“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi doirasida Uzmobile Milliy operatori Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda Uzmobile abonentlariga internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi (pm.gov.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali (gov.uz), shuningdek davlat organlarining saytlaridan bepul ulanish imkoniyatini yaratdi.
Aholini mazkur qulaylikdan keng xabardor qilish maqsadida, 2017 yilning 18 mart kuni jamoatchilik vakillari uchun brifing tashkil etildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida elektron hukumat tizimini samarali rivojlantirishga ham alohida urg‘u qaratilgan. Birgina 2017 yilning o‘zida aholi turmush tarzini qulay bo‘lishiga xizmat qiladigan 50 dan ziyod eng muhim xizmatlar interaktiv shaklga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirkorlar uchun eksport-importga ruxsat beruvchi jarayonlar elektronlashtiriladi. Joriy yilda mamlakatimizda internetga ulanish ham sifat, ham tezkorlik jihatdan yanada yaxshilanib, davlat idoralari xizmatchilari va aholining kompyuter savodxonligini oshirish yuzasidan o‘quvlar amalga oshiriladi.
Ma’lumki, ayni paytga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimining muhim elementlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari qabulxonasining faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat idoralariga yo‘llangan murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy tahlillar asosida aholi tomonidan ko‘tarilgan masala hamda murojaatlarga yechim topish maqsadida tashkil qilingan edi.
Bu yo‘nalishda ayniqsa, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali fuqarolar uchun davlat idoralariga murojaat qilishda ommabop resursga aylandi.
Joriy yilning mart oyi holatiga ko‘ra, Yagona portalga 308 turdagi interaktiv xizmat joriy qilingan. Fevral oyi holatida portal orqali davlat idoralariga qilingan murojaatlar soni 1 million marotabadan oshgan. Bugunga kelib 2400 dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning tizimidagi muassasalar portal orqali elektron xizmat ko‘rsatmoqdalar.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturidagi maqsad-vazifalarni amalga oshirish, jumladan aholining davlat idoralari interaktiv xizmatlaridan samarali foydalanishlarini ta’minlash maqsadida, Uzmobile Milliy operatorining abonentlariga yaratib bergan hukumat portallari va barcha davlat saytlari, shuningdek Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali (regulation.gov.uz)dan bepul internet asosida foydalanish qulayligi fuqarolar va hukumat, davlat idoralari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur yangilik tashkilotchilari O‘zbekistonning boshqa mobil aloqa operatorlari ham aholiga internetdan foydalanishda imtiyozlar yaratib, ularning davlat xizmatlaridan keng foydalanishlarini ta’minlaydigan bu kabi tashabbuslarda faol ishtirok etishlariga umid bildirmoqdalar. Bu kabi loyihalar davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirib, davlat va jamiyatning o‘zaro hamkorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishi barchamizga ayon.