O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi
2018-04-29
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 2018-yil 29-aprel – 1-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi siyosiy muloqot davomi sifatida Toshkent shahrida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollarini belgilash va rivojlantirishni muhokama qilish rejalashtirilgan. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, global va mintaqaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, tashrif doirasida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida so‘zga chiqadi.
Prezidentlar O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi.
Tashrif dasturidan Turkiya delegatsiyasining Buxoro shahrida bo‘lishi ham o‘rin olgan.
O‘zbekiston – Turkiya muzokaralari yakunida Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va uni jadal rivojlantirish masalalari aks etgan Qo‘shma bayonotni imzolashi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo turli sohalarga oid salmoqli hujjatlar to‘plami hamda qator investitsiya kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.