O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Baxtli-saodatli xalqimizning eng qadimiy va fayzli bayrami

2017-03-22 | Jamiyat

Mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z sayillari bo‘lib o‘tmoqda

Qorli-qirovli kunlar ortda qoldi. Ko‘ngillar ko‘klam sururidan yayramoqda. Ona zamin uzra bahoriy nasim esa boshladi. Tabiatda mo‘jizaviy uyg‘unlik kuzatilmoqda: kechagina oppoq qordan qaddi-basti egilgan, qahraton sovuqda diydiragan dov-daraxtlar bugun kurtak yozdi. Nozik novdalarga gul bitdi, qiyg‘os gullagan bog‘lar kapalak va bolarilarga oshyon bo‘ldi. 

Quyoshning qaynoq taftini sog‘ingan maysalar ko‘zni quvnatib, ko‘kka bo‘y cho‘zadi. Butun borliqda uyg‘onish, yangilanish, yasharish manzaralari. 

Borliqdagi uyg‘onish, yangilanish va yasharish ozod va obod Vatanimizga boqiy bayram, qut-baraka, to‘kinlik va mehru oqibat ramzi – Navro‘zi olam kelganidan darak beradi. 

Yurtimiz tinch. Osmonimiz musaffo. Bir dunyo orzular bilan ertani kutib, kelajakka ishonib, to‘yu-tomoshalar qilish, yangi uy-joylar solish, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish niyatida yashayotgan xalqimiz “Xush kelibsan o‘lkamizga, Navro‘zi olam, qadaming qutlug‘ bo‘lsin! Yurtimizdagi tinchlik-omonlikka ko‘z tegmasin!” deb Navro‘zga peshvoz chiqmoqda... 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami bu yil mamlakatimizda umumxalq sayli sifatida nishonlanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bayram sayliga chiqdi. 

Poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bayramona bezatilgan. Karnay-surnay sadolari erta tongdan xalqni saylga chorladi. 

Ezgulik, muhabbat, xayr-saxovat, muruvvat, shafqat va shafoat, yangilanish va yasharish ayyomi qalblarga surur, olam-olam quvonch va yangi-yangi orzu-havaslar baxsh etadi. 

Bog‘ hududi “Navro‘zi olam muborak!”, “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!”, “2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” kabi shiorlar, xushbo‘y gulu chechaklar bilan bezatilgan. Turfa rang bayroqchalar hilpiraydi, rango-rang sharlar mayin epkinlarda tebranadi. 

Saylda xalqimizning tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarini aks ettirgan ayvonlar, yo‘lak bo‘ylab ustayu hunarmandlar, ganchkorlar, kashtado‘zu chevarlar milliy liboslarimizni, do‘mbira, doira kabi xalq cholg‘u asboblarini, milliy buyumlarni namoyish etmoqda. 

Davlatimiz rahbari ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Ustalar bilan suhbatlashib, bayram bilan tabrikladi. 

Prezidentimiz bayram saylida ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari bilan ko‘rishib, ularni bayram bilan muborakbod etdi. 

Mo‘ylovi sabza urgan yigitlar ko‘klam o‘yini – chillak, zuvillatar, norg‘ul yigitlar ot jilovini erkin qo‘yib-chopishib, bellashadi. Qoqiguldan boshiga chambaraklar taqib olgan qizlar qoshlariga o‘sma tortishadi. “Besh tosh”, “Mak-mak” va ”Oq terakmi, ko‘k terak?” o‘yinlari, Navro‘z sayli qatnashchilarini xushnud etadi. Doshqozonlarda qaynagan sumalak ifori olamni tutadi. Sochlariga jamalak taqqan qizlar sho‘x-shodon raqsga tushadi. 
 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev konsert dasturini tomosha qildi. Laparlar, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi qizidi. Folklor jamoalarining kuy-qo‘shiqlari qushlar chug‘uriga, ko‘rkam favvoraning jildirashiga uyg‘unlashib ketdi. 

Ertamizning egalari bo‘lgan bolalar chiqishlari, ularning sho‘x-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashadi. Navro‘z, yoshlik va barkamollikning naqadar uyg‘unligi ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. 

