O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akmal Saidovning Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
2015-02-18 | Siyosat
O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. Shunday tadbirlardan biri 17-fevral kuni Qibray tumanida bo'lib o'tdi. Unda Toshkent viloyati saylovchilari O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining raisi N.Abdullayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili T.Mansurov yig'ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o'z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so'zladi.
Nomzod saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, milliy o'zlikni anglash, milliy g'urur va qadr-qimmat tuyg'usini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Xususan, yoshlar ongini xalqimizga yot bo'lgan "ommaviy madaniyat"ning salbiy ta'siridan muhofaza qilish, ularni milliy tiklanish g'oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e'zozlash, kamol topib kelayotgan avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash dasturda yetakchi o'rin egallaganini alohida ta'kidladi. Shuningdek, nomzodning dasturida «O'zbekistonda ishlab chiqarilgan» tamg'asi ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga yo'naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish vazifalari belgilangan.
Uchrashuvda O'zbekiston "Qizil yarim oy" jamiyatining Toshkent viloyati bo'limi rahbari N.Qoraboyeva, Yangiyo'l tumanidagi 44-umumta'lim maktabi direktori N.Jo'raboyev va boshqalar nomzodning dasturi haqida o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.