O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
2017-06-05
Cheksiz koinot uzra o‘zi o‘qi va Quyosh tegrasida aylanayotgan Yer sayyorasini shoir “Salmog‘i Quvaning anoricha bor”, deya ta’rifu tavsif etgan bo‘lsa, uni fazodan turib ko‘rish, kuzatish imkoniga ega bo‘lgan fazogirlar yupqa shishasimon moviy sharga o‘xshashini aytadi. Har ikki qiyoslash holatida ham Yer mehrga, himoyaga muhtoj ekanini his etamiz.
Xalqaro hamjamiyatning e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilishga hamda global ekologik inqirozning oldini olishga qaratish va bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida, 1972 yili 5 iyunda Stokgolm shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekologik masalalarga bag‘ishlangan konferensiyasida Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Shundan buyon har yili dunyoning qator davlatlarida 5 iyun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadi va ushbu sana munosabati bilan turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘ yaratish, obodonlashtirish aksiyalarini o‘tkazib kelinadi.
BMT Bosh assambleyasining 2009 yil 1 mayidagi 63-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyada Yer va uning ekotizimi insoniyatning uyi ekanligi, sayyoramizdagi barcha mamlakatlar va ularda yashayotgan aholi hamda jonzotlarning Yer bilan bog‘liq manfaatlari mushtarakligi, hozirgi va kelgusi avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik ehtiyojlari orasidagi adolatli mutanosiblikka erishish maqsadida ona zamin uyg‘unligini saqlab qolish lozimligi belgilab qo‘yilgan. Chunki texnika va texnologiyat, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrga kelib, butun jahonda globallashuv jarayoni shunday shiddat bilan kechayaptiki, ekologiya muammosi bir mintaqa yoki bir mamlakatgina emas, balki barcha qit’alarga o‘zining ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Dunyo bo‘yicha yiliga qariyb olti million gektar yer cho‘llanishga uchrayotgani, oltmish mingga yaqin o‘simlik, yetti mingdan ortiq hayvon turlari yo‘qolib ketish arafasida turgani ham mavzu dolzarbligidan dalolat beradi. Ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzidagi 7200 million gektar o‘rmondan hozirda 4100 million gektari qolgan, xolos. Har yili atmosferaga o‘rta hisobda 50 million tonna uglevodorod, 260 million tonna oltingugurt oksidi, 2 million tonnadan ortiq chang va kulsimon moddalar chiqariladi. Oqibatda esa ozon qatlamida tuynuklar hosil bo‘lib, ular yil sayin kattalashib borayapti.
Albatta, kishilik jamiyati taraqqiyotining barcha bosqichlarida sayyoramiz tabiiy boyliklari, hayvonot va nabobat olami inson hayotiy faoliyati uchun zarur ehtiyoj manbai bo‘lib kelgan. Ammo tabiiy resurslardan haddan ziyod foydalanish, atrof-muhitga antropogen ta’sirlarning ortishi, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi ekotizimga tahdidlarni yuzaga keltirishi bilan birga, insoniyat hayotiga ham jiddiy xavf tug‘dira boshladi. Buni sayyoramizda inson tomonidan hosil qilingan chiqindi miqdori tabiiy paydo bo‘ladigan miqdorga nisbatan 2 ming barobar ko‘pligi, ayni chog‘da 1 milliard aholi sanitariya me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan ichimlik suvida foydalanayotgani, bugun haydaladigan yerlarning 40 foizdan ortig‘i irrigatsiya va melioratsiya ishlarida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani sababli degradatsiyaga uchrab, ziroatchilik, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun mutlaq yaroqsiz holga keltirilganidan ham anglash mumkin.
Ta’kidlash joizki, xalqimiz azal-azaldan tabiatga, butun borliqqa, undagi hayvonot va nabotot olamiga alohida e’tibor qaratib, tabiiy ne’matlaridan oqilona foydalanishga harakat qilib kelgan. “Daryo bo‘yida yashasang ham suvni isrof qilsa”, degan purma’no so‘zlar bejiz aytilmagan. Daraxt ekish va bog‘ yaratish ham o‘zbekning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadim qadriyatlaridan sanaladi.
Ezgu qadriyatlarimizga hamohang tarzda istiqlol yillarida mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishga, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashga, tabiiy resurslarga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lishga e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50 va 55-moddalarida “Fuqarolar atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”, “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”, deya belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, xalqaro me’yorlarga javob beradigan sohaga oid yigirmadan ortiq qonun va 150 ga yaqin qonunosti huquqiy-normativ hujjatlari hayotga tatbiq etildi. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar ana shular jumlasidandir.
Bugungi kunda milliy ekologik qonunchilikni rivojlantirish barobarida, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi, Taraqqiyot dasturi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha yigirmadan ortiq konvensiya va xalqaro shartnomalarga qo‘shilgani buning tasdig‘idir.
Maftunkor diyorimizda o‘simliklarning 4 yarim mingga yaqin turi o‘sadi. Biologik va landshaft rang-barangligi ham asosiy milliy boyliklarimizdan sanaladi. Umurtqali hayvonlarning faunasi 105 turdagi sut emizuvchilar, 441 turdagi qushlar, 60 turdagi sudralib yuruvchilar, uch turdagi ham suvda, ham quruqlikda yashaydigan jonivorlar va 76 turdagi baliqlarni tashkil etsa, umurtqasizlar faunasi o‘n besh ming turga yetgan.
Betakror tabiatimiz va undagi bioxilma-xillikni to‘liq muhofaza etish, ularni qayta tiklash va ko‘paytirish ishlari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilmoqda. Hozir respublika ahamiyatiga molik 31 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, jumladan, 8 ta davlat qo‘riqxonalari, 2 ta milliy bog‘, 1 ta ekomarkaz, 1 ta biosfera rezervati, 13 ta davlat buyurtmaxonalari, 5 ta tabiat yodgorligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 83 ta mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan muhofaza etiladigan tabiiy xududlar mavjud. Bu hududlarda milliy hamda xalqaro “Qizil kitob”larga kiritilgan 400 turdagi o‘simlik va 181 turdagi hayvonot dunyosi davlat muhofazasiga olingan.