So‘rilarda qo‘r to‘kib o‘tirgan otaxonlar yana bir bahor bilan yuzlashganiga shukrona keltirib, yurt obodligi, xalq farovonligidan so‘z ochadi. Davlatimiz rahbari otaxonlar bilan suhbatlashdi. Qo‘llar duoga ochildi. 

Navro‘z bayrami mamlakatimizda yashayotgan millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan umumxalq bayramiga aylangan. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoq yashamoqda. Ular umumiy uyimiz – O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida barcha sohalarda fidokorona mehnat qilmoqda. 

– Navro‘z nafaqat o‘zbek xalqining, balki shu zaminda hamjihatlikda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining eng go‘zal bayramlaridan biriga aylangan. Davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan hurmat va ehtiromi, g‘amxo‘rligi uchun minnatdormiz, – deydi boshqird milliy madaniy markazining "Agidel" madaniy jamoasi rahbari Emma Magiyarova. 

...Xalqimiz barcha orzu-havaslari, hayotining mazmunini farzandlarida ko‘radi. O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ydi. O‘tgan yillarda onalarning sog‘lom bo‘lishi, bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va barkamol ulg‘ayishi yo‘lida ko‘lami va ahamiyati jihatidan betimsol ishlar amalga oshirildi. 

Mamlakatimizda 2016-yilning Sog‘lom ona va bola yili deb e’lon qilingani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi. Oila, onalik va bolalikni himoya qilish, aholi, avvalo xotin-qizlar uchun ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlarni yanada yaxshilash, tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlar izchil amalga oshirildi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan xalqimizning munosib hayot sifatini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalash, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur sohaga, ya’ni, xalqimiz salomatligiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Joriy yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari Prezidentimiz raisligida sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani, davlatimiz rahbarining 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori, 2017-yil 16-martdagi "Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda. 

...Toshkent shahrining barcha tumanlarida o‘tgan bayram sayllarida Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizdagi elchixonalar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, poytaxtimiz mehmonlari ishtirok etdi. 

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham erta tongdan gavjum bo‘ldi. Aholini xalq sayliga chorlagan ovozlar dillarga jo‘shqinlik bag‘ishladi. 

Vatanni, bahorni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Jajji bolajonlar ko‘klam darakchisi bo‘lgan boychechak, yalpiz, chuchmomalar ulashdi. Bir tomonda askiya aytayotgan nuroniylarning qah-qahasi ko‘tarilsa, bir yoqdan aytishuvda bas kelmayotgan qizlarning kulgulari aks-sado beradi. 

Mustaqillik yillarining har yili yuksak dovonlar, zalvorli yutuqlar, betimsol o‘zgarishlar bilan Vatanimiz tarixi zarvaraqlariga bitilmoqda. Tarixan qisqa davrda milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimiz tiklandi. Zamonaviy demokratik davlat qurishning mustahkam poydevori qo‘yildi va mustahkamlandi. O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasi yuqori, bank-moliya tizimi barqaror yetakchi mamlakatlar safidan munosib joy oldi. 

2016-yilning iyun oyida Toshkentda O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. 

Xalqimizning fidokorona mehnati va qat’iyati evaziga erishilayotgan yutuq va natijalar ko‘pchilikning havasini tortmoqda. Bu nufuzli xalqaro tashkilotlar, tadqiqot institutlari tomonidan e’lon qilinayotgan xalqaro reytinglarda yaqqol o‘z isbotini topmoqda. 

Shunday farahbaxsh damlarda ona tabiatda ro‘y berayotgan yasharish, yangilanishlarni qalbidan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimizning ko‘nglida shodlik, yana bir Navro‘zga eson-omon yetganimiz, elu yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh uradi. 

...Qalblardagi Navro‘z zavqi fusunkor maydonlarga ko‘chadi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida bayramni madh etuvchi sarrin kuy og‘ushida ko‘z o‘ngimizda bahorning ajib manzaralari, ona yurtimizning betimsol tarovati namoyon bo‘ladi. 

Folklor-etnografik jamoalarning rang-barang ashula va raqslari, sho‘x yallalarda, polvonu chavandozlar chiqishida Navro‘zning xilma-xil va noyob qirralari namoyish etiladi. 

Mustaqillik yillarida biz ilgari tasavvur ham qilolmagan, bugun o‘zimizga g‘urur bag‘ishlab, o‘zgalarning havasini tortayotgan yuksak marralarga erishmoqdamiz. Buning zamirida mustaqillik, xalqimizning fidokorona mehnati, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan oqilona siyosat mujassam. 

Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan mamlakatimiz hududlarini o‘zaro bog‘laydigan zamonaviy transport kommunikatsiyalari barpo etish dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Yangi temir yo‘llar qurish, mamlakatimizning yagona va yaxlit temir yo‘l tizimini barpo etishga e’tibor qaratildi. 

2016-yilning 22-iyun kuni uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va 19,2 kilometrlik Qamchiq tunneli ishga tushirildi. 

Bu mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, tranzit va sayyohlik salohiyatini yuksaltirish va temir yo‘l tarmog‘ini yanada rivojlantirishga, dunyo hamjamiyati bilan munosabatlarni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

Navro‘z bayramini o‘tkazish yosh avlodni tarbiyalash, xalqimiz ijodiyotining eng yaxshi namunalari misolida ular dunyoqarashini shakllantirish, milliy o‘zlikni anglashda katta ahamiyat kasb etadi. 

Yoshlarning o‘z aql-zakovati, iste’dodini to‘la namoyon etishi, mahoratini muttasil oshirib borishi, yuksak ma’naviyatli, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida xalqaro maydonlarda Vatanimiz shon-shuhratini ulug‘lashga qodir o‘g‘il-qizlar safi kengaymoqda. 

Farzandlarimiz kamoloti xalqaro musobaqalarda ham yaqqol namoyon bo‘layotir. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotladi. 

Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan yuksak g‘alabalar xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishladi. O‘zbekiston sportchilari mazkur nufuzli musobaqada 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz obro‘-e’tiborining yanada yuksalishiga munosib hissa qo‘shdi. 

– Inson va uning mehnati qadr topgan yurtda yashash eng ulug‘ baxt, xalqaro maydonlarda Vatanni sharaflash, uning obro‘si yuksalishiga hissa qo‘shish eng oliy saodatdir, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev. – Kamtarona mehnatimizni yuksak baholagan davlatimizdan cheksiz minnatdormiz. Bu katta ishonch yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi va chorlaydi. 

...Jarchi ovozi, karnay-surnay, nog‘oralar sadosi poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘ida Navro‘z sayli boshlanganidan darak beradi. 

Bog‘ yo‘laklari bo‘ylab chopayotgan, varrak uchirayotgan bolalar qiyqirig‘i olamni tutadi. Doshqozonda hovuri chiqib turgan oshdan laganlarga tortilmoqda. So‘rida askiyachilar kulgusi avjiga oladi. Elimiz suygan xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bog‘ uzra taralmoqda. 

– Bahor va Navro‘z – yoshlik, go‘zallik, beg‘uborlik, pokizalik timsollaridir, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi To‘lqin Qilichev. – Biz, yoshlarning qalbida doimo bahor hukmron. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlangan barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosati izchil davom ettirilmoqda. 2016-yil 14-sentabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi navqiron avlodga beqiyos shodlik, g‘urur va iftixor bag‘ishladi. 

Bugun mamlakatimiz iqtisodiyotida tub tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi, zamonaviy korxonalar barpo etildi. Asaka, Samarqand va Xorazmdagi avtomobil zavodlari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Toshkent viloyatidagi motor zavodi kabi yuqori texnologiyali sanoat korxonalari iqtisodiyotimizning lokomotiviga aylandi. 2016-yilda ularning safiga Ustyurt gaz-kimyo majmuasi va Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qo‘shildi. 

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Green Park” madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z saylida hayotimiz, tutumlarimiz, turmush tarzimizdagi an’analar o‘z ifodasini topdi. Navro‘z sayllari sochlariga tolbarg taqqan qizlar aytishuvi, bo‘z yigitlarning sport o‘yinlari, onaxonlar pishirgan sumalagu halim, hazilu askiyalar bilan yanada zavqli, yanada shukuhli bo‘ldi. 

