O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farovonlik – taraqqiyot va bunyodkorlik samarasi

2015-02-26 | Iqtisodiyot

Bugun qay bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, gap amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari va ularning ulkan samaralariga borib taqaladi. Hayotida, ongu tafakkurida ro'y bergan o'zgarishlar, turmush tarzi tobora yuksalib borayotgani to'g'risida o'zi, oilasi, mahallasi misolida g'urur bilan so'zlaydi.

Darhaqiqat, istiqlol bergan imkoniyatlar tufayli taraqqiyotning "o'zbek modeli" asosida yuksak marralarni zabt etayotgan xalqimiz yutuqlari salmog'i tobora oshmoqda. Shaharu qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etib, turmushimiz kun sayin obod va farovon bo'lib borayotir.

Bularning barchasi yurtimizda inson manfaatlari yo'lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi sifatida har birimizga g'urur-iftixor bag'ishlaydi. Tarixan qisqa muddatda erishgan beqiyos yutuq va marralarimiz jahon miqyosida keng e'tirof topdi. Sobiq tuzum davrida bizni bilmaganlar, biz haqimizda eshitmaganlar ham bugun yurtimizga kelib, tobora yuksalib borayotgan iqtisodiyotimiz, farovon turmushimizga havas qilmoqda, ilg'or tajribalarimizni, o'zimizga xos va o'zimizga mos mustaqil taraqqiyot yo'limizni qiziqib o'rganayotir.

Muazzam shaharlar tarovati

Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo'lgani kabi Marg'ilon, Qo'qon va Farg'ona shaharlari ham tanib bo'lmas darajada o'zgardi. Buni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki diyorimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar tilidan eshitish g'oyat maroqli.

Marg'ilon – qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati va ma'rifati bilan azaldan shuhrat qozongan shaharlarimizdan. Davlatimiz rahbarining "Marg'ilon deganda, betakror tabiati, bog'-rog'lari, kamalakdek serjilo atlaslari, o'zligimiz ramziga aylanib ketgan rang-barang do'ppilari bilan yetti iqlimga mashhur bo'lgan go'zal bir makon ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi", degan so'zlari bu zaminga berilgan haqqoniy va yuksak bahodir. 2007-yilda Marg'ilon shahrining 2000-yilligi keng nishonlandi. Pirsiddiq majmuasi, Ulug'mozor ziyoratgohi, Jahon otin Uvaysiy maqbarasi va muzeyi, Said Ahmad Xo'ja Eshon madrasa binosi kabi tarixiy-madaniy yodgorliklar tubdan qayta ta'mirlandi. Ko'plab yangi inshootlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Qo'qon va Farg'ona shaharlarida ham ilgari misli ko'rilmagan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bugun ushbu muazzam shaharlarning keng va ravon ko'chalari bo'ylab kezar ekansiz, bir-biridan ko'rkam inshootlar, turar joy binolari, aholi dam olish maskanlari zamonaviy shaharsozlikning noyob usullarini ko'z-ko'z qilayotgandek go'yo.

Qo'qon shahridagi O'rda maydoni bino bo'lgandan buyon bugungidek tarovat, bugungidek fayzni ko'rmagan bo'lsa kerak. Ozodlik xiyoboni va O'rda maydoni qo'shilib, yaxlit betakror me'moriy ansambl vujudga keldi. Bu yerda shaxmat-shashka klubi, bouling markazi, bolalar xiyoboni kabi zamonaviy uyg'unlikda barpo etilgan inshootlar qad rostladi. O'ziga xos me'moriy yechimga ega Jome' majmuasi esa nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik sayyohlarning ham hayratiga sabab bo'lmoqda. Chorsu, Kimyogarlar maydonlari, Turkiston, Alisher Navoiy ko'chalari, Temiryo'l shohbekati hududlarida amalga oshirilgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari qadimiy Ho'qandi latifni chinakam go'zal shaharga aylantirdi.

