O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida

2017-03-28 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keyingi yillarda respublikaning faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlari va savdo majmualari hududlarida bir qator qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi tufayli sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, sanitariya holatini yaxshilash, jamoat tartibini saqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishildi. 

Shu bilan birga, joriy vaziyatning tahlili olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari va normalari, gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmaganligini, shuningdek, bozor hududlariga yaqin masofalarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun muayyan noqulayliklar tug‘dirayotganligini ko‘rsatdi. 

Dehqon bozorlarining mamlakat iqtisodiyotidagi, aholining kundalik hayotidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, savdoni tashkil etish sohasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati ko‘rsatishning ilg‘or tajribasi va yuksak madaniyatini keng targ‘ib qilish va izchil joriy etish, mavjud dehqon bozorlarini sharqona va milliy me’morchilik an’analarini hisobga olgan holda zamonaviy savdo majmualari tarzida mukammal rekonstruksiya qilish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan respublika hududlari bo‘yicha aholi sonini, mavjud dehqon bozorlarining aholi punktlariga nisbatan joylashuv masofasini hisobga olgan holda to‘rt tipdagi gipermarket, supermarket va minimarketlar ko‘rinishidagi, shuningdek, ularga tutash maydonlarda barpo etiladigan sendvich-panellardan keng foydalanilgan yengil konstruksiyali, vaqtinchalik yig‘ma pavilyonlardan iborat zamonaviy savdo majmualarining (keyingi o‘rinlarda zamonaviy savdo majmualari deb ataladi) namunaviy loyihalari ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar: 

2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq; 

2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq; 

2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini amalga oshirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi hududiy ishchi komissiyalarning namunaviy tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Respublika komissiyasiga (Z.Mirzayev): 

Dastur sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda 2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlari hududida quriladigan zamonaviy savdo majmualarini manzilli joylashtirish; 

Dasturning bajarilishi to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berish vazifalari yuklansin. 

4. Respublika komissiyasi (Z.Mirzayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha mavjud dehqon bozorlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin; 

xatlov natijalariga ko‘ra dehqon bozorlarining keyingi samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tegishli amaliy takliflarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari – hududiy ishchi komissiyalarning raislari: 

2017-yil 1-maygacha Respublika komissiyasi bilan kelishgan holda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualarini qurish ishlarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlar aniqlanishini; 

dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlari barcha shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilgan holda amalga oshirilishini hamda obyektlarning Dasturda nazarda tutilgan muddatlarda foydalanishga topshirilishini; 

barcha manfaatdor tashkilotlar tomonidan Dasturni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, zarur ruxsatnomalar (kelishishlar) olishga doir ishlar va tartibotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlasinlar. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (B.Zokirov): 

yangi zamonaviy savdo majmualarining ishlab chiqilgan namunaviy loyihalari o‘z vaqtida davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini; 

loyihalash institutlarini biriktirib qo‘yish orqali belgilangan tartibda yangi zamonaviy savdo majmualari amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga, sanitariya qoidalari hamda normalariga, gigiyenik normativlarga so‘zsiz rioya etilgan holda, fuqarolar xavfsizligini va obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash talablariga va tasdiqlangan namunaviy loyihalarga qat’iy muvofiq holda qurilishi ustidan tegishli arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini; 

zamonaviy savdo majmualarini loyihalashtirish va loyihaning umumiy qiymatini shakllantirish jarayonida maqbul loyiha yechimlarini qo‘llash yuzasidan qo‘yiladigan talablarga, ularda barcha infratuzilma obyektlari (shu jumladan, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, hududni obodonlashtirish va boshqalar) joylashtirilishiga, xavfsizlik talablariga (kuzatuv kameralari o‘rnatilishiga) to‘liq rioya etilishi ustidan tizimli nazorat amalga oshirilishini ta’minlasin. 

7. "O‘zagrosanoatloyiha" MChJ Dasturni amalga oshirish doirasida respublika shaharlari va qishloq joylarida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib belgilansin. 

8. 2017-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan zamonaviy savdo majmualari obyektlari bo‘yicha qurilish va loyihalashtirish ishlarini bir vaqtning o‘zida olib borishga istisno tariqasida ruxsat etilsin. 

