O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Butunjahon Yer kuni

2016-04-22

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 22 aprel — Butunjahon Yer kuni sifatida e’lon qilingan bo‘lib, mazkur sana dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘ziga xos tarzda nishonlab kelinmoqda.

Sir emas, hozirgi kunda sayyoramiz aholisining soni oshib borishi barobarida, atrof-muhit va tabiiy boyliklarga antropogen ta’sirning ortishi, o‘rmonlarning kesilishi, ekinzorlarga noto‘g‘ri ishlov berish kabi omillar ona-tabiatga jiddiy zarar keltirayapti. Cho‘llanish jarayoni tezlashib, har yili 25 million gektar yer sahroga aylanayotir.

O‘zbekistonda 4,28 mln. gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari mavjud bo‘lib, uning 2,5 mln. gektarga yaqini turli darajada sho‘rlangan. O‘z-o‘zidan ayonki, yer resurslaridan oqilona foydalanish, melioratsiya ishlarini yanada yaxshilash, agrar sohaga innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 

Albatta, yurtimizda shu maqsadda qator chora-tadbirlar olib borilayapti. Bu borada yaratilgan huquqiy poydevor, xususan, Konstitutsiyamiz va uning asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda boshqa tegishli qonunlar yer va yer resurslarini muhofaza qilish samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.

Istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda bozor munosabatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan islohotlar natijasida yer uchastkalariga nisbatan xususiy mulk huquqi joriy etila boshlandi. Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning yerga nisbatan xususiy mulk huquqini belgilovchi qonunchilik tizimini takomillashtirishga qaratildi. 

Qayd etganimizdek, yerga bo‘lgan munosabat, avvalo, Asosiy Qonunimizda o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, Yer kodeksining 79-moddasida yer muhofazasi qoidalari yanada -mustahkamlangan. Unga ko‘ra, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlari tomonidan yer muhofazasi qoidalariga og‘ishmay rioya etilishi nazorat qilinadi. Bundan tashqari, Kodeksning 84-moddasida yer nazoratini amalga oshirishda jamoat tashkilotlari davlat organlariga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekologik nazorat sohasidagi vakolatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning ekologik nazorat sohasidagi huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan. Bu yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish sohasiga ham taalluqlidir. Ayni paytda mazkur qonun hujjatlaridagi qoida va normalarni ro‘yobga chiqarish ishlari izchil bajarilmoqda. 

Mamlakatimizda o‘tgan asrning 90-yillarida jon boshiga o‘rtacha 0,20 gektar sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2010 yilda 0,15 gektarni tashkil etdi. Tahlillarga qaraganda, 2030 yilga borib, aholi soni o‘sishi hisobiga jon boshiga 0,12 gektar sug‘oriladigan yer maydoni to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yerdan oqilona foydalanish hamda uni muhofaza qilish ishlarini yanada jadallashtirish vazifalarini kun tartibiga qo‘yadi. 

Yurtimiz qishloq xo‘jaligida mulkchilik shakli o‘zgarib, yer o‘zining haqiqiy egasi — dehqon va fermerlarga berilgani ham ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha aniq maqsadli sa’y-harakatlarga zamin yaratmoqda. 

2013 — 2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturi doirasida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha amaliyotga joriy etilayotgan kompleks chora-tadbirlar ekin maydonlarining unumdorlik darajasini sezilarli ravishda oshirayapti. O‘tgan davrda 1 million 700 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati barqarorlashgani, sizot suvlari eng og‘ir darajada, ya’ni 2 metrgacha yuzada joylashgan yerlar qariyb 500 ming gektar kamaygani, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan yerlar esa 100 ming gektar yoki 12 foiz qisqargani, melioratsiya tadbirlari o‘tkazilgan ekin maydonlarida paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 2-3 sentner, boshoqli don ekinlari esa 3-4 sentner ko‘paygani buning yaqqol dalilidir. 

Prezidentimiz mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida yer hamda suv resurslaridan samarali foydalanish joriy yil va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning prinsipial muhim yo‘nalishi ekanini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning samaradorligini, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish rizq-ro‘zimiz manbai — yer unumdorligi bilan uzviy bog‘liq. Boshqacha aytganda, yerdan to‘g‘ri hamda oqilona foydalanish, saxovatli zaminimizga ziyon yetkazmay, uni salbiy ta’sirlardan muhofaza qilish doimiy e’tibor va nazoratni, izchil yondashuvni taqozo etadi.

Поделиться