O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ona va bola salomatligi yo‘lida
2014-10-14 | Jamiyat
Toshkent viloyatida «Respirator kasalliklarga chalingan bolalarni sanator-kurort davolash va tibbiy reabilitatsiyasi bo'yicha dolzarb masalalar» mavzusida xalqaro seminar o'tkazildi.
O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan seminarda Xitoy, Polsha, Chexiya, Hindiston, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog'iston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan sohalar vakillari, ekspert va olimlar ishtirok etdi.
Tadbirda aholi salomatligini mustahkamlash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekani alohida ta'kidlandi. Sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar xalqimizning o'rtacha umr ko'rish darajasi oshib, onalar va bolalar salomatligi yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
– Mamlakatimizda ayollarni sog'lomlashtirish, xotin-qizlar va bolalarga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish bo'yicha yuqori natijalarga erishilmoqda, – deydi O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva. – O'tgan yillar davomida bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash bosqichma-bosqich amalga oshirilib, ko'plab
yuqumli xastaliklarga barham berildi.
Tadbirda mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, respirator kasalliklarga chalingan bolalarni sanator-kurort davolash va tibbiy reabilitatsiyasi bo'yicha olib borilayotgan ishlar haqida so'z yuritildi.
– O'zbekistonda yosh avlod kamoloti, xususan, ularning sog'lom va baquvvat bo'lib voyaga yetishini ta'minlash bo'yicha ibratli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo'ldik, – deydi Chexiya tibbiy-texnika fanlari akademiyasi akademigi Marina Xludneva. – Chexiya ham O'zbekiston kabi kurort muassasalari bilan mashhur. Mamlakatingizda ona va bolani birgalikda sog'lomlashtirish borasida to'plangan g'oyat boy tajribani o'rganish biz uchun muhim.
Seminar doirasida xorijda ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar ko'rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir qatnashchilari Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining diqqatga sazovor joylari hamda kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.