O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqi

2017-03-06 | Siyosat

Assalomu alaykum, aziz opa-singillar! 

Muhtaram do‘stlar! 

Avvalo, siz, azizlar bilan yurtimizga bahor nafasi kirib kelayotgan yorug‘ kunlarda, Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida mana shu muhtasham koshonada uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. 

Shu qutlug‘ ayyom – 8-mart bayrami bilan sizlarni, sizlarning timsolingizda butun mamlakatimiz ayollarini, muhtarama onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, go‘zal qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz. 

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz. 

Er yuzida muqaddas degan so‘zga eng munosib zot bu – avvalo, Onadir. Xalqimiz ona siymosini doimo ulug‘lab, ardoqlab yashaydi. Yurtimizda onalarni sharaflab muhtasham haykallar bunyod etilgani ham shundan dalolat beradi. 

Biz Ona timsolida Vatanimizni, uning go‘zal va betakror qiyofasini ko‘ramiz. “Ona Vatan” degan ibora bejiz aytilmagan, bunda chuqur ma’no bor. Insonni inson qiladigan mana shunday yuksak tuyg‘u va tushunchalarni bolalarimiz qalbiga yoshligidan singdirsak, shoirlarimiz, rassomlarimiz, san’atkorlarimiz onalarni, ayollarni tarannum etadigan yangi-yangi asarlar yaratsalar, nur ustiga nur bo‘lur edi. 

Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. 

Ayniqsa, siz, azizlarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. 

Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasanno aytsak, arziydi, albatta. 

Qadrli yurtdoshlar! 

Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida o‘zlarini to‘la namoyon etib kelmoqda. 

Sizlar davlat va boshqaruv idoralari, vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik va fermerlik tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdasiz. 

Bu haqiqatni xalqimiz, jamiyatimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz xotin-qizlari orasida 514 nafar fan doktori, 6 nafar akademik, 15 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 17 nafar senator, 15 nafar Qonunchilik palatasi deputati borligini, shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlarining 23 foizidan ziyodini aynan ayollarimiz tashkil etishini alohida ta’kidlash lozim. 

O‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga sazovor bo‘lganlar. Shular qatorida 240 nafar yosh iste’dod egasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan va ularning safiga bu yil yana 15 nafar iqtidorli qizimiz qo‘shilmoqda. 

Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz. 

Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramonlari, qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilari Xalchaxon Mirzayeva, Patilaxon Ergasheva, Siyosatxon Abdullayeva, mahoratli pedagoglar Manzura Madaliyeva, Mavluda Ismatova, Vera Pak, Anora Mahmudova, Muhabbat Sharopova, atoqli navoiyshunos olimamiz Suyima G‘aniyeva, ustoz shifokorlar Malika Abdullaxo‘jayeva, Oyshaxon Qo‘chqorova, Onesiya Saitova, qo‘li gul hunarmandlar Muyassar Temirova, Martiya Rahmatova barchaga o‘rnak va namuna bo‘lib kelmoqdalar. 

Shular qatorida taniqli akademiklarimiz Mashhura Mavloniy, Ra’no Ubaydullayeva, Sayyora Rashidova, Anna Glushenkova, Muhabbat Abidova, O‘zbekiston xalq shoiralari Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva, Enaxon Siddiqova, O‘zbekiston xalq artistlari Yayra Abdullayeva, To‘ti Yusupova, Galina Melnikova, Munojot Yo‘lchiyeva, Gavhar Zokirova singari ayollarimiz xalqimiz orasida ma’lum va mashhurdirlar. 

Mirishkor fermer va tadbirkorlar Lolaxon Murodova, Rashida Yodgorova, Dilfuza Musayeva, Sarvinoz Shokirova, Zulfiya Ochilova, Zebixon Rustamova, Rayhon Rahmonova, Anna Dobrix, Zulxumor Ermatova, zaxmatkash ustoz va murabbiylar Agrepina Shin, Jamila Baymuratova, Valentina Nedikova, Tohira Islomova, Yelena Kucherenko, Sayyora Umarova, jonkuyar mahalla raislari va maslahatchilari Gulbahor Sultonova, Marhamat Maqsudova, Buviniso Hamroyeva, Guljahon Ibraimova, Feruza Hasanova, mohir shifokorlar Feruza Ermatova, Diloromxon Toshboltayeva kabi opa-singillarimiz samarali mehnat qilib, baxt topgan insonlardir. 

Ana shunday hurmatli ayollarimizning ko‘pchiligi bugungi uchrashuvda ishtirok etayotgani davramizga yanada fayz bag‘ishlab turibdi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizi – shunga e’tibor bering, 72 foizi – aynan xotin-qizlardir. 

