O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ayolga ehtirom
2017-03-07 | Jamiyat
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligida tashkil etilgan tadbirga sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Q.Berdiyev va boshqalar o‘zining beqiyos mehri va fidoyiligi bilan xonadonlarimizga, hayotimizga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotgan xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonunlarimizda xotin-qizlar huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasiga alohida o‘rin ajratilgan. Ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar huquqlari himoyasining ishonchli kafolatlari yaratilgan.
– Mard o‘g‘lonlar bilan bir safda Vatan himoyasidek sharafli ishga bel bog‘laganimdan faxrlanaman, – deydi harbiy xizmatchi Munira Ibrohimova. – Namunali oilaning kelini, baxtli xonadonning bekasi, 3 nafar farzandning onasiman. Turmush o‘rtog‘im bilan birga shu sohada o‘n yildan buyon xizmat qilib kelmoqdamiz. Davlatimizning harbiylarga ko‘rsatayotgan e’tibori tufayli 2012-yilda uy-joy bilan ta’minlandik. Farzandlarimiz vazirlik huzuridagi maktabda tahsil oladi. Men bor kuch-g‘ayratimni shu muqaddas zamin tinch-osudaligi, xalq farovonligiga bag‘ishlash barobarida, farzandlarimni vatanparvarlik, qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega, mard, jasur o‘g‘lonlar sifatida tarbiya qilmoqdaman.
Tadbirda Vatan himoyasi, tinchligi va osoyishtaligini saqlashda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan, sharafli kasbning fidoyilari bo‘lgan bir guruh xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Konsert dasturi ishtirokchilarga olam-olam quvonch bag‘ishladi.