O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Milliy bog‘i va Alisher Navoiy haykali barpo etilgan kun
2016-09-28
O‘zbekiston Milliy bog‘i va Alisher Navoiy haykali barpo etilganiga chorak asr to‘ldi
«...Men ishonamanki, Navoiy haykali, Navoiy bog‘i shahrimizning, diyorimizning eng go‘zal va asosiy ziyoratgohi bo‘lib qoladi.
Bu yer yillar, asrlar davomida katta xalq tantanalari, qariyalarimizga, yosh avlodimizga, xalqimizga malham, ruhiy madad beradigan sevimli va maroqli bir oromgohga aylanadi, degan katta umidim bor.
Bu bog‘ ijod ahli uchun ilhom va kamolot maskaniga aylanib ketsa, ajab emas...».
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bundan yigirma besh yil avval – 1991-yil 28-sentabrda O‘zbekiston Milliy bog‘ining hamda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 550-yilligi munosabati bilan mazkur bog‘da barpo etilgan haykalning tantanali ochilish marosimida aytgan bu so‘zlarni bugun xalqimiz, ayniqsa, ziyolilarimiz katta hayajon va minnatdorlik bilan eslaydi.
Alisher Navoiy yili deb e’lon qilingan 1991-yil yurtimiz, elimiz tarixida qutlug‘ kelgandi. Shu yili xalqimizning asriy orzu-umidlari ushaldi – O‘zbekistonimiz davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.
1991-yili butun respublikamiz bo‘ylab bu qutlug‘ to‘yga katta tayyorgarlik ko‘rildi: quruvchilar to‘rt-besh oyda to‘rt-besh yillik ulkan ishni ado etdi – Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ va buyuk shoirning muazzam haykali qad rostladi; yubiley munosabati bilan esdalik tangalar zarb qilinib, muomalaga chiqarildi...
Xo‘sh, ana shunday g‘oyat murakkab, og‘ir va qaltis bir pallada O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov shuncha siyosiy-iqtisodiy masalalarga yechim topish bilan bir qatorda nega aynan Alisher Navoiy nomini abadiylashtirishga kirishdi? Birinchi Prezidentimiz har soatda, har daqiqada bir muammo yuz berayotgan paytda xalqimizni nega aynan Navoiy ruhini shod qilishga chorladi? Prezidentimizning bir necha bor Alisher Navoiy haykali yasalayotgan ustaxonaga tashrif buyurib, bu borada tavsiyalar berishidan, Milliy bog‘ni barpo qilishu Navoiy haykalini o‘rnatish, hatto monument ustiga milliy me’morlik uslubida gumbaz yopish va unda buyuk shoirning hikmatini mangu muhrlashga qadar e’tibor berishidan murod-maqsad nima edi?
Bugun – oradan chorak asr o‘tib, faqat buyuk insonlar hayotida, aynan Xaloskor qahramonlar faoliyatida namoyon bo‘ladigan bunday murakkab savollarga bir qadar javob topgandekmiz: millat ruhini ko‘tarmasdan, g‘ururini tiklamasdan, xalq ongi-dunyoqarashini o‘zgartirmasdan turib, hayotni o‘zgartirib bo‘lmasdi.
– O‘sha 1991-yil 28-sentabr hayotimdagi eng baxtli kunlardan biri edi, – deb eslaydi O‘zbekiston xalq rassomi B.Jalolov. – O‘shanda hali tong otmay Milliy boqqa odamlar daryodek oqib kela boshladi. Chunki bu to‘y millat bayrami, qadriyatlarimizni yana bir bor ulug‘laydigan qutlug‘ ayyom edi. Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etilganda, odamlar sel bo‘lib tinglagani hozir ham ko‘z oldimda. O‘zbek urf-odatiga ko‘ra, xalqqa osh tortildi. So‘ng sayl boshlandi. Alisher Navoiy haykali ochilganda ulug‘ bobokalonimizning nuroniy chehrasiga boqib, ko‘ziga yosh olganlar qancha bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning nutqini hayajon bilan tinglaganimiz... Bilasizmi, o‘sha kuni xalqimizning katta yo‘lga chiqib olishi, mustaqilligimizni mustahkamlash uchun juda zalvorli qadam qo‘yilgan. Shular qatorida shaxsan men ijodimda asl milliy yo‘lni o‘zim uchun belgilab olganman.
...Milliy bog‘ bag‘rida hassasiga tayanib, sizga o‘ychan boqib turgan Alisher Navoiy haykali tomon borarkansiz, majnuntollar buyuk shoirga salom berib turgandek tuyuladi. Yashillik ko‘ngilni to‘liqtiradi. Savlatli daraxtlar mutafakkir atrofini ihota qilib turgandek. Monumentni ishlashda sakkiz qirra elementidan ko‘p foydalanilgani ham diqqatni tortadi. Bu – milliy jipslik ramzi. So‘ng gumbazga boshdan do‘ppi tushguday qaraymiz, o‘qiymiz:
Insoniyatni bir-biriga do‘st-hamroh bo‘lishga chorlagan Alisher Navoiy ham, shoirning shuncha baytu g‘azali orasidan aynan shu hikmatni tanlab, o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida naqshinnigor ettirgan Islom Karimov ham bir umr yagona buyuk umumbashariy g‘oya-maqsad – tinchlik uchun kurashdi. Shu ulug‘ yo‘lda o‘zlarini ayamadi, qachon va qayerda xalqimiz uchun biror xavf paydo bo‘lsa, ko‘ksilarini qalqon qildi.
