O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand shahrida inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi
2018-11-22
Oʻzbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan xalqaro tadbirlar tashkil etiladi. Joriy yilning 22-23-noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtadi. Forumda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qitʼasida joylashgan davlatlarning inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanuvchi institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazidan maʼlum qilishlaricha, forumga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Forum davomida ishtirokchilar sessiyalarga boʻlingan holda tegishli mavzular boʻyicha muloqot olib boradi.Ularda deklaratsiyada nazarda tutilgan meʼyorlar, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarning universalligi, oʻzaro bogʻliqligi, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha majburiyatlarni bajarish sohasidagi yutuqlar va muammolar koʻrib chiqiladi. Inson huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda ijro, vakillik va qonunchilik hokimiyati, sud va inson huquqlari milliy institutlarining roli muhokama qilinadi.
Osiyo forumi yakunlari boʻyicha Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Unda davlatlar tomonidan xalqaro hujjatlarga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish borasida samarali tizim yaratishga oid maqsadlar koʻzda tutiladi.
Osiyo forumi doirasida Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar rahbarlari oʻz mamlakatlaridagi inson huquqlariga oid vaziyatni, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻrtasidagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qiladi.
Forum natijalariga koʻra, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning Toshkentdagi qoʻshma bayonotini qabul qilish ham rejalashtirilgan.
Norgul Abduraimova, OʻzA