O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Vatanga qasamyod” monumenti ochilgan kun

2016-01-12

Mustaqillik yillarida Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz mudofaa tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Natijada jangovarligi, taktik mahorati jihatidan hech kimdan kam bo‘lmagan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllandi.

Bugun harbiy xizmat nafaqat burch, balki sadoqat, matonat va jasorat maktabi, milliy armiyamiz esa mamlakatimiz hududiy yaxlitligi va xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolatidir.

Prezidentimiz Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan «Vatanga qasamyod» monumenti el-yurtimizning Vatan himoyachilariga chuqur hurmat-ehtiromi, muhabbatining ifodasidir. Bu go‘zal majmuada askar davlatimiz bayrog‘ini ko‘ziga surtib, Vatan himoyasi uchun doimo tayyorligini bildirib, tiz cho‘kib qasamyod qilayotir. Uning yelkasi uzra mard va jasur o‘g‘lonni bag‘rida avaylab o‘stirgan Vatan timsoli – munis va mo‘tabar ona harbiy xizmatga otlangan farzandini duo qilib, unga oq yo‘l tilamoqda.

Biz oriyat va g‘ururni hamma narsadan ustun qo‘yadigan, lafzi halollikni sharaf deb biladigan, bir so‘zli xalqmiz. Shunday ekan, farzandlarimiz – Vatan himoyachilarining qasamyod qabul qilish marosimi shunchaki rasmiy tadbir emas. Bu asl o‘g‘lonlarimiz, mard va jasur yigitlarning o‘z xalqiga, Vataniga, Prezidentiga, ota-onasiga berayotgan va’dasi, lafzidir.

"Vatanga qasamyod" monumenti poyidan gulchambarlar arimaydi. Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan bu yerga tashrif buyuruvchilar safi yanada ko‘paygan. Ular orasida yigitlik burchini o‘tayotgan askaru ofitserlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, umumta’lim maktablari, litsey va kollejlar o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, ota-onalar, poytaxtimiz mehmonlarini ko‘rish mumkin.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2012-yilda "O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Komila Karomova. – Bu mamlakatimizning uzoq yillarga mo‘ljallangan tashqi siyosat strategiyasini belgilab beruvchi muhim siyosiy hujjatdir. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tinchliksevar siyosat olib boradi: hech qanday harbiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet davlatlar harbiy bazalarini joylashtirmaydi, mamlakatimiz harbiy xizmatchilarining chet ellardagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

– “Vatanga qasamyod” monumenti poyiga gul qo‘yar ekanmiz, bizda ham haykalda tasvirlangan jasur askarday yurt himoyachisi bo‘lish istagi paydo bo‘ldi, – deydi poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 277-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shohrux Mahmudov. – Kelgusida jonajon Vatanimiz koriga yaraydigan, jismonan va ma’nan barkamol inson bo‘lishga va’da beramiz.

Prezidentimiz Islom Karimov “Vatanga qasamyod” monumenti ochilishiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, “...bugun hammamizga ayon bo‘lishi kerak – armiyamizning kuchiga kuch qo‘shadigan, vaqti kelganda, hal qiluvchi omilga aylanadigan qudratli bir vosita borki, uning nomi – harbiylarimizning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligi, ularning baquvvat iroda, faol hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lishi, eng muhimi, kim uchun va nima uchun harbiy burchini ado etayotganini chuqur anglashi va tushunishi demakdir”.

“Vatanga qasamyod” monumenti yoshlarimizni ona yurtga mehr-muhabbat, sadoqat, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, uni himoya qilish mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas va sharafli burchidir.

Поделиться