9. Quyidagilar: 

respublikaning qishloq joylaridagi dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdo majmualari qurilishiga – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining mablag‘lari, shaharlarda esa – tadbirkorlik subyektlarining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining kreditlari; 

shaharlar va qishloq joylardagi dehqon bozorlari hududida quriladigan savdo majmualariga tutash maydonlarda barpo etiladigan sendvich-panellardan keng foydalanilgan yengil konstruksiyali, vaqtinchalik yig‘ma pavilyonlar qurilishiga – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining mablag‘lari; 

savdo majmualariga tutash hududlarni obodonlashtirish hamda avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonlari (avtoturargohlar)ni tashkil etish tadbirlarini amalga oshirishga – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda tadbirkorlik subyektlari mablag‘lari 2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin. 

10. Belgilab qo‘yilsinki: 

zamonaviy savdo majmualarining qurilishi tadbirkorlik subyektlari va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil qilinadigan Bozorlar qurilishi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya deb ataladi) tomonidan keyinchalik qurilishi tugallangan zamonaviy savdo majmualarini tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda sotish sharti bilan amalga oshiriladi; 

respublika hududlarida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish bo‘yicha pudrat tashkilotlarini tanlash Direksiya tomonidan amalga oshiriladi. 

11. Zamonaviy savdo majmualari qurilishi bilan bog‘liq xarajatlarni optimallashtirish maqsadida 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda: 

Direksiya – zamonaviy savdo majmualarini qurish uchun berilgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i, shu jumladan, bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat bojlari va yig‘imlar, qurilishi tugallangan zamonaviy savdo majmualarini belgilangan tartibda sotishdan olingan daromadlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar to‘lashdan; 

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, zamonaviy savdo majmualari qurilishiga sendvich-panellar yetkazib beradigan tashkilotlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga, tijorat banklariga Dasturni amalga oshirish doirasida: 

savdo majmualari kurilishi uchun tadbirkorlik subyektlariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizlarda kamida 5-yil muddatga va asosiy qarzni qaytarish bo‘yicha kamida 1-yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishini ta’minlash; 

tijorat banklariga nisbatan bir tarmoq tashkilotlariga beriladigan kreditlarning eng yuqori ulushiga doir belgilangan cheklovlar hamda tijorat banklarining boshqa tashkilotlarning ustav kapitallarida ishtiroki yuzasidan cheklovlar qo‘llamaslik tavsiya etilsin. 

13. Belgilab qo‘yilsinki: 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ishtirokida sendvich-panellardan, yig‘ma yengil konstruksiyalardan keng foydalanilgan holda barpo etilgan savdo pavilyonlarini o‘z ichiga olgan dehqon bozorlarining ustav fondida belgilangan tartibda 51 foizdan kam bo‘lmagan davlat ulushi saqlab qolinadi; 

Direksiya tomonidan dehqon bozorlari hududida yig‘ma konstruksiyali vaqtinchalik savdo pavilyonlarini qurishga sarflangan mablag‘lar zamonaviy savdo majmualari loyiha qiymatiga kiritilmaydi. Bunda Direksiya zarurat bo‘lganda yengil konstruksiyali vaqtinchalik savdo pavilyonlarini buzish va boshqa joyga ko‘chirish huquqiga ega bo‘ladi. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tomonidan zamonaviy savdo majmualari loyihalarini ishlab chiqishda fuqarolar xavfsizligi hamda yong‘in xavfsizligi talablari ta’minlanishi, videokuzatuv kameralari hamda favqulodda vaziyatlar haqida fuqarolarga xabar berish tizimi bilan jihozlanishi, ayniqsa, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetarli bo‘lishi, jamoat, shaxsiy va avariya-qutqaruv avtotransport vositalari erkin harakatlanishi uchun yo‘llar zarur sifatga ega bo‘lishi ustidan nazorat o‘rnatilishini; 

qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga topshirishdan oldin ularda xavfsizlikni ta’minlashni nazarda tutuvchi amaliy-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazilishini va keyinchalik bunday tadbirlar har chorakda bir marta o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasinlar. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AJ buyurtmachi hamda loyihalash tashkilotining asoslangan hisob-kitoblariga binoan dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish uchun tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha metall prokati va sement ajratilishini ta’minlasinlar. 

