O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Eng sara mahsulotlar namoyish etilmoqda

2017-03-02 | Iqtisodiyot

Farovonligi oshib, dunyoqarashi kengaygani sari odamlarimiz har tomonlama obod yashashga intilmoqda. Qurilish materiallari, mebel va maishiy uskunalarga talab ortib bormoqda. 

"O‘zekspomarkaz"da ochilgan xalqaro ko‘rgazmalarda bu sohadagi eng sara mahsulotlar namoyish etilmoqda. «UzBuild Tashkent – 2017» ko‘rgazmasida qurilish va pardozlash materiallari, ularni ishlab chiqarish texnologiyalari, «MebelExpo Uzbekistan – 2017»da xonadon va ofis mebellari, intererlar, «Aquatherm Tashkent – 2017» ko‘rgazmasida isitish va sovutish, sun’iy iqlim hosil qilish, havoni tozalash texnikasi, santexnika va suv havzalari uskunalari taqdim qilinayotir. 

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, «O‘zkommunxizmat» agentligi hamda «ITE Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etilgan. 

Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati izchil rivojlanmoqda. Yangi korxonalar tashkil etilayotgani va mavjudlari modernizatsiya qilinayotgani natijasida mahsulotlar soni va sifati oshmoqda. Mahalliylashtirish dasturlari samarasida import o‘rnini bosuvchi tovarlar o‘zlashtirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda minglab turdagi qurilish materiallari va mebellar ishlab chiqarilmoqda. Xalqimizning qurilish materiallari, uy va ofis jihozlariga talabi mahalliy mahsulotlar hisobidan to‘liq qoplanmoqda. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlantirilayotgani, xalqaro hamkorlikka keng yo‘l ochilayotgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur ko‘rgazmalarda ham Germaniya, Italiya, Turkiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Qozog‘iston kabi mamlakatlar savdo va sanoat tashkilotlari, qurilish yo‘nalishidagi kompaniya va idoralari vakillari ishtirok etmoqda. Italiyaning beton texnologiyalari ishlab chiqaradigan “Imteco” kompaniyasi, gidravlik burg‘ilash qurilmalarini ishlab chiqaruvchi “Comacchio SRL” zavodi, Turkiyaning qurilish materiallariga ixtisoslashgan “Dal Teknik Makina Ticaret Ve A.S.” kompaniyasi, Birlashgan Arab Amirliklarining alyumin profil ekstruziyasini tayyorlovchi «Arabian Extrusions Factory» kompaniyasi shular jumlasidandir. 

«MebelExpo Uzbekistan – 2017» ko‘rgazmasida 19 mamlakatning 110 dan ziyod kompaniyasi eng so‘nggi texnologiyalar va mahsulotlarining sara namunalarini taqdim etmoqda. Mebel savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar zamonaviy mebel modasi, bugungi bozor talablari haqida ma’lumot olmoqda. 

«Aquatherm Tashkent – 2017»da isitish, suv ta’minoti, santexnika, sun’iy iqlim hosil qilish, havoni tozalash, sun’iy hovuzlar, sauna va spa tizimlari uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etayotir. «Amitech Astana – shishaplastik quvurlar» (Qozog‘iston), «GREE – konditsionerlar» (Xitoy), «Baxi Group – qozonlar» (Italiya), «Akfa – radiatorlar, havo tozalash uskunalari», «TarlePlast – po‘lat quvurlar», «Master Building Products – Vero brendi ostida quvurlar va fitinglar» kabi milliy va chet el kompaniyalarini misol keltirish mumkin. 

Xorijlik mutaxassislarning e’tiroficha, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish, yog‘ochga ishlov berish materiallari, isitish, havoni tozalash qurilmalari yuqori sifati va arzonligi bilan mintaqa va jahon bozorida juda xaridorgir. Shuning uchun ham tadbirkorlarimiz tomonidan taklif etilayotgan mahsulotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. Jumladan, xorijlik iste’molchilar mamlakatimizning «Akfa Imzo», «Azia Mozaik», «Arm-Composite», «Steel Technology», «Atlas Invest», «Muborak mebel» kabi kompaniyalari mahsulotlarini yuqori baholaydi. 

– Kompaniyamiz po‘lat va betondan turli ko‘rinish va hajmdagi qurilish materiallari ishlab chiqaradi, – dedi Germaniyaning «Weiler» kompaniyasi xodimi Roman Ivanov. – Ikki yil avval kompaniyamiz Jizzax viloyatida o‘z filialini ochdi, viloyat markazidagi “Zenatkor temir-beton buyumlari” korxonasi kompaniyamiz uskunalari bilan qayta jihozlangach, mahsulot hajmi ortib, sifati yaxshilandi. Yangi texnologiya asosida korxonada 14 turdagi temir-beton buyumlari tayyorlanmoqda. O‘zbekiston bozorida mahsulotlarimizga talab ortib bormoqda. Bunday xalqaro ko‘rgazmalar xorijlik tadbirkorlar uchun hamkorlar topish, investitsiya kiritish, mahsulotlarimiz bozorini kengaytirishda qo‘l kelmoqda. 

2009-yildan beri Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI) o‘tkazib kelayotgan mustaqil audit «UzBuild Tashkent» xalqaro ko‘rgazmasi ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Joriy yildan boshlab «UzBuild Tashkent» o‘z taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarib, «ITE» kompaniyasining ushbu tarmoqdagi tadbirlari turkumini «WorldBuild Tashkent» brendi ostida davom ettiradi. 

– Ko‘rgazmada energiya tejovchi romlar, fasad uchun foydalanadigan yangi konstruksiyalar, uy va ofis jihozlari bilan qatnashmoqdamiz, – dedi «Imzo» kompaniyasining savdo menejeri Adham Habibov. – Biz taklif etayotgan mahsulotlar sovuqda xona haroratini mo‘tadil saqlashi, yoz kunlarida issiq havoni o‘tkazmasligi bilan iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda. Hozir nafaqat yurtimizning barcha hududlariga, balki MDH davlatlari bozorlariga ham mahsulotlarimizni yetkazib bermoqdamiz. Bu yilgi ko‘rgazmada o‘tgan yildagiga nisbatan 40 foizga ko‘p shartnomalar imzolash niyatidamiz. 

Tashkilotchilarning fikricha, «MebelExpo Uzbekistan – 2017» mebel va yog‘ochga qayta ishlov berish bozori kon’yunkturasi va o‘sish darajasi, yangi mavsum uchun zamonaviy mebel trendlari, yangi texnologiya va nou-xaular haqida qimmatli ma’lumotlar maydoni bo‘lib qoladi. Ilk bor o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari, tadbirkorlarga kelgusidagi istiqbolli hamkorlik va manfaatli loyihalarga yo‘l ochadi. 

Xalqaro forum qurilish, mebel sanoati, isitish va suv ta’minoti sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda qurilish materiallari va uskunalari, interer va dizayn, deraza, eshik va fasadlar, keramika va pardozlash toshlari, arxitektura va bezash dizayni, ko‘chmas mulkka oid bo‘limlar ishlab turibdi. 

Yarmarka doirasida qurilish va mebel mahsulotlarini eksport qiluvchilar va ularning hamkorlari ishtirokida davra suhbatlari, muzokaralar tashkil etilishi, yarmarka qatnashchilarining mahalliy kompaniya va korxonalarga, qurilish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan. 

 
Sevara Alijonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA 

Поделиться