O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy tillarni o‘qitish takomillashtirilmoqda
2017-03-02 | Ta’lim
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazida ingliz tili o‘qituvchilari uchun joriy etilgan “Presett” dasturi asosida chet tillari bo‘yicha bilimlarni og‘zaki va yozma baholash tizimiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi. Mazkur hujjat uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida xorijiy tillarni o‘qitishni yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan bo‘lib, unda ixtisoslik bo‘yicha fanlarni chet tilida o‘qitishni ta’minlash vazifasi belgilandi. Bu esa o‘qituvchilar zimmasiga yangi talab va vazifalar yuklaydi.
Seminar-treningda tajribali ekspertlar, yetakchi tilshunos mutaxassislar, yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining 90 dan ziyod ingliz tili o‘qituvchisi va kafedra mudirlari ishtirok etdi.
“Presett” o‘quv dasturi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari va Britaniya Kengashi hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, til ko‘nikmalarini rivojlantirish va ingliz tilini o‘qitishning yangi uslublaridan foydalanishda qo‘l keladi.
Tadbirda tilning alohida ko‘nikmalarini (o‘qish, yozish, og‘zaki nutq, tinglash) samarali baholash, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitish sifatini yaxshilash, xalqaro tajribani o‘rganish, o‘quv dasturlarini isloh qilish va modernizatsiyalash masalalari muhokama etildi, o‘qituvchilar “Presett” o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qitish bo‘yicha zamonaviy uslub va texnologiyalar bilan tanishtirildi.