O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonun ijrosi ustidan monitoring
2017-03-28 | Siyosat
2017 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qonunosti hujjatlari qabul qilinishi ustidan o‘tkazilgan monitoring natijalari muhokama etildi.
Majlisda senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi rahbarlari, adliya, madaniyat, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Senatorlar qayd etganlaridek, Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun yuzasidan qonunosti hujjatlari qabul qilinishi ustidan o‘tkazilgan monitoring natijalarini tahlil qilish chog‘ida aniqlanganidek, ushbu Qonunda qariyb 20 ta havolaki norma mavjud bo‘lib, shundan 10 tasi bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish nazarda tutilgan. Qolgan havolaki normalar boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yobga chiqarilmoqda.
Monitoring yakunlari Qonun ijro etilishini ta’minlash maqsadida bir qancha qonunosti hujjatlari qabul qilinganini hamda ayrim amalda bo‘lgan qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganini ko‘rsatdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 15 iyunda qabul qilingan 235-sonli Qarorida byudjet tashkilotlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida ishlovchi mutaxassislarning kasb va lavozim razryad tariflari tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2016 yil 25 martdagi 31-sonli buyrug‘i bilan Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini yuritish va undan ma’lumotlar taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 8 aprelda 2776-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan), 2016 yil sentyabrdagi 35-sonli buyrug‘i bilan Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini e’tirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish hamda ushbu reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 11 oktyabrda 2832-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan), 2016 yil 6 yanvardagi 27-sonli buyrug‘i bilan Sport hakamlari va sport hakamlarining malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 5 fevralda 2761-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) tasdiqlandi. Shu bilan birga, monitoring yakunlari bugungi kunda Qonunning 8 ta havolaki normasi bo‘yicha qonunosti hujjatlari qabul qilinmaganini ko‘rsatmoqda.
Misol uchun quyidagi qonunosti hujjatlari qabul qilinmagan: Havaskorlik sporti va professional sport sohasidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tashkil etilishi hamda faoliyat ko‘rsatishi tartibi (15-modda, ikkinchi qism); Harbiy-amaliy, O‘zbekiston milliy sport turlari va xalq o‘yinlari qoidalari (26-modda, ikkinchi qism); Sport pasportlarini yuritish, berish va almashtirish, ularni hisobga olish yagona tizimining amal qilish tartibini belgilovchi Sport pasporti to‘g‘risidagi nizom(28-modda, to‘rtinchi qism); O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari tartibi(38-modda, ikkinchi qism); Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida fuqarolarning ayrim toifalariga imtiyozli asosda xizmatlar ko‘rsatish tartibi (39-modda, beshinchi qism); Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarining namunaviy shtat birliklarini belgilash to‘g‘risidagi nizomi hamda Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarining ijara haqini hisoblash uslubi va ulardan foydalanish tartibi (39-modda, yettinchi qism); Sport obyektlari bo‘lmagan ayrim yer va suv hududi uchastkalarida, shuningdek havo hududi uchastkalarida sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini o‘tkazish uchun mazkur uchastkalarni vaqtinchalik sport obyektlari (trassalari) sifatida rasmiylashtirish tartibi (39-modda, sakkizinchi qism).
O‘tkazilgan monitoring yakunlarini sarhisob qilishda senatorlar ro‘yobga chiqarishning huquqiy mexanizmlari bilan ta’minlanmagan havolaki normalar ushbu Qonunni talqin qilishda va qo‘llashda noxolislikka yo‘l qo‘yilishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan senatorlar O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan qonunosti hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rish muhimligini qayd etdilar.
Senat Qo‘mitasi majlisi yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati