O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

2018-07-02

...1992-yil 2-iyul. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi. Xalqimiz o‘zi istagan va tanlagan yo‘l – erkin, ozod va obod, farovon hayot barpo etish yo‘lida yana bir muqaddas timsolga ega bo‘ldi. Bu bilan mamlakatimiz mustaqilligi yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston xalqi o‘z qadr-qimmatini, g‘ururini, tarixi va milliy qadriyatlarini chuqurroq anglay boshladi.

Shundan e’tiboran davlatimiz gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olmoqda.


O‘zbekiston gerbi davlatimiz chegaralarida o‘rnatildi.


Ajdodlarimiz davlat tamg‘asini azaldan muqaddas bilgan. Mahmud Qoshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk» asarida tamg‘ani «podshohning hukmdorlik muhri», deb izohlagan. Sohibqiron Amir Temur tamg‘asida «Kuch – adolatda» yozuvi muhrlangan. Ulug‘ bobomiz saltanat asosini ana shu hikmat asosiga qurgan. Bularning barchasi davlat tamg‘asi xalqimiz hayoti va milliy davlatchilik tariximizda ozodlik, g‘urur-iftixor va or-nomus timsoli bo‘lganidan dalolatdir.


Gerbimizdagi har bir rang, chiziq, belgi chuqur ramziy ma’noga ega. Baland tog‘lar orasidan oqayotgan daryolar – hayot boqiyligi ramzi bo‘lsa, gerbning so‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari rizq-ro‘zimiz butunligini, o‘ng tomonidagi qiyg‘os ochilgan paxta yurtdoshlarimiz qalbi, niyati pokligini, beqiyos boyliklarimizni aks ettiradi.


Gerbning yuqori qismida mamlakatimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Musamman ichidagi yarim oy – qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlaganini bildiradi. Bu timsollar milliy an’ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma’naviyatimiz yuksakligi, iroda va e’tiqodimiz mustahkamligi ramzidir.


Davlatimiz gerbida gullagan vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri zaminimizning serquyoshligiga, xalqimiz intilayotgan nurafshon manzillarga ishoradir.
Gerbning markazidagi qanotlarini keng yoyib turgan Humo qushi qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan. Hazrat Alisher Navoiy «Lisonut-tayr» dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik va ulug‘vorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan.


Davlatimiz gerbining pastki qismida, bayrog‘imizni eslatuvchi chambar bandida zarhal harflar bilan barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan «O‘zbekiston» so‘zi bitilgan.


Barcha davlat ramzlari qatori gerb ham xalqimizning sha’nu shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etadi. U oliy saodat – istiqlolimiz ramzi, o‘zini shu yurt farzandi deb bilgan har bir inson uchun cheksiz faxru iftixor manbaidir.


...Gerbimizni har gal ko‘rganda, uning yuksak ma’no-mazmunidan cheksiz g‘urur tuyamiz. Chunki O‘zbekiston gerbi – davlatimiz suverenitetini ifodalaydigan, xalqimiz or-nomusi va sha’nini mustahkamlaydigan muqaddas timsoldir. Zotan, o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini anglagan xalq o‘z milliy timsollarini hamisha e’zozlaydi, ma’naviyati butun xalqni hech qanday kuch o‘zi tanlagan yo‘ldan chalg‘ita olmaydi.

Поделиться