O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga chiqmoqda
2017-02-03 | Siyosat
Xalqda shunday maqol bor: “Qo‘shnilar tanlanmaydi, qo‘shnilarni Xudo beradi”, “Qo‘shning tinch – sen tinch”. Hamma tomonidan tan olingan, shak-shubhaga o‘rin qoldirmaydigan bu haqiqat ayniqsa keskin nizo va zo‘ravonliklar turli mintaqalarni o‘z domiga tortib, bir paytlar o‘zaro tinch va hamjihat yashagan butun-butun xalqlar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolgan bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Zamonaviy dunyo qurilishining g‘oyat murakkab realliklari inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat Konsepsiyasida qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish eng muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etilgan.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqida хорижий davlatlar, eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik zamonaviy talablar darajasida, o‘zaro hurmat tamoyillari asosida hamda har ikki tomonning manfaatlari hisobga olingan holda amalga oshirilishini qayd etdi. O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan munosabatda ochiq, do‘stona va pragmatik siyosatga sodiq bo‘lib qoladi.
Davlatimiz mintaqaviy siyosatining vazifalari tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, barcha qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamda konstruktiv siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bilan uzviy bog‘liqdir.
Shu bois so‘nggi paytlarda O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan samarali sherikligi izchil ravishda mustahkamlanmoqda va kengaymoqda.
Bu jarayonlarda tarix, madaniyat, an’anaviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan, ildizlari asrlar qa’riga borib tutashadigan yaqin do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bizlarni bog‘lab turadigan Afg‘oniston bilan muloqot alohida o‘rin tutadi. Shuni qayd etish joizki, bugungi kunda Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida 5 milliondan ziyod o‘zbek millati vakillari istiqomat qiladi. Etnik o‘zbeklar, jumladan, yuqori davlat lavozimlarida faoliyat ko‘rsatayotgan holda, Afg‘onistonda ro‘y berayotgan bunyodkorlik jarayonlarida ham faol ishtirok etishmoqda.
Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Afg‘oniston rahbari Muhammad Ashraf G‘ani bilan 2016 yil iyun oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkent sammiti doirasida o‘tkazgan uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa boshlanishiga xizmat qildi. Shuningdek, Afg‘oniston yetakchisi 2016-yilning 3-sentabri kuni Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka sifat jihatidan mutlaqo yangi mazmun bag‘ishlash uchun birgalikda sa’y-harakatlarni safarbar etish yuzasidan yuzasidan kelishib oldilar.
Bu kelishuvlarni hayotga tadbiq etish doirasida davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan joriy yil 23-24-yanvar kunlari Afg‘onistonda bo‘ldi. Delegatsiya tarkibida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi, “O‘zsanoateksport”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” va “O‘zavtoyo‘l” aksionerlik kompaniyalarining rahbarlari bor edi.
Kobulga tashrif chog‘ida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, hukumatning ijrochi raisi Abdulla Abdulla, tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi H.Atmar, davlat rahbarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi H.Qayumiy hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Prezident Muhammad Ashraf G‘ani bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston rahbarining shaxsiy maktubi taqdim etildi. Unda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi masalalarida, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida respublikamiz bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi o‘z ifodasini topgan edi. Davlatimiz rahbari Muhammad Ashraf G‘anini o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgani Afg‘oniston yetakchisi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifiga hamda ular bilan muzokaralarga Prezident Muhammad Ashraf G‘ani alohida e’tibor qaratdi – u Afg‘oniston hukumati eng muhim a’zolarining barchasi ishtirokida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishga shaxsan raislik qildi. Yig‘ilish chog‘ida iqtisodiy hamkorlik yuzasidan keng qamrovli hamkorlikka, jumladan, neft-gaz, transport-tranzit, savdo sohalarida hamda Afg‘oniston Islom Respublikasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga oid masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, Muhammad Ashraf G‘ani Afg‘oniston Prezidentining “Ark” qarorgohidagi Buyuk insonlar galereyasida ulug‘ shoir va mutafakkir, davlat arbobi, o‘zbek mumtoz adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy portretining tantanali ochilishida ham qatnashdi. U o‘zining tabrik nutqida Alisher Navoiy siymosiga hamda uning o‘zbek va afg‘on xalqlarini bog‘lab turadigan bebaho merosiga chuqur hurmat izhor etdi. Afg‘oniston Prezidenti o‘zbek va afg‘on xalqlari o‘rtasidagi tarixiy rishtalarga, mentalitetlar o‘xshashligi, madaniyat, til, din, urf-odat va an’analar mushtarakligiga alohida to‘xtaldi.
Kengaytirilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular orasida 2017-yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida to‘laqonli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) bor. Mazkur hujjat siyosiy, savdo-iqtisodiy va transport-tranzit jabhalaridagi tadbirlarni, shuningdek, energetika, tog‘-kon va neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ko‘zda tutadi. Ushbu Rejaning hayotga tadbiq etilishi qisqa muddatlarda tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarini mavjud 0,4 milliarddan 1,5 milliard AQSh dollariga yetkazish imkonini beradi.
Transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida alohida Ahdlashuv protokolini imzolash orqali tomonlar mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi. Jumladan, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari hamda yuqori kuchlanishdagi elektr o‘tkazish liniyasini qurish bo‘yicha loyihalarni birgalikda hayotga tadbiq etish imkoniyatlarini ishlab chiqish mo‘ljallanmoqda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari O‘zaro anglashuv memorandumi bilan tomonlar uchun qiziqish uyg‘otadigan ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazishga kelishib oldilar. Tomonlar imzolangan Bitimga muvofiq, narkotik vositalar, psixotrop moddalar hamda ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlik qilishga ham kelishdilar.
Yuqoridagi masalalar bilan birga, muzokaralar natijasida ikki mamlakatning manfaatdor xo‘jalik yurituvchi subyektlari vakillari o‘rtasida jami 49,3 million AQSh dollari miqdoridagi eksport shartnomalari imzolandi. Ular O‘zbekistondan bug‘doy, dori-darmon mahsulotlari, qora metal prokati, “tez yordam” avtomobillari, elektr maishiy texnika buyumlarini Afg‘onistonga yetkazib berilishini ko‘zda tutadi.
Shu ma’noda, Kobulda O‘zbekiston Savdo uyining ochilishi tomonlarning savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga bo‘lgan intilishlarining ramziy tasdig‘i sifatida xizmat qiladi. Mazkur tuzilma mamlakatimiz iqtisodiyoti turli tarmoqlari mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga yetkazib berishni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Shu maqsadda Savdo uyi hududida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli doimiy faoliyat ko‘rsatadigan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Shu tariqa respublikamiz delegatsiyasining Afg‘onistonga samarali tashrifi va erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan to‘ldiradi, do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Buning uchun barcha asoslar mavjud. Ayniqsa, O‘zbekiston va Afg‘oniston tarixda bir-biri bilan hech qachon adovatda bo‘lmagani hisobga olinar ekan, bu ezgu niyatning ro‘yobga chiqishi aniq. Uchrashuvlar chog‘ida Afg‘oniston Islom Respublikasi vakillari “O‘zbekiston afg‘on xalqiga hamisha baholi qudrat ko‘mak bergan va eng qiyin paytlarda qo‘llab-quvvatlagan”, deya bayonot berdilar.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar va keng qamrovli fikr almashuvlar Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishining zaruriy sharti, eng avvalo, uning mintaqa davlatlari bilan jahon xo‘jalik aloqalariga har tomonlama integratsiyalashuvida ekanligini yana bir karra tasdiqladi.
Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan barcha davlatlar, jumladan, O‘zbekiston manfaatlariga javob beradi, tinchliksevar va oqil afg‘on xalqi esa barqaror va farovon davlatda yashash, munosib hayot kechirish maqsadida barcha sharoitlarni yaratish uchun har jihatdan haqlidir.