O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi

2018-10-09

Shu yilning 9-14 oktyabr kunlari Toshkent va Buxoro shahridagi koʻrgazma zallarida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yiliga bagʻishlab VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi oʻtkaziladi.

Mazkur zamonaviy sanʼat anjumani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”dagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilmoqda. Shu bilan birga, mazkur xalqaro koʻrgazma yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, anʼanalarimizni saqlab qolish va ularni xorijiy mamlakatlar vakillariga keng targʻib etish, shuningdek, zamonaviy sanʼatni rivojlantirishdek maqsadlarni koʻzlashi bilan ham ahamiyatlidir.

Bu yil ijodiy loyiha tadbirlari koʻhna Buxoro shahrida ham tashkil etilishi mazkur rang-barang koʻrgazmalarga ijodkorlar, yosh musavvirlar hamda yurtimizga kelayotgan sayyohlar eʼtiborini tobora koʻproq jalb etish imkonini beradi. Ushbu biyennale istiqlol yillarida milliy tasviriy sanʼatimizni ravnaq toptirish, uning betakror anʼana va maktablarini rivojlantirish, yurtimizdagi musavvirlar, fotoijodkorlar, usta va hunarmandlar, dizayner va haykaltaroshlarning erkin va samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasidagi ezgu saʼy-harakatlarni namoyish va sarhisob etish uchun yana bir qulay imkoniyatdir.

VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi doirasidagi koʻrgazmalar poytaxtimizdagi Markaziy koʻrgazmalar zali, Yoshlar ijod saroyi, Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi hamda Buxoro shahridagi Ark oʻlkashunoslik muzeyi, Sitorai Mohi Xosa saroyi koʻrgazma zallarida boʻlib oʻtadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining matbuot anjumanlari zalida xorijiy mehmonlar ishtirokida Sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda zamonaviy sanʼatning rivojlanishi masalalari boʻyicha maʼruzalar tinglanadi.

Поделиться