O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ronald Jeyms Pollett: O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati yuksalmoqda
2017-03-02 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz iqtisodiyoti, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar dunyoning taraqqiy etgan davlatlari e’tiborini tortmoqda. Jumladan, O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi yil sayin oshib bormoqda. Mamlakatimizda AQSh sarmoyadorlari bilan hamkorlikda tuzilgan bir necha qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, AQSh firma va kompaniyalari yurtimizda vakolatxonalarini ochgan. Ular avtomobilsozlik, neft-kimyo, to‘qimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan.
AQShning «Jeneral Elektrik» kompaniyasi ana shunday ishonchli hamkorlardan biri. Ushbu kompaniya vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollett mamlakatimizda chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoitlar, «Jeneral Elektrik» kompaniyasining O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatingizda qabul qilingan taraqqiyotning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida iqtisodiy samaradorlikni keskin oshirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirish qatorida xorijiy investorlar bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish ham ko‘zda tutilgani chet ellik sheriklarni quvontirmoqda.
O‘zbekiston bozorida «Jeneral Elektrik» kompaniyasi faoliyat boshlaganiga 10-yildan oshdi. O‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan aviatsiya, neft-gaz, elektr energetika, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi bilan energetika sohasida modernizatsiya ishlarida qatnashmoqdamiz. Soha mutaxassislarining chet elda malaka oshirishini tashkil etmoqdamiz.
Hamkorligimizni yanada rivojlantirish mahsulotlarni mahalliylashtirishni taqozo etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatda bu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro hamkorligimiz sur’atidan mamnunmiz. O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralari bilan memorandum imzoladik. Ushbu hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va «Jeneral Elektrik» kompaniyasi hamkorligida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.
Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni izchil rivojlantirish tarafdorimiz. Binobarin, bu hamkorlikdan ikki tomon ham birdek manfaatdor.