O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi hamkorlik
2017-03-03 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilinganligining 25-yilligi munosabati bilan "Tinchlik va barqarorlik yo‘lida hamkorlik" mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, olimlar, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universitetlarining professor- o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Z.Umarov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili S.Prisner va boshqalar O‘zbekiston BMT bilan tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va boshqa yo‘nalishlarda izchil hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.
Davra suhbatida zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish, ekologik muammolarni hal qilish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish mamlakatimizning BMT bilan hamkorligida ustuvor masalalardan ekanligi ta’kidlandi. BMT bilan sheriklikning muhim yo‘nalishlari davlatimizning tinchlikparvar siyosati, xalqaro huquqiy prinsiplar va me’yorlarga amal qilishi bilan belgilanadi. O‘zbekiston qurolsizlanish va qurollar tarqalishiga qarshi qator asosiy bitim va shartnomalarning ishtirokchisidir. Mamlakatimiz BMTning terrorizmga qarshi 13 konvensiyasiga qo‘shilgan.
– Mamlakatimizda BMTning qator tuzilmalari samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Husniddinova. – Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini kuchaytirish, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, ta’lim, energetika, kommunikatsiya va boshqa sohalarda 440 dan ortiq loyiha bajarildi. Ayni paytda 70 dan ziyod loyiha amalga oshirilmokda.
BMTning 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyotga ko‘maklashuvchi doiraviy dasturi O‘zbekiston va mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning o‘zaro munosabatlaridagi yangi bosqich bo‘lib, ushbu hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar amalga oshirilishi bilan hamohangdir.
Davra suhbatida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida fikrlar bildirildi.