O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yuksaltirish yo‘lida

2017-03-03 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiallari loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Taqdimot davomida davlatimiz rahbari tibbiyotning mazkur yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar yuzasidan mutaxassislarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizning ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, viloyatlar, olis tumanlarda yashayotgan aholining bu xizmatdan to‘laqonli foydalanishida bir qancha noqulayliklar tug‘dirayotir. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining filiallari viloyatlarda tashkil etilayotganini xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib olmoqda. O‘zA muxbiri mazkur markazlarning ahamiyati, aholiga yaratilayotgan qulayliklar haqida mutaxassislar fikri bilan qiziqdi. 

Ravshan Qurbonov, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi direktori: 

– Aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, bu borada milliy tizimni yaratish, tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga yetkazish, sog‘lom va farovon turmush uchun qulay sharoit yaratish davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 

Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi. Bu borada soha xodimlari tizimli ravishda ish olib bormoqda. 

Tibbiyotning barcha yo‘nalishlari kabi kardiologiya sohasida ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish juda muhim hisoblanadi. Davlatimiz rahbari 2017-yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari soha xodimlari bilan uchrashuvda bu masalaning naqadar dolzarbligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra biz joylarga chiqib, vaziyatni chuqur o‘rganmoqdamiz. O‘rganishlar natijasida Respublika kardiologiya markazining Qarshi filialini tashkil qilish bo‘yicha talab yuqori ekani aniqlandi. 

Davlatimiz rahbari 25-fevral kuni markazimizning Qarshi filiali qurilishi bilan tanishar ekan, bu filialning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan filialda nafaqat Qashqadaryo, balki qo‘shni viloyatlar aholisi uchun ham davolanish imkoniyati yaratiladi. Tibbiyot maskanini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Qashqadaryo viloyatida tajribali mutaxassislar bor. Ular tibbiyotning eng yuqori texnologiyalarida ishlash amaliyotiga ega. Markaz ishga tushguncha yana mutaxassislar tayyorlashni rejalashtirganmiz. Chet davlatlarda ishlayotgan yuqori malakali shifokorlarni hamkorlikka jalb qilish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. 

Tirkash Eshmurodov, Qashqadaryo viloyati endokrinologiya dispanseri bo‘lim boshlig‘i: 

– Endokrin kasalliklar dinamikasiga nazar soladigan bo‘lsak, afsuski, yildan-yilga qandli diabetning ko‘payayotganiga guvoh bo‘lamiz. 

Qandli diabet kasalligi ko‘rsatkichlarini viloyat bo‘yicha o‘rganganimizda Shahrisabz, Kitob, G‘uzor tumanlarida ko‘p uchrashi aniqlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialining tashkil etilishi bu boradagi muammolarni tizimli hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent shahri bilan viloyatlar, tumanlar darajasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilgani bemorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahatlar berish, og‘ir bemorlar ko‘rigini o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. 

Sohaga ilg‘or ilm-fan yutuqlari joriy qilinayotgani natijasida gipofiz bezi, qalqonsimon bez xastaliklari, qandli diabet asoratlari tufayli kelib chiqadigan buyrak yetishmovchiliklari va boshqa og‘ir xastaliklar samarali davolanmoqda. Bu nogironlikning oldini olish, bemorlar salomatligini yaxshilashga xizmat qilmoqda. 

 
Abu Bakir O‘rozov, O‘zA 

Поделиться