O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘mir sanoati: samaradorlik va tejamkorlik sari
2017-01-21 | Iqtisodiyot
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab tobora oshib borar ekan, mavjud manbalardan oqilona foydalanish, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar sanoatni rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishning garovi bo‘lib qolmoqda.
Bu borada ko‘mir qazib olish sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar, nainki tabiiy resursdan tejab-tergab foydalanish, balki aholini qattiq yoqilg‘i bilan ta’minlash, atrof-muhit holatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston ko‘mirning yirik zaxiralariga boyligi jihatidan dunyodagi peshqadam mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Angren ko‘mir koni Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik konlardan biri sanaladi. Mamlakatimizda qazib olinayotgan qattiq yoqilg‘ining 85 foizi ana shu kon hissasiga to‘g‘ri keladi. Qazib olinayotgan ko‘mirni aholi va byudjet tashkilotlariga muntazam yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillar mamlakatimizda ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan talab tobora o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2010-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan davrda aholi va byudjet tashkilotlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji 2,5 barobardan ortib ketgan. Ana shu talabdan kelib chiqib, soha korxonalarida ko‘mirni qazib olish va iste’molchilarga yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Angren konida ko‘mir qazib chiqarishda zamonaviy aylanma oqim texnologiyasining amalga tatbiq etilgani sohada sarf-xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi.
Amalga oshirilgan bu kabi chora-tadbirlar samarasida ko‘mir qazib olish hajmining 3,3 million tonnadan 4 million tonnaga, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan qattiq yoqilg‘ining 2,5 million tonnadan 3,7 million tonnagacha o‘sishiga erishildi.
– Bundan tashqari, kon texnikasini yangilash, modernizatsiya qilish, ularni zarur ehtiyot qismlari bilan ta’minlash yuzasidan uchta loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Shuhrat Po‘latov. – Bu sa’y-harakatlar natijasida 2010-2016-yillar oralig‘ida kon ustini ochish ishlari birmuncha jadallashib, ko‘mir qazib olish 2010-yildan bugungi kunga qadar 2 million tonnagacha ko‘paydi.
Ijtimoiy soha obyektlari, aholi o‘rtasida ko‘mirga bo‘lgan talabning muttasil oshib borayotgani tizimdagi korxonalar zimmasiga yangi vazifalar yuklamoqda. Ana shu vazifalarni bajarish yuzasidan ko‘mir briketi ishlab chiqarish, aholi va ijtimoiy soha muassasalariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish masalalari tartibga solindi.
Bugungi kunda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil qilingan 14 hududiy distribyutorlik markazi hamda ularning 84 ko‘mir omboridan ko‘mir va ko‘mir briketlarini yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 30-dekabrdagi “Respublika aholisi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz aholisi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib beruvchi va taqsimlovchi tashkilotlar mas’uliyatini yanada oshirdi.
Mazkur qarorda ko‘mir mahsulotlari zaxiralari shakllantirilishi, ularning manzilli taqsimlanishi hamda aholi va byudjet tashkilotlariga uzluksiz yetkazib berilishida ishtirok etadigan muassasa va tashkilotlar mansabdor shaxslarining o‘z vazifalarini sifatli hamda o‘z vaqtida bajarishiga bo‘lgan majburiyatini oshirishga qaratilgan me’yorlar belgilangan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladigan, ko‘mir briketini ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalar bilan jihozlanadigan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati hududiy distribyutorlik markazlari filiallari ro‘yxati ishlab chiqildi. 84 ko‘mir omborini qurish va ularni turli quvvatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda 90 gektar yer maydoni ajratish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda barcha hududlarda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati unitar korxonalari shaklida hududiy distribyutorlik markazlari tashkil qilingan. Har bir markazda ko‘mir mahsulotini qabul qilish, sifatli saqlash va sotish bo‘yicha bir necha omborlar tashkil qilingan bo‘lib, zarur texnika va avtotarozilar bilan ta’minlangan. Har bir kassa to‘lov terminallariga ega.
Ko‘mir mahsulotini saqlash, uning sifati va yuklab jo‘natilishi mahsulotni iste’molchilarga yetkazib berish mexanizmining muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Hududiy distribyutorlik markazlari rahbarlari o‘z mas’uliyatini yaxshi anglaydi.
– Markazimiz omborlari Toshkent viloyatining barcha tumanlarida tashkil qilingan bo‘lib, ular pogruzchik, avtosamosval va avtotarozilar bilan jihozlangan, – deydi “Toshkent ko‘mir yetkazuvchi” unitar korxonasi ijrochi direktori Bekzod Toshmatov. – Viloyatimizda yettita briket qurilmasini o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu iste’molchilarga yiliga qo‘shimcha 45 ming tonna ko‘mir briketi yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Hujjatda qattiq yoqilg‘i narxini yanada pasaytirish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati, istisno tariqasida, "O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyatiga 2017-yil 1-martgacha aholi ehtiyojlari uchun ko‘mir mahsulotlarini tashishga amaldagi preyskurant stavkalarining 50 foizi miqdorida chegirma ko‘zda tutilgan. Natijada ko‘mirning chakana narxi aholi uchun 13 foizga pasayib, tonnasi 126 ming 400 so‘mni tashkil qiladi. Aholiga sotiladigan ko‘mir narxlariga rioya qilish va ushbu mahsulot narxining asossiz ravishda o‘sib ketishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi.
– 2016-yilning 1-aprelidan buyon bir tonna qattiq yoqilg‘ining narxi 146 ming 400 so‘m etib belgilangan edi, – deydi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Rustam Yusupov. – Qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bilan bu narx 126 ming 400 so‘mgacha pasaytirildi. Ko‘mir briketlari oldi-sotdisiga ham shunday talablar qo‘yilgan bo‘lib, uning bir tonnasi 238 ming so‘mni tashkil etadi.
Ko‘mir qazib olish jarayonida qariyb 30 foiz qattiq yoqilg‘i maydalanib ketishi oqibatida chiqitga chiqariladi. Yurtimizda ishlab chiqarish, xususan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi sanoat korxonalarini tashkil qilishning har tomonlama rag‘batlantirilishi samarasida mazkur xomashyoni qayta ishlab, yangi turdagi mahsulot – ko‘mir briketini ishlab chiqaruvchilar soni ortib borayotir.
– Fabrikamiz yiliga 60 ming tonna ko‘mir briketi ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Jun Long Industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Li Szya. – Korxonamizda eng zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Yuklangan har bir mahsulot partiyasi laboratoriya tomonidan sifat sinovidan o‘tkazilib, ularning natijalari asosida muvofiqlik sertifikati beriladi.
Ko‘mir briketining ixcham shaklga egaligi uni tashish, saqlash va foydalanishda qulaylik yaratadi. Qolaversa, oddiy ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘i manbalariga nisbatan uzoq yonishi, tarkibida zararli moddalarning kamligi, yonib bo‘lgandan keyin ham o‘zining birlamchi shaklini yo‘qotmasligi va boshqa afzalliklari ko‘mir briketining aholi o‘rtasida tobora ommalashishiga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining istiqboldagi rejalari ulkan. Jamoaning maqsadi iste’molchilarga sifatli ko‘mir mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirishdir. Ana shu maqsad yo‘lida hududlarda bunyod etiladigan omborlar uchun 45 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Muxtasar qilib aytganda, ko‘mir mahsulotlari ishlab chiqarilishini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, aholini sifatli qattiq yoqilg‘i mahsuloti bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.