Mahalla raislari va faollarining aksariyat qismini ayollar tashkil etadi. 8,5 mingdan ortiq opa-singillarimiz mahallalarda diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida faol ish olib bormoqdalar. 

Hurmatli do‘stlar! 

Barchamizga yaxshi ma’lum, o‘tgan yigirma besh yil mobaynida xalqimiz o‘ta og‘ir sinov va mashaqqatlarni, turli qiyinchiliklarni yengib, ulkan yutuq va natijalarni qo‘lga kiritdi. 

Bunday marralarga erishishda oilada, mehnat jamoalarida, umuman, jamiyatimizda eng katta boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini saqlash va mustahkamlashda yurtimiz xotin-qizlarining donoligi, sabr-qanoat va matonati, shukronalik, oilaga sadoqat kabi ibratli xususiyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Mana shunday olijanob, haqiqatan ham buyuk insoniy fazilatlaringiz uchun sizlarga yana bir bor o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim deb bilaman. 

Aziz opa-singillar! 

Er yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi.

Bu, albatta, isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. 

Shuning uchun ham mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu asosda onalik va bolalikni himoyalash, oila institutini qo‘llab-quvvatlash, ayollarning og‘irini yengil qilish, ularning jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. 

Bu haqda gapirganda, barchamiz Birinchi Prezidentimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ayol zotiga, mamlakatimiz xotin-qizlariga yuksak hurmat, doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelganliklarini bugun yana bir bor eslaymiz. U kishining: “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam” degan chuqur ma’noli so‘zlari amaliy harakatlarimizda qo‘llanma bo‘lib kelmoqda. 

Biz ana shu ezgu da’vatga amal qilib, mamlakatimizda boshlangan keng ko‘lamli ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni o‘z oldimizga asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz. 

O‘zbekistonimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha yaqinda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va uning uzviy qismi bo‘lgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi avvalambor ana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Bizning yaqin va uzoq kelajakka mo‘ljallangan siyosatimizda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sotsial masalalarni hal etish birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Bu odamlarni uy-joy bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘ladimi, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash bo‘ladimi, savdo va transport xizmati, elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘ladimi, bolalar bog‘chalari, yangi maktablar, san’at va sport inshootlari, ravon yo‘llar qurish bo‘ladimi – bularning barchasi bo‘yicha biz aniq dastur va rejalarni ishlab chiqqanmiz va ularni so‘zsiz amalga oshiramiz. 

Biz joriy yilning o‘zida qishloq joylarda yangi namunadagi 15 mingta arzon uy-joy qurishni boshlab yubordik. 

Ana shunday yangi uy-joy massivlarida zarur infratuzilma tarmoqlari, jumladan, 415 kilometrdan ziyod ichimlik suvi, qariyb 300 kilometr elektr, 320 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari barpo etiladi. Ya’ni bu uy-joylar yaxlit bir kompleks bo‘lib shakllanadi. Shuningdek, mamlakatimiz bo‘yicha minglab kilometrlik magistral va ichki yo‘llar quriladi va ta’mirlanadi. 

Yurtimizda ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish maqsadida 2017-yilda tadbirkor ayollar uchun 1 trillion so‘m, ta’lim muassasalarini bitirib chiqadigan 10 mingga yaqin yoshlarimiz uchun 60 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilmoqda. 

Biz sog‘liqni saqlash sohasida yuqori texnologiyalarga asoslangan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining hududlarda ham faoliyat ko‘rsatishiga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Bu olis viloyat va tumanlarimizda yashayotgan aholiga qanday yangi imkoniyat va qulayliklar tug‘dirishini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas. 

Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasini oladigan bo‘lsak, bu yerda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi qurilishi jadal olib borilmoqda. Bu shifoxona yaqin kelgusida Orolbo‘yi mintaqasidagi bolalar salomatligi bo‘yicha yirik markazga aylanadi. 

Xorazm viloyatida esa Rossiyaning A.Bakulev nomidagi mashhur klinikasi bilan hamkorlikda yurak-qon tomir jarrohligi bo‘yicha tibbiy markaz qurilishi boshlandi. 

Ayni vaqtda Termiz shahrida Respublika urologiya, Ko‘z mikroxirurgiyasi hamda Ginekologiya va akusherlik ilmiy-amaliy markazlarining filiallari barpo etiladi. 

Shular qatorida Qashqadaryo viloyatida Respublika kardiologiya va Endokrinologiya markazlarining filiallarini bunyod etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborildi. 

Biz qishloq vrachlik punktlari faoliyatini, tez yordam xizmati, profilaktika va patronaj tizimini yanada takomillashtirish borasida ham keng miqyosda ish olib bormoqdamiz. 

O‘ylaymanki, “Inson manfaati har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan bunday ishlarning ahamiyatini xalqimiz, avvalambor, siz, aziz ayollarimiz hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz. 

