O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi

2017-04-07

Toshkent shahrida 7-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anvar Nosirov mazkur kengash majlisida Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston tashqi ishlar vazirlari, Moldova, Ozarbayjon va Turkmanistondan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari ishtirok etishini ta’kidladi. Kengash majlisida MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashadi. 

Tashqi ishlar vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi qarorlari asosida ishtirokchi davlatlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha tashqi siyosiy hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi asosiy ijroiya organidir. Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi va bir yilda ikki marta o‘tkaziladi. Joriy yilda Davlat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi oktabr oyida Moskva shahrida, Hukumat rahbarlari yig‘ilishlari esa may oyida Qozon shahrida va noyabr oyida Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadi. 

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining bo‘lajak majlisi kun tartibiga 16 hujjat loyihasi kiritilgan. Ulardan 10 tasi Hamdo‘stlikning Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashiga kiritish uchun tasdiqlanishi rejalashtirilgan. 

Ko‘rib chiqilayotgan hujjatlar loyihalari Hamdo‘stlik mamlakatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratilgan. 

Vazirlar mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, MDH davlatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi. Kengash majlisi doirasida tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi. 

Vazirlar uchrashuvining hujjatlarini birgalikda ishlab chiqish maqsadida 2017-yil 6-aprel kuni ishtirokchi davlatlar va MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillarining Kelishuv majlisi bo‘lib o‘tadi. 

Mazkur tadbirlarda 200 dan ortiq mehmon, shu jumladan, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jurnalistlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

 
O‘zA 

Поделиться