O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda keng koʻlamli “Made in Uzbekistan” eksport koʻrgazmasi
2018-11-27
2018-yil 27-30-noyabr kunlari Toshkentdagi “Oʻzekspomarkaz” MKMning 3-4 pavilionlari va 2-atriumida birinchi “Made in Uzbekistan” eksport koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkaziladi. Koʻrgazma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan “Oʻzekspomarkaz” AJ MKM va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Koʻrgazmaning asosiy maqsadi – mahalliy korxonalar tomonidan eksport uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarni namoyish etish, eksport kontraktlari toʻplamlarini oldindan shakllantirish, mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash.
Koʻrgazmada 150dan ortiq mahalliy korxonalar tomonidan tekstil, charm-poyabzal mahsulotlari, gilamlar, meva-sabzavotlar, elektrotexnika va kabel mahsulotlari, avtomobil va qishloq xoʻjaligi texnikasi, metallurgiya, neft-kimyo va boshqa turdagi tayyor mahsulotlar namoyish etiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida sanoat sohasi taraqqiyoti va iqtisodiyotimiz tarmoqlarining eksport salohiyatiga oid qator konferensiyalar boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari, koʻrgazma davomida ishbilarmonlar oʻrtasida ikkitomonlama uchrashuvlar oʻtkazish, shartnomalar tuzish bilan birga yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurish imkoniyatlari mavjud.
Tadbirlarda Yevropa, Markaziy Osiyo, Rossiya, Ukraina, Afgʻoniston, BAA, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSH va boshqa davlatlardan mingdan ziyod xorijiy korxonalar, Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy hamkorlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Koʻrgazma haqida batafsil maʼlumot “madeuz.mft.uz” rasmiy veb-saytida.