, Kanada, XXR, Koreya Respublikasi kabi davlatlardan vakillar oʻz tajribasini namoyish etadi. Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar xalqaro kompaniyalarning yoqilgʻi-energetika sohasida hamkorlik qilishga boʻlgan qiziqishini kuchaytirmoqda. Bu esa ushbu koʻrgazmalar ekspozitsiyasida yanada yaqqol namoyon boʻladi. Ishtirokchilar “OGU – 2019” ekspozitsiyasi bilan “Oʻzekspomarkaz”ning 1- va 2- pavilyonlarda hamda ”Atrium 1“ zalida tanishsa, 3-pavilyonda ular uchun ”Power Uzbekistan – 2019" xalqaro koʻrgazmasi yangiliklaridan xabardor boʻlish imkoniyati yaratilgan.
 
Taʼkidlanganidek, “OGU – 2019” koʻrgazmasida neft-gaz qazib oluvchi kompaniyalar uchun yetakchi qazib oluvchi, neft-gaz va neft servisi kompaniyalarining eng yangi texnologiyalari, injiniring va dasturiy ishlanmalari namoyish etiladi. Ishtirokchilar orasida Lukoyl, Gazprom, DOW, KNOC, Hyundai Engineering, Eriell, Enter Engineering, Turboden, SOCAR, Air Products, Endress + Hauser, JUMO, KROHNE kabi mahalliy va xalqaro neft-gaz hamjamiyatining yirik ishtirokchilari bor.
 
“Power Uzbekistan – 2019” koʻrgazmasi boʻlimlarida energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, elektrotexnika uskunalari, qayta tiklanuvchi va energiyaning muqobil manbalari, kuch elektronikasi, issiqlik energetikasi uskunalari joy oladi. Unda “Rosatom” davlat korporatsiyasi, General Electric (AQSH) va doimiy ishtirokchilar – CALIK ENERJI, Aksa Jenerator San. A.S (Turkiya), Silovыye Mashinы (Rossiya), CENK (Turkiya), LAMPAR Srl (Italiya) kabi kompaniyalar oʻz
imkoniyatlarini namoyish etadi.
 
Koʻrgazmalar doirasida birinchi kun “Neft-gaz tarmogʻidagi yangi tushuncha – yangi geosiyosat” mavzusiga bagʻishlangan anjuman, ikkinchi kunida esa “Power Uzbekistan – 2019” koʻrgazmasining amaliy dasturidan oʻrin olgan yangi muhim voqea – Oʻzbekistonning xalqaro energetika konferensiyasi boʻlib oʻtadi.
 
Konferensiyada tarmoqning qator masalalari tahlil etilar ekan, unda atom energetikasi, energiyaning qayta tiklanuvchi va muqobil manbalari, energetika xavfsizligi kabi dolzarb mavzular muhokamasiga asosiy eʼtibor qaratiladi.
 
Oʻzbekiston, Avstriya, Belarus, Buyuk Britaniya, Vengriya, Italiya, Qozogʻiston, Rossiya, AQSH, Turkiya, Yaponiya davlatlaridan vakillar ishtirok etadigan nufuzli tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev, “Rosatom” davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachyov, Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning yadro energetikasi departamenti rejalashtirish va iqtisodiyot boʻlimi boshligʻi Inze Eskobar kabi ekspertlar qatnashadi.
 
Shu kuni “Oʻzatom” agentligi binosida “Rosatom” davlat korporatsiyasi koʻmagi bilan Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazini ochilishiga bagʻishlangan rasmiy marosim boʻlib oʻtadi.
 

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA 

Поделиться