O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kelajak uchun muhim qo‘llanma
2017-03-25 | Madaniyat
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitobining targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan Respublika Baynalmilal madaniyat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, olimlar, o‘qituvchilar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Respublika Baynalmilal madaniyat markazi rahbari N.Muhammadiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, yuridik fanlari doktori F.Muhiddinova va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitobi mamlakatimizda qonun ustuvorligi, tartib-intizom, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashda muhim qo‘llanma va dastur vazifasini o‘tashini ta’kidladi. Kitob mana shunday ezgu maqsadlar jamuljamligi barobarida viloyatlar, tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, odamlarning hayotiga ta’sir qiladigan sohalardagi ishlarni jonlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda boshqa dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan tamoyillar va vazifalarga bag‘ishlangani bilan har bir kitobxon va o‘quvchini ulkan maqsadga – shu aziz diyor taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undaydi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitobini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bo‘lim mudiri, yuridik fanlari doktori G.Matkarimova. – Kitob davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvlarida so‘zlagan nutq va ma’ruzalarini qamrab olgan. Shuningdek, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning davlatimiz mustaqillikka erishish yo‘lidagi mashaqqatli va dadil faoliyati, olib borgan izchil va puxta siyosati, yurtimiz va jahon tarixida munosib tarixiy o‘rin qoldirganligi hamda mustaqilligimiz asoschisi boshlab bergan bosqichma-bosqich rivojlanish, porloq istiqbolga erishish yo‘lidan borib, bir tanu bir jon bo‘lib, O‘zbekistonimizni taraqqiy etgan va farovon davlatga aylantirish – ustuvor vazifamiz ekanligi to‘g‘risidagi fikr va g‘oyalar jamlangan.
Ushbu kitobdagi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ezgulik va taraqqiyot, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lidagi g‘oyalar mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.