– Ko'rsang ko'zni quvnatadigan bugungi obodlik, mehnatsevarlik, bunyodkorlik mahsulidir, – deydi "Nuroniy" jamg'armasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Mamlakatimizda ushbu ezgu an'analarni davom ettirish, har bir shaharu qishloqni so'lim va obod maskanga aylantirish, odamlarning farovon turmush kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga doimiy e'tibor qaratilmoqda. Bunday ulug'vor bunyodkorlik ishlari vaqtni ham shoshirib qo'ymoqda. Viloyat markazini bir ko'ring. Qisqa muddatda shunday ishlar bajarilishiga ishonging kelmaydi. Tinchlik-osoyishtalik bor joyda, olijanob maqsadlarni ko'zlagan xalq mana shunday buyuk ishlarga qodir bo'ladi.

Iqtisodiy barqarorlik omili

Ko'plab davlatlar jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan hali-hamon aziyat chekayotgan bir paytda O'zbekistonimizda barcha sohalarda yuksalish, taraqqiyot kuzatilmoqda, odamlarning turmush farovonligi muttasil o'sib bormoqda. O'zbekiston bir paytlardagi qoloq agrar respublikadan sanoati jadal rivojlanayotgan, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan zamonaviy davlatga aylandi. Jumladan, Farg'ona viloyatining sanoat imkoniyatlari ham misli ko'rilmagan darajada o'sdi. Viloyat markazidan tortib, eng olis qishloqlarda ham zamonaviy korxonalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari barpo etildi. Muhtasham sport va madaniyat inshootlari qad rostladi.

Bugungi kunda viloyatda xorijiy investorlar ishtirokida yuzdan ziyod korxona ishlab turibdi. Birgina o'tgan yilning o'zida chet el sarmoyasi ishtirokida 16 korxona tashkil etildi. Oxirgi yillarda viloyatga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 8,6 trillion so'mdan oshib, 2014-yilda bu ko'rsatkich qariyb 2 trillion so'mni tashkil etdi. Hozirgi kunda viloyat bo'yicha ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining to'rtdan bir qismi shu korxonalar hissasiga to'g'ri kelmoqda.

Bular oddiy raqamlar emas. Shu raqamlar ortida qanday olijanob maqsadlar, ezgu amallar va xalqimizning bunyodkorlik salohiyati mujassam. Axir, raqamlar o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi-ku, uning zamirida qancha mehnatu bebaho vaqt, qancha mablag' yotgani va eng muhimi, odamlar turmush farovonligi yuksalib borayotgani aks etmaydimi? Bu raqamlar ilgari hududning sanoat imkoniyatiyu odamlarning hayot darajasi qanday bo'lganini bugungisi bilan taqqoslash, xulosa chiqarish imkonini beradi.

Bugun eng chekka hududlarda ham o'ziga xos ishlab chiqarish salohiyati paydo bo'ldi. Masalan, bir paytlar Dang'ara tumanida qo'shma korxona tugul tuzukroq sanoat korxonasi ham bo'lmagan. Hozir tumanda bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan shug'ullanayotgan yuzdan ziyod korxona faoliyat ko'rsatmoqda. O'ndan ziyod korxona tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar eksportga yo'naltirilayotir. Dang'araliklar eksport bo'yicha Marg'ilon va Qo'qon shaharlari sanoatchilaridan ham o'tib ketgani ko'p narsani anglatadi.

Farg'ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2014-yilda 154,4 million dollar miqdorida investitsiya o'zlashtirilib, 550 ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etildi.

Mustaqillik yillarida yengil sanoat tarmog'iga 500 million AQSh dollaridan ziyod xorijiy sarmoya jalb etildi. Xususan, Qo'qon shahridagi "Indorama Qo'qon tekstil" O'zbekiston – Singapur qo'shma korxonasida 2010-2014-yillarda ip-kalava ishlab chiqarishni kengaytirish ishlariga 100 million dollarga yaqin investitsiya o'zlashtirilishi hisobidan yiliga 16,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, mingga yaqin yangi ish o'rni yaratildi.