– Ko‘p o‘ylayman: nima uchun Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillik asosini, milliy g‘oya o‘zagini aynan Alisher Navoiy merosiga bog‘ladi? Nazarimda, ularning orzu-umidlari mushtarak bo‘lgan, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov. – Bu ikki tarixiy shaxs insoniy g‘oyalar ijodkori, ilm-fan, madaniyat va ijod homiysi, xalqparvar, mamlakat ravnaqi uchun kurashchi sifatida insoniyat tarixidan mangu joy olishga munosib. Alisher Navoiy bir umr o‘zbek tilining dunyoda o‘z o‘rnini topishi yo‘lida kurashgan. Islom Karimov ham O‘zbekiston rahbari bo‘lgach, dastlabki qilgan buyuk ishlaridan biri – o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish bo‘ldi. Qarangki, Yurtboshimizning so‘nggi ulug‘ islohotlaridan biri ham millat ruhi – ona tilimiz va adabiyotimizni taraqqiy ettirishga xizmat qiladigan alohida universitet tashkil etishga oid bo‘ldi. Bugun biz aynan Alisher Navoiy orzu qilgan, Islom Karimovning ulug‘ kurashi hosilasi bo‘lgan osoyishta hayot, obod turmush, yuksak ma’naviyat va taraqqiyotdan bahramandmiz. Bu kunlarning yanada ziyoda bo‘lishiga, bu buyuk ishlarning munosib davom etishiga hissa qo‘shish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Ha, mustaqillik silsilasida Alisher Navoiy ijodi ma’naviyat, did va e’tiqod falsafasi sifatida qadr va e’zoz topmoqda: Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal, 10 jildlik to‘la asarlar to‘plami nashr etildi, ular ta’limning barcha bo‘g‘inida o‘rganilmoqda. Yurtimiz viloyatlaridan biriga, mamlakatimizning asosiy kutubxonasiga, teatrlar, oliy ta’lim muassasasi, qator mahallalar, ko‘chalaru xiyobonlarga ulug‘ bobomizning nomi berilgan. Adabiyotga, ijodkor ma’naviy merosiga bunday yuksak hurmat-e’tiborni dunyoning boshqa mamlakatlarida uchratish qiyin.
Ayni vaqtda ko‘plab xorij mamlakatlarida shoir asarlari turli tillarda nashr etilmoqda, badiiy va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Tokio, Moskva, Boku kabi shaharlarda Navoiy bobomizning muazzam haykallari qad rostlab turibdi. Merkuriy planetasidagi kraterlardan biri ham buyuk mutafakkir nomi bilan ataladi. Bularning barchasi ulug‘ shoir asarlari nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun insoniyatning ma’naviy merosi ekanidan dalolatdir.
...Milliy bog‘ va u yerdagi Alisher Navoiy haykali hamisha ziyoratchilar bilan gavjum.
– Har safar Toshkentga kelsam, Navoiy boboni ziyorat qilmay ketmayman, bugun ham, mana, nevaram Irodaxonga shoir bobosini bir ko‘rsatay, deb olib keldim, – deydi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi «Zarabog‘» qishloq vrachlik punkti hamshirasi Gulandom Saidova. – Shu boqqa kelsam, qandaydir bir ruhiy quvvat olaman, ko‘nglim taskin topadi. Har gal shunday anvoyi gullaru ko‘rkam daraxtlarni parvarish qilib, saranjom-sarishtalikni saqlayotganlarga rahmat aytaman.
Tonggi ziyoratdan ortga qaytarkanmiz, borlig‘imizda bir ruhiy tozarishni his qilganday bo‘lamiz. Beixtiyor o‘sha tarixiy kun – 1991-yil 28-sentabrda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytgan buyuk da’vat ong-qalbimizda jarang sochganday bo‘ladi: «...butun xalqimizni doim birdamlikka, bir-biriga hamnafas va hamdard bo‘lishga chaqirgan ulug‘ bobokalonimiz siymosi oldida, kelinglar, bir-birimizga so‘z beraylik: ozodlik va Istiqlol yo‘lida, bu ezgu niyatlarni hayotimizga amaliy tatbiq etishda bir jon, bir tan bo‘laylik! Hech qachon tanlagan yo‘limizdan qaytmaylik! Agar xalqimiz jipslashsa, xohish-irodamiz bir bo‘lsa, bizlarni hech qanday kuch yengolmaydi!..».