O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ochiqlikni ta’minlash va o‘zaro samarali elektron hamkorlik
2017-01-31 | Siyosat
Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tayyorlangan qonun loyihasi matnida biznes-ombudsman faoliyatining ochiqligini ta’minlash va o‘zaro samarali elektron hamkorlik borasidagi qoidalarning o‘z aksini topganligini tahlil qilish; biznes-ombudsman faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish nuqtai nazaridan qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish; tadbirkorlik sub’ektlarining axborotga bo‘lgan huquqlarini ximoya qilish, ularning davlat axborot tizimlari va davlat axborot resurslaridan moneliksiz foydalanishi bo‘yicha huquqiy asoslarni shakllantirish xisoblanadi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasining qabul qilinishi Mamlakat parlamenti huzurida biznes-ombudman institutini tashkil etishga huquqiy asos yaratadi.
Shuni ta’kidlash joizki, ishlab chiqilgan qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun internet tarmog‘idagi Qonunchilik palatasining www.parliament.gov.uz manzilida rasmiy veb-saytga joylashtirilib, olimlar va ekspertlar doirasida, davlat boshqaruvi tizimi, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari o‘rtasida qizg‘in baxs-munozaralar uchun asos bo‘ldi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tayyorlangan qonun loyihasiga axborot qonunchiligi nuqtai nazaridan bir qator muhim qoidalar kiritilganligini qayd etishdi. Jumladan, davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mavjud materiallar to‘g‘risida axborot almashishni amalga oshirish borasida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar kiritilgan. Shuningdek, bunday axborotlarni o‘zaro almashish elektron shaklda xam amalga oshirilish imkoniyati belgilanmoqda.
Qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish jarayonida yig‘ilish ishtirokchilari quyidagi qoidalarni qo‘shish lozimligini qayd etishdi:
- biznes-ombudsman faoliyatining asosiy tamoyillarini, jumladan ular orasida ochiqlik va oshkoralik majburiyligini belgilab beruvchi alohida modda;
- Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakilning konfedensial axborotlarni, shu jumladan jismoniy shaxslar murojaat qilganda shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmaslikning zaruriy choralarini ko‘rish bo‘yicha majburiyatini belgilash;
- Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakilning rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarni o‘rnatish va “Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil to‘g‘risida axborot” tarkibiga kiruvchi axborotlar ro‘yxatini belgilash;
- faoliyat ochiqligini ta’minlash bo‘yicha Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil faoliyatini reglamentlash (axborotni hamma kirishi mumkin bo‘lgan xonalar va joylarga joylashtirish, ochiq hay’at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi uchun sharoitlar yaratish, faoliyat to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish va boshqalar);
- qonun xujjatlari ta’sirini baholash tiziminng saytiga (QXTBT-SOVAZ) joylashtirilgan muhim normativ-huquqiy xujjatlar loyihalariga Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil munosabatini majburiy tayyorlash va e’lon qilish;
Tadbirda ishlab chiqilgan tavsiya va fikr-mulohazalar qonun loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida tegishli ishchi guruhga taqdim etildi.