2016-04-26
Istiqlolga erishganimizdan so‘ng ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz singari Amir Temurning ham muborak nomi, boy merosi tiklandi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1996-yili Amir Temur tavalludining 660-yilligi keng nishonlandi. Mazkur sana munosabati bilan o‘sha yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e’lon qilindi. Ta’sis etilgan Amir Temur ordeni yurtimizda Sohibqiron siymosiga ko‘rsatilayotgan chuqur hurmat va e’tiborning ifodasidir.
Amir Temur tariximizdagi eng buyuk, eng yorqin siymolardan biri sifatida xalqimizning milliy iftixori ramziga aylangan. Uning hayoti va faoliyati mardlik, jasurlik va fidoyilik namunasi sifatida ibrat, avlodlarga qoldirgan boy merosi xalqimizning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotida muhim dasturilamal bo‘lib kelmoqda. Sohibqiron rahnamoligida bunyod etilgan betakror obidalar, osori-atiqalar buyuk bobomizga xos kuch-qudrat, yaratuvchanlik va boqiylik timsoli bo‘lib kelayotir.
Orden markazida Sohibqironning ot ustidagi ulug‘vor qiyofasi aks ettirilgan, tasvir ostida bobomiz hayotda qat’iy amal qilgan shior – “Kuch – adolatda” so‘zlari bitilgan. Bobokalonimizning hayotiy e’tiqodi teran aks etgan bu hikmat bugungi kunda davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatning ham tub mazmun-mohiyatini ifodalaydi.
Amir Temur ordeni bilan davlatchiligimizni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, me’morlikni, ilm-fan, adabiyot va san’atni, shu jumladan, harbiy mahoratni rivojlantirishga, davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, mamlakatimiz fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanadi.
Fuqarolar bilan bir qatorda, ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy bo‘linmalar, mamlakatimizning ma’muriy-hududiy birliklari ham ushbu orden bilan mukofotlanishi mumkin.
1996-yil 28-avgustda bobokalonimizning 660-yillik yubileyi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan Samarqand va Shahrisabz shaharlari, 2014-yil 22-avgustda Termiz shahri Amir Temur ordeni bilan mukofotlandi.
Mustaqillik yillarida qutlug‘ to‘ylari nishonlangan bu shaharlar yanada chiroy ochdi. Me’moriy obidalar, muqaddas qadamjolar obodonlashtirilib, fayzli ziyoratgohlarga aylantirildi. Yangi, zamonaviy uy-joylar, ta’lim, madaniyat muassasalari, yo‘lu ko‘priklar bunyod etildi, bog‘-rog‘lar yaratildi. Bunday ezgu ishlar ko‘lami yanada kengayib borayotir.
2004-yilning 13-iyul kuni yurtimiz tarixida ilk bor o‘zbek o‘g‘loni – Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Shaxmatchimizning bu yuksak g‘alabasi munosib baholandi – Prezidentimiz farmoniga binoan Rustam Qosimjonov Amir Temur ordeni bilan taqdirlandi. Bu Sohibqirondan meros yuksak aql-zakovat bugungi avlodlar tomirida yashayotgani, istiqlol yaratgan imkoniyatlardan kuch-quvvat olib, o‘zini namoyon etayotganining go‘zal ifodasidir.
Bu yil mamlakatimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligi keng nishonlanmoqda. Zero, asrlar o‘tsa-da, ulug‘ sarkardaning Vatan, xalq oldidagi ulkan xizmatlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Uning ulug‘vor, pokiza siymosi barchamizni yangidan-yangi zafarlarga, ulkan yutuqlarga undovchi kuch-qudrat manbai, buyuklik, hurlik va mangulik timsoli bo‘lib qolaveradi.