– O'zbekistonda chet ellik investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi "Indorama Qo'qon tekstil" qo'shma korxonasi direktori Deyepak Rena. – Anchadan buyon bu yerdagi o'zgarishlarni, yangilanishlarni kuzatib boraman. Yurtingizdagi tinchlik-osoyishtalik, odamlar yuzidagi ko'tarinki kayfiyat, ertangi kunga ishonch, kun sayin chiroy ochib borayotgan shahar va qishloqlarni ko'rish kishiga zavq bag'ishlaydi. Iqtisodiy barqarorlik bizni yangi loyihalarni amalga oshirishga undaydi.

Hayot zavqi

Farg'ona viloyatida namunaviy loyihalar asosida qurilgan zamonaviy massivlar, obod mahallalar tobora ko'payib bormoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2009-yil 3-avgustdagi "Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko'lamini kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori muhim dasturilamal bo'layotir.

2009-2014-yillarda viloyatda 3 ming 802 ana shunday zamonaviy uy-joylar barpo etilib, o'z egalariga topshirildi. Yangi massivlarda yuzga yaqin ijtimoiy obyektlar qad rostladi, qanchadan-qancha yo'l va ko'priklar, bolalar sporti inshootlari, madaniyat maskanlari barpo etildi.

– Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda, – deydi "Qishloq qurilish invest" ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasining viloyat filiali direktori Bahodir Abdullayev. – Jumladan, 1 ming 19 namunaviy uy-joy bunyod etilib, foydalanishga topshiriladi. Ayni paytda tender tanlovlari yakunlanib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Darhaqiqat, ezgu tashabbus yangi marralar sari yo'l ochadi. Mazkur harakat mamlakatimizda inson manfaatlari hamisha ustuvor ekanidan dalolat. Zero, xalqimiz, xususan, qishloq aholisining munosib turmush kechirishini ta'minlash yo'lidagi islohotlardan ko'zlangan pirovard maqsad ham, avvalo, inson omili bilan chambarchas bog'liq.

2014-yilda Farg'ona tumanidagi Cheksho'ra, Ilg'or, Mindonbod-2 massivlarida namunaviy loyihalar asosida 399 yangi uy-joy bunyod etildi. Yangi uylardagi sharoit shaharnikidan aslo qolishmaydi. Ta'lim va tibbiyot muassasalari, savdo hamda servis shoxobchalari, ko'rkam xiyobonu sport maydonchalari aholi xizmatida. Viloyatning o'zida tayyorlangan pishiq g'isht, sifatli qurilish materiallaridan tiklangan bu uylar, turli imoratlar zamonaviy shaharni eslatadi. Asfalt yotqizilgan ravon yo'l bo'ylab ko'rkam inshootlar bir tekis qad rostlagan. "Obod turmush" deb nomlangan bu ko'chaga barchaning havasi keladi.

– O'tgan yil oilamiz uchun juda quvonchli bo'ldi, – deydi yangi uy sohiblaridan biri Azizbek Soyibnazarov. – Bu yerdagi sharoitlardan boshimiz ko'kka yetdi. Yangi uyda yashay boshlagach, ro'zg'orimizga yanada fayz kirdi. Yillab, ne mashaqqatlar bilan imorat solganlarni ko'rganmiz. Hali u, hali bu sabab ustalar ortidan yugurib yurganlarining guvohi bo'lganmiz. Shunda ham, goh u, goh bu yerida kamchilik chiqaverar, umrimiz loy qorishu devor ko'tarish bilan o'tardi. Bizga esa tayyor uyning kalitini tutqazishdi. Xonadondagi sharoitu qulayliklardan ayolim ham, farzandlarimiz ham nihoyatda xursand. Hayotning haqiqiy zavqi shu emasmi, aslida?

Muxtasar aytganda, bugungi kunda viloyat ahli yurt taraqqiyoti yo'lida o'zaro hamjihatlikda hayot kechirmoqda. Ularni ezgu ishlar, xayrli tashabbuslar sari ruhlantirib turgan eng ulug'vor maqsad – bu Vatanimizni yanada obod, turmushimizni bundan-da farovon etishdir!

Поделиться