16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek, ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta’minlasinlar. 

17. 2017-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq: 

dehqon bozorlariga tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari ushbu dehqon bozorlari tarkibiga o‘tkaziladi va keyinchalik ular faoliyatidan tushgan pul tushumlari dehqon bozorlarining soliq solinadigan daromadlari tarkibiga kiritiladi hamda ushbu mablag‘larning 50 foizi mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi; 

50 ta va undan ortiq savdo o‘rinlari mavjud bo‘lgan barcha dehqon bozorlarida, shuningdek, dehqon bozorlariga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida bir martalik yig‘imning yig‘ilishi davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan nazorat qilinishi ta’minlangan holda faqat bank tizimi orqali undirilishini avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish majburiy tartibda joriy qilinadi. 

18. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi dehqon bozorlari hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati va yong‘in xavfsizligi davlat xizmatining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi turg‘un postlari tashkil etilishini, bozorlarda sanitariya, moliyaviy intizomga rioya etilishi, yong‘in xavfsizligi holati uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar biriktirilishini, shuningdek, ularning faoliyati tashkil etilishini belgilangan tartibda ta’minlasinlar. 

19. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi masalaga aloqador vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda dehqon bozorlarida va zamonaviy savdo majmualarida oziq-ovqatlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini samarali tashkil etish va ularning qoshida savdo-xarid korxonalari tashkil qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin. 

20. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

21. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017 yil 27-mart 

 

* * *
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2019-yillar 
davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning 
hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini 
tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga 
 
SHARH 


Davlatimiz mustaqilligi davrida dehqon bozorlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xaridorlar va sotuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublikaning yirik sanoat shaharlari va qishloq tumanlari markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bozorlar hududlarini obodonlashtirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. 

Keyingi 5-yilda Toshkent shahrida va hududlarda 17 ta dehqon bozori mukammal rekonstruksiya qilindi. Xususan, Toshkent shahridagi "Oloy" va "Mirobod" bozorlari to‘liq buzib tashlandi va ularning o‘rnida an’anaviy sharq bezagi elementlaridan foydalanilgan yangi zamonaviy dehqon bozorlari barpo etildi. 

Bundan tashqari, ayrim shaharlarda, viloyatlar va yirik tuman markazlarida ham dehqon bozorlarini buzib tashlash, qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, ularning o‘rnida barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga hamda sotuvchilar va xaridorlar uchun qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy obod bozor majmualari barpo etildi. 

Shu bilan bir qatorda, olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmaganligi, shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarining yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tug‘dirmoqda. 

Hozirgi vaqtda faoliyat ko‘rsatayotgan 328 ta dehqon bozorini har tomonlama tanqidiy tahlil qilish: 

bozorlarning 70 foizidan ortig‘ining (231) moddiy-texnika bazasi savdoni tashkil etishning zamonaviy talablariga (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, savdo rastalari, obodonlashtirish, avtomobillar to‘xtash joylari va boshqalar) javob bermasligini; 

tumanlardagi qishloq aholi punktlarida joylashgan bozorlarning 20 foizidan ortig‘i (59) haftada faqat bir kun va zarar ko‘rib ishlashini; 

bozorlarning 90 foizidan ortig‘i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko‘rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta’mirlashni talab etishini; 

respublika qishloq tumanlari aholisi amalda bozorlarda zamonaviy to‘lov tizimlaridan (plastik kartochkalardan) foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlarini sotib olish imkoniyatiga ega emasligini, aholiga savdo xizmatlari ko‘rsatish darajasi ham zamonaviy talablarga javob bermasligini ko‘rsatdi. 

Dehqon bozorlarining asosiy qismi katta hududlarni egallaydi, ko‘pincha aholi uchun iste’mol tovarlarining eng zarur turlari sotuvda bo‘lmaydi. 

Ushbu barcha omillar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularni yanada rivojlantirish strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. 