...“Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z”. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning bu boqiy satrlari Navro‘z har bir inson samimiy, toza niyatlarini, tuyg‘ularini yuzaga chiqaradigan, sevinchlari, orzu-niyatlarini, umidlarini do‘stlari, yaqinlari bilan baham ko‘radigan qutlug‘ kun ekanini namoyon etadi. Bu jihatlar mamlakatimizda 2017-yilni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinganida ham o‘z in’ikosini topmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar yangi taraqqiyot marralarini egallash, zamon shiddatiga mos tarzda rivojlanish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ish boshlagan Xalq qabulxonalari inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlashning tayanch nuqtasi, hokimiyat organlari va xalq o‘rtasida ishonch ko‘prigi bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Prezidentimiz joylarda aholi bilan samimiy muloqotlar qilmoqda, ularning fikr va takliflari bilan qiziqmoqda. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan mamlakatimizning besh yillik taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi barcha sohalarni liberallashtirish, modernizatsiya qilish, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Sergeli tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilorom Rahimjonova. – Mamlakatimizda keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilanib, ularning ijrosini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha barcha davlat va jamoat tashkilotlari oldiga aniq vazifalar qo‘yilmoqda. 

Bayram Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham katta shodiyona bilan nishonlanmoqda. Hunarmandlik buyumlari, pazandalik va qandolatchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, folklor-etnografik ansambllarning chiqishlari, baxshi-jirovlar, polvonlar bellashuvi, qiz-yigitlar aytishuvi, turli xalq o‘yinlari Navro‘z sayliga o‘ziga xos ruh bag‘ishlamoqda. 

– Bu yil Navro‘z har qachongidan ham boshqacha o‘tmoqda, – deydi Kegeyli tumanidagi “Nurli bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Oltingul Muhambetova. – Mahallamizda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirg‘iz, rus, boshqird, koreys va boshqa millatlarga mansub 2 ming 600 dan ziyod aholi ahil-inoq istiqomat qilayotir. Hududimizning obodligi ana shu ahillikdan. 

Farg‘ona vodiysining bayramga tayyorgarligi o‘zgacha bo‘ldi. Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan bayram sayliga “Navro‘z – tinchlik, birodarlik va qardoshlik bayrami” mazmuni singdirilib, saylda milliy madaniy markazlari vakillarining turli xalqlar urf-odat va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, milliy liboslar namoyishi bo‘ldi. Dasturxonga milliy taomlar tortilib, otaxonu onaxonlar taklif etildi. 

– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi buloqboshilik mehnat faxriysi, “Shuhrat” medali sohibasi Ra’noxon Jumaniyozova. – Yurtimiz obod, hayotimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin. Bu xalqimizning niyati xolis ekani, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati samarasidir. Bu yilgi tantanalar xalq sayli tarzida o‘tayotgani bayramga o‘zgacha mazmun kasb etmoqda. 

Qashqadaryoning tog‘larga tutash adirlarida Navro‘z sayli ko‘pkari va kurash musobaqalariga ulanib ketdi. Qarshi shahrida Navro‘z bayrami tantanalari erta tongda karnay-surnay, doira sadolari bilan boshlandi. Odamlarning yuz-ko‘zlarida shodumonlik. Nabirasi qo‘lidan tutgan otaxonu onaxonlar, beg‘ubor bolakaylar, bahordek latofatli xotin-qizlar, jo‘shqin yigitlar Navro‘z sayliga oshiqmoqda... 

– Navro‘z tantanalarini tomosha qilar ekanman, mamlakatimiz mustaqillik yillarida har tomonlama rivojlangani, odamlarimizning turmush darajasi o‘sib, dunyoqarashi o‘zgarib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi Qarshi shahridagi Gulshan mahallasida yashovchi 81 bahorni qarshilagan Shukur bobo Safarov. – Haqiqiy hurmat-e’tiborga mustaqillik yillarida sazovor bo‘ldik. Shunday kunlarga yetganimizga shukronalar aytamiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. 

Navro‘z umumxalq bayrami Samarqand viloyatining barcha hududlarida ham o‘zgacha surur, ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda. 

Tantanalarda badiiy va havaskor ansambllar, estrada xonandalari ishtirokida konsertlar, teatr tomoshalari uyushtirildi, bayram yarmarkasi o‘tkazilib, osh damlandi. Sumalak va boshqa Navro‘z taomlari tortildi. 

Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i va “Sug‘diyona” madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari va estrada xonandalarining chiqishlari uyushtirilib, hududga xos bo‘lgan an’ana va urf-odatlar asosida sahna ko‘rinishlari, sport o‘yinlari namoyish etildi. 

Mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z sayllari davom etmoqda. 
 
A’lo Abdullayev, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA 

Поделиться