O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent shahrida bu yil 102 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi

2017-03-01 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazdi. 

Aholining zamonaviy va arzon uylarga bo‘lgan ehtiyoji asosida imtiyozli kredit berishning yuqori darajadagi shartlari joriy etilayotgani, bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 22-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab bergani alohida qayd etildi. 

Mazkur qarordan maqsad shaharda yashayotgan aholini, shu jumladan, yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash yo‘li bilan ularning turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishdan iboratdir. 

Qarorga muvofiq, 2017-2020-yillarda shaharlarda 945 ko‘p xonadonli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017-yilda 191 ko‘p xonadonli uy qurilishi belgilangan hamda shu kunlarda ularni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etiladi. 

– Uy-joyga muhtoj fuqarolar shaharlar hokimliklarida tashkil etilgan hududiy komissiyalarga ariza bilan murojaat etishi kerak, – deydi bankning turar joy binolari qurilishini moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Toshpo‘latov. – Komissiyaning ijobiy xulosasiga ko‘ra, ko‘p qavatli uy-joydagi xonadonlardan biri fuqaroga biriktiriladi. Shu vaqtning o‘zida xonadon qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi summa boshlang‘ich badal sifatida bankimiz filiallarida shakllantirilishi lozim. 

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, uy-joy qurib bitkazilgach, biriktirilgan xonadonni sotib olish istagidagi fuqaro bankka bir qator hujjatlar taqdim etishi zarur. Ariza, kredit oluvchining pasport nusxasi, kredit oluvchining oxirgi 12 oyda olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar shular sirasidandir. 

– Yigirma yilga beriladigan kreditning imtiyozli davri uch yil, – deydi bankning ipoteka va iste’mol kreditlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Nurmuhamedov. – Shuningdek, uning dastlabki besh yilida to‘lov kredit miqdorining yetti foizidan iborat bo‘lib, keyingi yillar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga ko‘ra hisoblanadi. Biz sotib olinadigan uy-joy umumiy qiymatining 75 foizi miqdorigacha bo‘lgan summani kredit sifatida beramiz. 

E’tiborlisi, kredit oluvchiga yana bir qator soliq imtiyozlari ham yaratilganidir. Bunda kredit oluvchining o‘zi yoki oila a’zolarining kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni qaytarish uchun yo‘naltirgan mablag‘i soliqqa tortilmaydi. Agarda korxonalar qaytib olmaslik sharti bilan o‘z xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich badalini to‘lab bergan bo‘lsa, mazkur mablag‘ ham soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, kredit to‘liq qaytguniga qadar xonadon uchun mol-mulk solig‘i to‘lanmaydi. Yangi turar joy binolari atrofida aholi uchun dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turish joylari, chiqindi yig‘ish punktlari qurilishi rejalashtirilgan. Hudud obodligi ta’minlanadi. 

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

Поделиться