O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIII xalqaro turnir

2017-05-26

Termizda kurash bo‘yicha Prezident sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Shu yilning 26-29-may kunlari Termiz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIII xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. 

Mustaqilligimiz asoschisi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan xalqaro sport turi maqomini olgan kurash dunyo bo‘ylab keng rivojlanmoqda. 

Bugun dunyoning 130 ga yaqin davlatida kurash keng ommalashmoqda. Kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuksak saviyada tashkil etilayotir. Bu musobaqalarda dunyoning barcha qit’asidan polvonlar o‘zbekona kamtarlik va mardonavorlik bilan ta’zim qilib, gilamga chiqmoqda, davra aylanib, kurash tushmoqda. 

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyalari tomonidan kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, uni kelajakda yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. 

2007-2008-yillarda Makao va Vetnamda o‘tgan II va III yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida, 2009-yili Tailandda jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarida, 2013-yili Janubiy Koreyada yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarida, 2014-yili Tailandda va 2016-yili Vetnamda tashkil etilgan Osiyo sohil o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. 

2015-yilning sentabr oyida Osiyo olimpiya kengashining Ashxobod shahrida o‘tkazilgan navbatdagi Bosh assambleyasida kurash 2018-yili Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. 

Termiz shahri mezbonlik qiladigan kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy XIII xalqaro turnirning nufuzi ham jahonaro keng e’tirof etilmoqda. Qator davlatlar polvonlari mazkur turnirda qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasidan ma’lum qilishicha, 1993-yildan buyon har ikki yilda o‘tkazilayotgan turnirda o‘tgan davr mobaynida dunyoning eng nomdor polvonlari kuch sinashgan. 

Joriy yilgi musobaqada 50 davlatdan 150 dan ziyod sportchi va mehmon ishtirok etishi kutilayotgani ham turnirning nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir. Turnir 73, 90 kilogramm va mutlaq vazn toifasida bo‘lib o‘tadi. Turnirning mukofot jamg‘armasi 56 ming dollar bo‘lib, mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 25 000 dollarga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin sohibi 10 000 dollar, ikkita uchinchi o‘rin sohiblari 5000 dollardan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Qolgan vazn toifasidagi g‘olib va sovrindorlarga ham yirik pul mukofotlari ta’sis etilgan. 

 
Bayram Aytmurodov, O‘zA

Поделиться