O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“O‘zbekiston havo yo‘llari”: mustaqil mamlakatning mustahkam qanotlari

2017-01-28 | Jamiyat

Toshkentda 28-yanvar kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilganining 25-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, aviakompaniya mas’ul xodimlari va faxriylari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi. 

Davlatimiz rahbari farmoniga binoan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining bir guruh xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1992-yil 28-yanvardagi “O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra Milliy aviakompaniya tashkil etildi. Bu mustaqilligimizni mustahkamlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.  

Kompaniya zimmasiga mamlakatimiz uchun strategik soha hisoblangan fuqaro aviatsiyasini barqaror rivojlantirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchilarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklandi. Davlatimiz tomonidan Milliy aviakompaniya faoliyatini izchil takomillashtirib borishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” qisqa fursatda jahon aviabozorida o‘zining munosib o‘rnini topdi. Xavfsizlik, qulaylik va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish kompaniyaning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi. 

Mamlakatni dunyoga tanitadigan va xalqaro aloqalarni izchil ta’minlaydigan vositalar orasida fuqaro aviatsiyasi alohida o‘rin tutadi. Havo kemalari mamlakatlar va xalqlarni bog‘laydi, iqtisodiyot rivojlanishida, o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayishi va mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. "O‘zbekiston" yozuvi tushirilgan va davlatimiz bayrog‘i aks etgan zamonaviy va qulay avialaynerlar bugun dunyoning ellikdan ortiq mamlakatiga parvoz qilmoqda. Alyaskadan to Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlari amalga oshirilayotir. 2016-yilda aviakompaniyamiz samolyotlari 2 million 500 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi va 43 ming tonna yuk tashidi. 

O‘tgan yillarda Milliy aviakompaniya aviaparki jahonga mashhur kompaniyalarda ishlab chiqarilgan zamonaviy samolyotlar bilan tubdan yangilandi. Natijada Milliy aviakompaniyamiz jahon aviatashuvlar bozorida mustahkam o‘rin egalladi, parvozlar va yo‘lovchilar xavfsizligini talab darajasida ta’minlashga erishdi. 

DSC_5007.JPG

Aviakompaniyaning qanday havo kemalaridan foydalanayotganiga qarab, davlatning iqtisodiy salohiyati va hamkorlik imkoniyatlariga baho berish mumkin. Xalqaro turizm rivojida zamonaviy, xavfsiz, ishonchli havo yo‘llarining o‘rni beqiyos. Shu bois Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Milliy aviakompaniyamiz parki bosqichma-bosqich modernizatsiya qilindi, eng so‘nggi rusumdagi havo kemalari bilan to‘ldirildi. Uchuvchilarimiz A320, Boeing-757/767, Il-114-100 kabi havo kemalarini mahorat bilan o‘zlashtirib, yangi avlod samolyotlari – Dreamlinerlarni ham boshqarmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida mamlakatimiz aviaparkiga dunyodagi sanoqli davlatlar aviatashuvchilari qatorida birinchilardan bo‘lib, eng zamonaviy ikkita Boeing-787-8 Dreamlineri olib kelingani yurtimizning xalqaro aviatashuvlar tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.  

Aeroportlarni tubdan qayta qurish va havo harakatini boshqarish tizimini isloh etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning 11 aeroporti zamon talablariga muvofiq mukammal ta’mirdan chiqarildi, modernizatsiya qilindi, xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Natijada yurtimizga keluvchi sayyohlar oqimi oshdi, ularga xizmat ko‘rsatish darajasi yanada yuksaldi. “Toshkent”, “Samarqand”, “Buxoro”, “Urganch” singari xalqaro aeroportlarimiz bir necha xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgani buning yorqin dalilidir. 

“Navoiy” aeroporti negizida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi mintaqaning yuqori texnologik va ulkan aviayuk tashish salohiyatiga ega majmualaridan biridir. Bugun ushbu markaz mamlakatimizni Frankfurt, Milan, Bryussel, Vena, Saragosa, Oslo, Bazel, Dubay, Dehli, Tehron, Shanxay singari ko‘plab yirik logistika markazlari bilan bog‘lamoqda.  

2016-yilda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam tashlandi – “O‘zbekiston havo yo‘llari” bilan “Boeing” korporatsiyasi hamkorligida samolyotlarning kompozit materiallarini ta’mirlash markazi ish boshladi. Bugungi kunda jahon aviasanoatida kompozit materiallardan keng foydalanilayotir. Chunonchi, “Orzu layneri” (Boeing-787-8 Dreamliner) fyuzelajining ellik foizi shunday materiallardan tarkib topgani hisobidan og‘irligi sezilarli darajada kamaytirilgan. Yangi markaz milliy va xorijiy aviatashuvchilar samolyotlariga yuqori sifatli texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng imkoniyatlarga ega. 

Ayni paytda Janubiy koreyalik hamkorlar bilan soatiga 1,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy “Toshkent-4” yo‘lovchilar terminalini qurish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur inshoot 2019-yil oxirida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston havo floti xodimlarining fidokorona mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Milliy aviakompaniyamizning o‘nlab xodimlari faxriy unvonlar, turli orden va medallar bilan taqdirlangan. Milliy aviakompaniya “Boeing” uchuvchilar otryadining uchuvchi-yo‘riqchisi Zarxo‘ja Saidazimov 2007-yilda O‘zbekiston Qahramoni oliy unvoniga sazovor bo‘lgan. 

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V.Tyan, uchuvchi-yo‘riqchi D.Muhammadjonov, ikkinchi uchuvchilar otryadi komandiri D.Ma’rupov va boshqalar Milliy aviakompaniya rivojiga alohida e’tibor qaratayotgani va doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, kompaniya jamoasi mehnatini yuksak qadrlayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Tantanali marosim konsert dasturi bilan yakunlandi. 
 
Bekzod Hidoyatov, A'lo Abdullayev (surat), O‘zA 

Поделиться