O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: odamlarga yelkadosh bo‘lish, farzandlarining baxti-kamolini ko‘rishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish – asosiy maqsadimizdir

2017-03-28 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qiziltepa tumanidagi “Vang‘ozi agro” fermer xo‘jaligi shiyponida bo‘lib, viloyatda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Ming bosh qoramol va ming bosh echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi hamda sutni qayta ishlash zavodi tashkil etish loyihasini ham ko‘zdan kechirdi. 

Mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirishga, iste’mol bozorini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur chorvachilik kompleksi ana shunday yirik loyihalardandir. 

Loyiha qiymati 18 milliard so‘m bo‘lgan ushbu majmua uchun 510 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu majmuada yiliga 3 ming 650 tonna sut va 150 tonna go‘sht yetishtirish, 6 ming tonna sutni qayta ishlash ko‘zda tutilmoqda. 200 ish o‘rni yaratiladi. Kompleks 2018-yilda to‘liq ishga tushiriladi. 

Joriy yilda Xalq banki tomonidan Navoiy viloyatining Navbahor, Qiziltepa, Nurota tumanlarida qoramol va nasldor echki parvarishlashga mo‘ljallangan yana 5 loyiha amalga oshiriladi. Natijada viloyatda sut yetishtirish yiliga 7 ming 700 tonna, go‘sht yetishtirish 480 tonnaga ortadi. Qo‘shimcha 173 ish o‘rni tashkil etiladi. 

Tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha aholi bilan suhbatlar o‘tkazish kerak, dedi davlatimiz rahbari. Xonadonlarda 100 boshdan parranda boqishni yo‘lga qo‘yish, issiqxonalarda limon, unabi ekib, daromad olishni odamlarga singdirish lozim. Aholining o‘z tomorqasidan foydalanib, daromad topishga ishtiyoqi kuchaysa, ularning farovonligi ortadi. Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi. 

Tumandagi To‘dako‘l suv ombori havzasida Vetnam texnologiyasi asosida yiliga ming tonnadan ziyod baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Natijada viloyatda yiliga baliq yetishtirish ko‘rsatkichi 8,5 ming tonnaga yetkaziladi. 

Tumandagi “Akva To‘dako‘l” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan baliq chavog‘i yetishtiruvchi inkubatsion sex, 250 tonnalik muzlatkichli omborxona, ming tonna baliqni qayta ishlash, 400 tonna baliq filesi hamda 350 tonna yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish sexlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. "Ipoteka banki" krediti evaziga yangi havzalar qazish va ularda suv ta’minotini yaxshilash uchun xorijdan maxsus texnika va mexanizmlar, nasoslar sotib olinadi. 

Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘m bo‘lib, shundan 13,3 milliard so‘mi bank kreditlari, 5,4 milliard so‘mi korxona mablag‘idir. Ushbu loyiha xalqimiz dasturxoniga sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berish, 90 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Ushbu havzalardan foydalanishni tartibga solish, noqonuniy baliq ovlashga chek qo‘yish, bu yerda inkubatsiya sexlari tashkil etish hisobiga yetishtirilayotgan baliq hajmini kelgusi uch yilda 20 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ko‘l havzasida baliq yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizning barcha viloyatlariga 14 hudud ajratib berildi. Ushbu hududlarda viloyatlar tomonidan baliq yetishtirish va uni muhofaza qilish ishlari tashkil etiladi. 

Prezidentimiz Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida  prokuratura, ishki ishlar boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus otryadlar tashkil qilish va ko‘l hududini brokonerlardan tozalash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Yetishtirilgan mahsulotni eksport qilish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. 

2017-2018-yillarda Xatirchi, Nurota va Qiziltepa tumanlarida 835 gektar maydonda yangi tokzorlar va ko‘chatxonalar tashkil etilmoqda. 

Bugungi kunda viloyatda mavjud 6,5 ming gektar tokzorning 4,2 ming gektari fermer xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lib, ularning 65 foizida kishmish, 30 foizida xo‘raki, qolgan qismida sanoatbop uzum yetishtirilmoqda. Joriy yilda yuqoridagi tumanlarda 416 gektar, 2018-yilda 419 gektar tokzorlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. 

Viloyatda joriy yilda yangi intensiv bog‘ va issiqxonalar, muzlatkichli omborxonalar tashkil etish hisobiga meva-sabzavot yetishtirish va uni qayta ishlash, chorvachilik yo‘nalishida istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobiga bu borada 101 loyihani hayotga tatbiq etish mo‘ljallanmoqda. Jami 1 ming 300 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. 

 Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarning samaradorligiga e’tibor qaratdi. Hududda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish pirovardida xalqimizning turmush darajasini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

 Navoiy viloyati qorako‘l teri yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi hisoblanadi. Viloyatda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mulk shaklini o‘zgartirish va fermerlik harakatini rivojlantirish borasidagi ishlar mazkur sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16 martdagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Qarorga muvofiq viloyatdagi 23 qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligi fermer xo‘jaligiga, naslchilikka ixtisoslashgan iqtisodiy barqaror 8 shirkat xo‘jaligi 12 mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladi. Natijada viloyatdagi 23 shirkat balansida bo‘lgan chorva mollari, qura-qo‘tonlar, suv inshootlari va boshqa mol-mulklar kim oshdi savdolari orqali sotilib, 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi tashkil etiladi. Ularga chorva mollarini boqish uchun 2,7 million gektar yer maydoni beriladi. 

Mol-mulklarni sotish natijasida tushgan mablag‘lar kredit qarzlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Qolgan mablag‘lar xo‘jalik a’zolarining pay ulushlari bo‘yicha teng taqsimlanadi. Viloyatdagi qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklarida mulk shakli va unga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, sohada 2 ming 250 ish o‘rni yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning korako‘l terilari dovrug‘i butun dunyoda mashhur ekani, yangi mulk shakliga o‘tish tarmoqda samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shirkat xo‘jaliklarida teri yetishtirishning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish, naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, chorva mollari tuyoq sonini, qorako‘l teri va junni qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

“Vang‘ozi agro” fermer xo‘jaligining shiyponida Malikobod mahallasining onaxonlari sumalak tayyorladi. Davlatimiz rahbari ular bilan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar odamlar hayotida qanday aks etayotgani, xotin-qizlar turmushini farovon qilish, farzandlar ta’lim-tarbiyasi to‘g‘risida samimiy suhbat qurdi. 

Malikobod mahallasida yashovchi Jumagul Fayzullayeva barcha islohotlardan avvalo odamlar manfaat ko‘rayotgani, mamlakatimizdagi o‘zgarishlar xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotganini faxr bilan ta’kidladi. 

 Odamlarning quvonchi,  ertasiga ishonchi oilasidagi hayot tarzi, turmush darajasiga bog‘liq, dedi Prezidentimiz. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan qarash bilan yashash vaqti allaqachon o‘tdi. Uyida daromad topgan, farzandlarini ham shu ruhda o‘stirgan oila o‘zining farovonligiga zamin yaratadi.  Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad odamlarga yelkadosh bo‘lish, farzandlarining baxti-kamolini ko‘rishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdir. 

 
Matnazar Elmurodov, O‘zA

Поделиться