The Government portal of the
Republic of Uzbekistan

Archive
2024
Calendar

Events

Mo Tu We Th Fr Sa Su
New on the portal
  • New page "Open Government" Detail>>>
  • Added widget FAQs Detail>>>
  • Added a list of government agencies in the Karakalpak language Detail>>>
  • Helplines of ministries and agencies Detail>>>
  • Government portal in Karakalpak language Detail>>>

Muzeyga keluvchilar soni ortmoqda

2019-02-28 | Culture

Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan oʻzligimizni anglashga, oʻtmishdan ibrat olib yashashga undaydi.

Xoʻsh, bugun ana shu maskanlarga aholi, ayniqsa, yoshlar tashrif buyuryaptimi? Muzeylarda sayyohlar uchun qanday shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan? Ana shu savollarga javob topish maqsadida Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida boʻldik.
 
Bahor nafasi ufurib turgan qishning soʻnggi kunlarida muzey binosiga kiriboq, bu yer tashrif buyuruvchilar, asosan, yoshlar bilan gavjum ekaniga guvoh boʻldik.
 
– Tariximizni bilsin, xalqimiz oʻtmishi haqidagi tasavvurlari boyisin, deb farzandlarimni ushbu muzeyga olib keldim, – deydi Jalaquduq tumanidagi 30-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Hamroxon Mamatqulova. – Toʻrt yil avval oʻquvchilarimni olib kelganimda bugungiday sharoitlar yoʻq edi. Qisqa vaqtda katta oʻzgarishlar boʻlibdi. Eksponatlar joylashuvi, umuman, muzeydagi oʻziga xos muhit kishi ruhiyatiga boshqacha taʼsir qiladi. Farzandlarimdagi hayrat va qiziqish menga ham koʻchdi.
 
Darhaqiqat, muzey oʻtgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Bu ishlar uchun qariyb 500 million soʻm mablagʻ sarflandi.
 
Ayni paytda 110 mingdan ziyod eksponat saqlanayotgan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida “Jomeʼ meʼmoriy obidasi", “Bobur uy-muzeyi”, “Choʻlpon yodgorlik muzeyi”, “Qalʼa yodgorlik majmuasi” boʻlimlari hamda Paxtaobod tumanida “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat koʻrsatmoqda.
 
Muzeyning “Jomeʼ meʼmoriy obidasi" boʻlimida joylashgan adabiyot va sanʼat galereyasida tariximizga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qoʻlyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy sanʼatiga oid noyob asarlar, buyumlar oʻrin olgan. XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) meʼmoriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga, “Qalʼa” meʼmoriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Choʻlpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida oʻzbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda.
 
– Muzeyimizni bundan uch-toʻrt yil avval yiliga 40-45 ming kishi tomosha qilgan boʻlsa, 2018 yilda 80 mingdan ortiq odam tashrif buyurdi, – deydi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Ixtiyorjon Rasulov. – Jumladan, 400 nafarga yaqin xorijlik sayyoh ham muzey eksponatlari bilan tanishdi.
 
Bundan tashqari, yaxshi koʻrinishi uchun har bir eksponatga yoritish chirogʻi oʻrnatildi. Xorijiy sayyohlar uchun suvenirlar sotiladigan doʻkon faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Internetdan erkin foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida muzey hududida Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bu kabi qulayliklar muzeyga tashrif buyuruvchilar oqimi ortishiga xizmat qilmoqda.
 
Aholi, ayniqsa, yoshlarning muzeyga tashrifini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Tabiatdan saboq olib yashaylik”, “Yurtimda bahor nafasi”, “Oʻzbekiston – jannatmakon diyor”, “Tol beshikdan boshlangan dunyo”, “Andijon qoʻgʻirchoqlar maktabi” “Tasvirlarda ayol timsoli” singari oʻnlab tasviriy va xalq amaliy sanʼati asarlari koʻrgazmalari oʻtkazildi.
 
Viloyat kasb-hunar taʼlimi hamda xalq taʼlimi boshqarmalari bilan hamkorlikda oʻquvchi-yoshlarning muzeyga muntazam kelib turishini taʼminlash boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, yuqori sinflarda adabiyot, tasviriy sanʼat hamda tarix fanlari darslari bir yilda bir marta bevosita muzeyning tegishli boʻlimlarida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan.
 
Muzey maʼmuriyatining Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda qoʻshma ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etilib, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Qoʻshtepa” arxeologik yodgorligida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Natijada yurtimizning qadim oʻtmishiga oid 5 mingga yaqin sopol buyumlar, turli osori-atiqalar topildi. Ular muzey fondiga topshirilib, “Koʻxna zamin durdonalari” koʻrgazmasi doirasida keng jamoatchilikka namoyish etildi.
 
Ayni paytda ana shu topilmalar arxeolog va tarixchi olimlar hamkorligida ilmiy jihatdan oʻrganilmoqda.
 
– Muzeyimizda turli davrlarga oid 1,5 mingdan ortiq qoʻlyozma saqlanmoqda, – deydi qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni saqlash sektori mudiri Gʻanijon Qosimov. – Mutaxassislar ularning ilmiy-tarixiy ahamiyatini oʻrganmoqda. Muzey eksponatlarining elektron katalogini yaratish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.
 

Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA muxbiri

Поделиться