Dehqon bozorlarining me’moriy qiyofasini yaxshilash va zamonaviy savdo-bozor infratuzilmasini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilishni davom ettirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: 

bozorlar sonini va ular egallab turgan maydonlarni maqbullashtirish; 

bozorlar hududida mijozlarga sifatli servis xizmati ko‘rsatishni tashkil etgan holda oziq-ovqat va iste’mol tovarlari bilan savdo qilishga mo‘ljallangan zamonaviy savdo majmualari qurish; 

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladigan bozorlarni rekonstruksiya qilish, sendvich-panellardan keng foydalanilgan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan savdo pavilyonlari barpo etishni va zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi qulay shart-sharoitlar yaratish. 

Qaror bilan dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan: 

birinchi – dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdoning barcha talablariga javob beradigan 3 qavatli gipermarketlar (9), 2 qavatli supermarketlar (28), 1 qavatli supermarketlar (126) va minimarketlar (79), shuningdek, ularga tutash hududlarda avtomobillarga mo‘ljallangan avtoturargohlar barpo etish; 

ikkinchi – sendvich-panellardan keng foydalangan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan savdo pavilyonlari qurish; 

uchinchi – 59 ta samarasiz va zarar ko‘rib ishlayotgan dehqon bozorlarini optimallashtirish, keyinchalik ularning hududida zamonaviy savdo va oziq-ovqat obyektlari qurish. 

Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, quyidagilar loyihalarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi: 

respublikaning qishloq tumanlaridagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga – “O‘zmilliybank” mablag‘lari; 

yirik shaharlardagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga – birinchi navbatda tadbirkorlar mablag‘lari hisobiga, shu jumladan, tijorat banklarining kamida 5-yil muddatga beriladigan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshirilmaydigan stavka bo‘yicha kredit mablag‘lari; 

respublikaning shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlari hududida quriladigan savdo majmualarining yonida tashkil etiladigan sendvich-panellardan keng foydalaniladigan yengil konstruksiyali savdo pavilyonlarini tashkil etishda – “O‘zmilliybank” mablag‘lari. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Dasturni amalga oshirishga jami 746 milliard so‘m, shundan 631,5 milliard so‘m “O‘zmilliybank” mablag‘lari va 81,5 milliard so‘m tadbirkorlik subyektlarining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining imtiyozli kredit resurslari jalb etiladi. 

Eng muhimi, respublikaning qishloq tumanlarida faoliyat ko‘rsatib turgan dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan 3 ta 3 qavatli gipermarket, 21 ta 2 qavatli va 116 ta 1 qavatli supermarket hamda 63 ta minimarket qurilishi “O‘zmilliybank” tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, joylardagi moliyaviy barqaror tadbirkorlarga xususiy mulk sifatida sotilishi ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, respublika shaharlarida quriladigan 6 ta zamonaviy gipermarket, 17 ta supermarket hamda 16 ta minimarket qurilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar hokimliklari tomonidan tavsiya etilgan moliyaviy barqaror bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. 

Dehqon bozorlari hududida quriladigan 531 ta zamonaviy va ixcham yengil temir konstruksiyalardan foydalangan holda yig‘ib-teriladigan savdo rastalarining qurilishini moliyalashtirish, shuningdek, “O‘zmilliybank” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

2017-yilning 1-aprelidan boshlab respublika hududlarida 50 ta va undan ortiq savdo o‘rinlari mavjud bo‘lgan barcha dehqon bozorlarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yig‘imning to‘liqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali bir martalik yig‘imlar undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishi majburiy tartibda joriy etiladi. 

Bundan tashqari, 2017-yilning 1-aprelidan boshlab dehqon bozorlariga tegishli hududda joylashgan avtoto‘xtash joylari mazkur bozorlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Avtoto‘xtash joylaridan tushadigan pul tushumlari hisobidan bozorlar va savdo komplekslarning daromadlari oshadi, bu esa bir vaqtning o‘zida bozorlar daromadlaridan davlat byudjetiga ajratmalar ortishini ta’minlaydi. 

Dasturning amalga oshirilishi dehqon bozorlarining soni va hududi maqbullashtirilishini, ularning maydonlaridan va infratuzilma obyektlaridan samarali foydalanilishini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini, xaridorlar uchun qulay savdo muhiti yaratilishini, savdoni hisob-kitob terminallari orqali tashkil etish hisobiga naqd pul mablag‘lari aylanmasi qisqarishini, shuningdek, respublikada 2020-yilda dehqon bozorlari to‘liq rekonstruksiya qilinishini ta’minlaydi.

Поделиться