O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi uylarning fayzi o‘zgacha
2017-03-28 | Siyosat
Prezidentimiz Karmana tumanidagi Mustaqillik massivida barpo etilayotgan qulay, arzon va zamonaviy uy-joylar, profilaktika inspektorlari uchun yashash joyi, davlat idoralari rahbarlari uchun qurilgan xizmat uylari bilan tanishdi.
Qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy massivlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda Navoiy viloyatida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 1 ming 185 uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.
Navoiy viloyati Karmana tumani “Talqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yangilangan loyihalar asosida 32 xonadonga mo‘ljallangan ikki qavatli va 46 oila uchun 2 sotixli uylar barpo etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida qurilayotgan uylar aholi turmush farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun mazkur mahallada 1 ming 23 xonadon bo‘lib, aholi soni qariyb 5 mingga yetdi. Zamonaviy uylarda istiqomat qilayotganlarning aksariyati yosh oilalardir.
Prezidentimizning 2016-yil 22-dekabrdagi “Mahalliy hokimliklar va davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari uchun xizmat uy-joylarini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Navoiy viloyatida 2017-2018-yillarda 105 xizmat uyi qurilishi belgilangan bo‘lib, joriy yilda 60 uy-joy uchun pudratchilar tanlanib, qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Karmana tumani rahbarlari uchun Mustaqillik massivida 9 xizmat uyidan 4 tasida qurilish tugallanib, kommunikatsiya tarmoqlariga ulandi. Qolgan 5 uy mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi.
Prezidentimiz yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar bilan davlat idoralari rahbarlari uchun xizmat uylari yonma-yon qurilayotgani xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
2017-yilda profilaktika inspektorlari uchun 2 sotix bo‘lgan yer uchastkalarida 3 xonali 94 uy-joy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu uy-joylarni qurish uchun 12,2 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Bugungi kunda namuna sifatida Karmana tumani Mustaqillik massivida bitta uy qurib bitkazildi.
Shavkat Mirziyoyev Nurota tumanidagi Chashma ziyoratgohi yonidagi muzey binosi, “Hunarmandchilik markazi” majmuasi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona loyihalari bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarni sifatli va vaqtida amalga oshirish, Chashma ziyoratgohi maydonini yanada kengaytirish va obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.