O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: mahalla aholisi bir oila kabi ishonchli, mustahkam rishtalar bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishi kerak

2017-03-25 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, bu yerda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishdi. 

Mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarishning chinakam xalqona instituti sifatida jamiyatimizdan mustahkam o‘rin egallagan. Bu xalq bilan muloqot qilish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Davlatimiz tomonidan mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlar ham yaratilmoqda. Uvaysiy nomidagi mahallaning yangidan bunyod etilgan markazi bu boradagi ishlarga yorqin misoldir. 

Mahalla hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan. Ushbu turar joylarda yashaydigan 5 ming 400dan ortiq aholi orasida turli millat vakillari bor. Yangi mahalla markazi odamlarni o‘zaro yaqinlashtirishga, xalqimizga xos do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 

Markazda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar qurilgan, ular zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari, mebellar, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasi mahalla hududidagi jamoat obyektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor bilan jihozlangan. 

Davlatimiz rahbari profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat’iy nazoratga olishi zarurligini ta’kidladi. Odamlar ishga ketayotganda ham, ishdan qaytayotganda ham o‘z mahallasida avvalo profilaktika inspektori va posbonlarni ko‘rsa, ko‘ngli tinch-xotirjam bo‘ladi. 

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta’minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.       

Markazda barpo etilgan turli kitoblar, komputerlar va internet, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda ayni muddao bo‘lmoqda. Ko‘rkam choyxona, novvoyxona, "Go‘zallik salonlari", do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Mahalla ahli bir oila kabi ishonchli, mustahkam rishtalar bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishi kerak, dedi Prezidentimiz. Buning uchun mahalla faollari, profilaktika inspektori har bir oila ahvolidan, quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lishi, o‘zaro ahillik va hamjihatlik targ‘ibotchisiga aylanishi lozim. Shundagina odamlar mahallaga kelib o‘z fikrini, taklifini, dardini bemalol aytadi, muammosiga yechim topadi. 

Poytaxtimiz, qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlarida mana shunday  mahalla markazlari bunyod etish, aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, profilaktika inspektorlariga jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, voyaga yetmaganlar bilan samarali ishlashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

 
Dilshod Karimov, O‘zA 

Поделиться