Men joylarda bo‘lib, xalqimiz vakillari, muhtarama ayollarimiz bilan muloqotda bo‘lganimda, ularning quvonch va tashvishlari bilan yaqindan tanishganimda, turli qiyinchilik va muammolarga qaramasdan – hayot o‘zi hech qachon muammosiz bo‘lmaydi – opa-singillarimizning orzu-intilishlari, hayotga, ertangi kunga katta ishonch bilan qarayotganini ko‘rib xursand bo‘laman. Chunki biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan maqsad va vazifalarni amalga oshirishning eng muhim sharti, eng asosiy zamini ham aslida xalqimizning mana shunday ishonchidir. 

Qadrli opa-singillar! 

Barchamizga yaxshi ayon, bugungi shiddatli zamon, dunyodagi ayovsiz raqobat muhiti bizdan juda katta mas’uliyat va safarbarlik bilan ishlashni, hamma sohada yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. 

Mana shunday keskin sharoitda biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlar o‘rtasida hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrashimiz zarur. Ayniqsa, farzandlarimizning qalbi va ongini yovuz xavf-xatarlardan himoya qilishga eng dolzarb vazifa, deb qarashimiz kerak. 

Agar biz ta’lim-tarbiya, madaniyat va ma’naviyat sohasidagi ishlarimizni aniq tizim asosida tashkil etib, ularning samaradorligini oshirmasak, ertangi kunimizni qurolmaymiz, o‘z maqsadlarimizga yetolmaymiz. 

Bu borada “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan shior doimiy kun tartibida turishi lozim. Biz yoshlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur. Bunday g‘oyat muhim vazifani amalga oshirishda biz avvalo ko‘pni ko‘rgan kayvoni onaxonlarimizga, mahalla faollariga, muhtaram faxriylarimizga, siz, aziz opa-singillarimizning aql-zakovatingiz, bilim va tajribangizga tayanamiz. 

Oilalarda tibbiy, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni, avvalambor, qiz bolalarni ish bilan ta’minlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi bo‘lishi shart. 

Ayniqsa, qizlarimizning salomatligini asrash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar egasi bo‘lib voyaga yetishi, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun biz barchamiz – ota-onalar, jamoatchilik, mutasaddi rahbarlar javobgarlik va mas’uliyatimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. 

Nega deganda, qiz bola – bo‘lg‘usi oila bekasi, kelajagimiz egasidir. Bugun biz ularga qanday ta’lim-tarbiya bersak, ertaga ular yangi avlodimizga shunday tarbiya beradi. 

Biz odatda jamiyatimiz hayotiga qarshi qaratilgan xavf-xatarlar haqida gapirganda, ko‘pincha chetdan kiradigan tahdidlarni tushunamiz. Lekin eski zamondan qolgan ayrim salbiy holatlar, afsuski, bugungi tinch va yorug‘ hayotimizga soya solib turibdi. Loqaydlik, bir-birini ko‘rolmaslik, oilada er-xotin, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik, ayollarga bepisand qarash – bunday yaramas illatlar bizga, bizning xalqimizga mutlaqo yarashmaydi. 

Bunday noma’qul holatlarni bartaraf etish uchun biz har tomonlama chuqur o‘ylab, muntazam ravishda ish olib borishimiz kerak. Shu maqsadda biz mahalliy hokimliklar va ichki ishlar tizimini, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari tuzilmasini tubdan o‘zgartirdik, ularga yoshlar bilan ishlaydigan qo‘shimcha shtatlar berdik. 

Ayni shunday islohotlarni biz Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning joylardagi tuzilmalari bo‘yicha ham amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari vakolatlarini yanada kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, opa-singillarimizning mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, buning uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar tizimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. 

Bularning barchasi yurtimizda xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini oshirish, ularning hayotiy manfaatlarini yanada keng ta’minlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. 

Munis va mehribon opa-singillar! 

Go‘zallik va nafosat ayyomi – 8-mart bayramini biz har safar katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu qutlug‘ ayyom qalbimizda, yuragimizda sizlarga bo‘lgan cheksiz mehrimiz, hurmatimizni izhor etish uchun yana bir katta imkoniyat beradi. 

Shu ma’noda, agarki bu bayram bizning hayotimizda bo‘lmagan taqdirda ham mo‘tabar onalarimiz, munis opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizning hurmati uchun bunday bayramni albatta tashkil etgan bo‘lardik. 

Nega deganda, sizlarning doimo mana shunday ochilib, hayotdan, taqdirdan rozi bo‘lib, yayrab-yashnab yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun biz doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz. 

Ilohim, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin! 

Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, farzandlaringiz, nabiralaringiz kamolini ko‘rishni tilayman. 

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, azizlar!

Поделиться